Jahon | 14:06 / 20.10.2020
36809
3 daqiqa o‘qiladi

Eng yaxshi pensiya tizimiga ega davlatlar ma'lum qilindi. O‘zbekiston ro‘yxatga kiritilmadi

Foto: Getty Images

Pensiya ta'minoti bo‘yicha eng yaxshi tizim Niderlandiya va Daniya davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Mercer instituti ekspertlari tomonidan e'lon qilingan «Global Pensiya» indeksida ma'lumot berilgan.

Ekspertlar tuzgan reytingda dunyoning 39ta davlati bor. Mualliflarning ta'kidlashicha, bu yil koronavirus pandemiyasi inqirozi tufayli ushbu davlatlarning yarmidan ko‘pida pensiya tizimining baholari tushib ketgan.

Mualliflardan biri Devid Noksga kỹra, pandemiya fonidagi dunyo tanazzuli ko‘p davlatlarda pensiya to‘lovlari va investitsiyalardan tushadigan foydaning kamayishi hamda davlat qarzlarining ko‘payishiga olib keldi.

«Bu shuni bildiradiki, endi ba'zi insonlar yana bir necha yil uzoqroq ishlashiga to‘g‘ri keladi, boshqalari esa pensiyaga chiqqanidan so‘ng pastroq darajadagi hayot tarziga ko‘nikib yashashga majbur bo‘ladi. Biz yana o‘zimizga tayanishimiz kerak bo‘ladi», – deydi mutaxassis.

Reytingdagi eng yuqori «A» natijani faqatgina Niderlandiya va Daniya davlatlari olgan. «B» darajaga esa Isroil, Avstraliya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Singapur, Kanada, Yangi Zelandiya, Germaniya, Shvetsiya, Irlandiya hamda Chili davlatlari kiritilgan.

«C+» darajada Buyuk Britaniya, Belgiya, Honkong, AQSh, Malayziya va Fransiya davlatlari joy olgan. «C» toifada Kolumbiya, Ispaniya, Saudiya Arabistoni, Peru, Polsha, Braziliya, Janubiy Afrika, Avstriya, Italiya, Indoneziya va Janubiy Koreya mamlakatlarining pensiya tizimi joylashdi.

Ro‘yxatda eng quyi pog‘onadan Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Meksika, Filippin, Turkiya, Argentina va Tailand davlatlarining pensiya tizimi joy olgan. 

E'tiborli tomoni, iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlardan hisoblanadigan Yaponiya pensiya tizimi ham 32-o‘rinni egallab, yomon ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.

O‘zbekiston, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari va Rossiya ushbu ro‘yxatga kiritilmagan.

Mavzuga oid