12:05 / 13.08.2020
22736

AQSh-Xitoy raqobati: kosmosdagi kurashda kim g‘olib bo‘ladi?

Kosmos sovuq urush davrida strategik maydonga aylandi. Bu davrda AQSh va Sovet ittifoqi o‘rtasida razvedka sun'iy yo‘ldoshlarini uchirish, qit'alararo raketa tizimlarini rivojlantirish, kosmik kemalar orqali sayohat qilish, Yerning tabiiy yo‘ldoshi Oyga qo‘nish, yangi sayyoralarni o‘rganish va fazoda kosmik stansiya qurish kabi bir qator masalalarda raqobat vujudga keldi. Musobaqaga asoslangan raqobatning asosi esa fan va texnologiya sohasida global miqyosda peshqadam mamlakatga aylanishdan iborat edi. Bu ayni paytda, ikki mamlakat o‘rtasidagi yadro quroli poygasining ham bir qismi bo‘lib, unga qurol poygasi sifatida qaralishi mumkin.

AQSh va Xitoy kurashda, Rossiya esa muvozanatli pozitsiyada
Kosmik poygalar sovetlar ittifoqi tomonidan 1957 yilda insoniyatning birinchi sun'iy yo‘ldoshi – «Sputnik-1» ishga tushirilganidan so‘ng boshlangandi. AQSh 1969 yilda birinchi marta Oyga qadam qo‘ygan amerikalik kosmonavt Nil Armstrong bilan yetakchilikni qo‘lga oldi. Sovet ittifoqining iqtisodiy parchalanishi va sovuq urushda mag‘lub bo‘lishi tufayli fazoviy dasturlar keyinga qoldirildi. Shu tariqa, bu musobaqa yakunlandi. Shundan buyon ushbu ikki mamlakat kosmik imkoniyatlar nuqtayi nazaridan xalqaro maydonda «kosmik kuchlar» sifatida ta'riflanib kelinadi. 

Sovuq urushdan so‘ng, qisqa vaqt ichida xuddi shunday faoliyatlarni amalga oshirgan Xitoy Xalq Respublikasi 2003 yilda birinchi marta inson boshqaruvidagi kosmik sayohatni amalga oshirib, AQSh va Rossiya kabi kosmik kuch maqomiga erishdi. Boshqa mamlakatlar bilan teng mavqega ega bo‘lib olgan Xitoy obro‘-e'tibor qozondi.

Fazoviy poyga endilikda Xitoy va AQSh o‘rtasida kechmoqda, Rossiya esa ushbu sohada ikki mamlakat bilan muvozanatli pozitsiyani egallagan. Ushbu yangi poyganing maqsadi esa eski kosmik poyganiki bilan bir xil. Boshqacha qilib aytganda, Xitoy ilm-fan va texnologiya sohasida yetakchi bo‘lgan AQShga muqobil kuch sifatida yangi dunyo tartibini barpo etishni va ushbu tartibning yagona hukmdori bo‘lishni maqsad qilmoqda. Harbiy kosmik texnologiyada ustun mavqega ega bo‘lgan bu mamlakat ayni paytda dunyo miqyosida kechadigan urushlarda ham harbiy ustunlikka ega bo‘lmoqda. Xitoyning fazoda faol kuchga aylanishi uning bu borada Osiyo mintaqasidagi Yaponiya, Hindiston kabi mamlakatlar bilan raqobatga kirishganini ham anglatadi.

Xitoyning fazoviy maqsadi va faoliyati haqida nimalar ma'lum?
Aytish joizki, Xitoyning kosmik kuch maqomiga erishishiga uning harbiy mudofaaga bo‘lgan ehtiyoji katta turtki berdi. 1950-yillardagi Koreya urushi davrida Amerika hukumatining yadroviy raketa uchirish xavfi qarshisida qolgani bois, Xitoy ballistik raketa dasturi, shuningdek, ushbu dastur doirasida sun'iy yo‘ldoshni rivojlantirish bo‘yicha kosmik tadqiqotlarni boshlab yubordi. AQSh tahdidiga sovet ittifoqi bilan 1960 yilda boshlangan ziddiyat ham qo‘shilgach, sovuq urush davridagi yadroviy qurol poygasi kontekstida Xitoy xalqaro tizimdagi tarixiy harbiy zaifligini boshdan kechirmaslik uchun kosmik faoliyatni milliy mudofaaning zarurati sifatida ko‘ra boshladi.

Xitoyning ochiq eshiklar iqtisodiyoti va rejali rivojlanish siyosati natijasida dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiy kuchi sifatida maydonga chiqishi kuchlar muvozanatidagi katta o‘zgarishlar yasadi. Shu tufayli ko‘plab mutaxassislar kelajakda ushbu ikki mamlakat o‘rtasida urush bo‘lishi ehtimolini muhokama qila boshladilar. Shu nuqtayi nazardan, AQShni yana bir tahdid sifatida qabul qilgan Xitoy ushbu urushda g‘alaba qozonish uchun harbiy jihatdan zaif bo‘lgan hududlarni kuchaytirish orqali oradagi masofani yopishga harakat qilmoqda. Xitoy hukumati kosmosdagi o‘z mudofaasini kiber qobiliyat, kosmik yo‘ldoshlar, elektromagnit qurollar va lazer qurollariga asoslangan integratsiyalashgan tuzilmada rejalashtirmoqda.

2015 yilda Xitoy armiyasi tarkibida Xalq ozodlik armiyasini qo‘llab-quvvatlash kuchlari deb nomlangan bo‘linma tuzildi. Mazkur bo‘linma kosmos, kiberfazo va elektron urush sohalariga ixtisoslashgan. Kosmosdagi harbiy urush strategiyasi esa dushman mamlakatning harbiy yo‘ldoshlarini o‘chirib, uni urush muhitida «ko‘r va kar» qilib qo‘yuvchi yo‘ldoshga qarshi qurol (ASAT) tizimlaridan foydalanishga asoslangan. O‘zining meteorologik sun'iy yo‘ldoshini 2007 yilda quruqlikdan yuborilgan ballistik raketa bilan urib tushirgan Xitoy bu safar xuddi shu operatsiyani 2013 yilda raketa yordamida amalga oshirdi. 2015 yilda u sun'iy yo‘ldosh signallarini buzuvchi va yo‘q qiluvchi Dong Nang-3 nomli atmosferaga tegishli bo‘lmagan vositani sinovdan o‘tkazdi va shu orqali AQShning harbiy operatsiyalar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kosmik tizimlarini yo‘q qila olish darajasiga yetganini ko‘rsatib qo‘ydi. 2013 yilda Xitoy past orbitaga yuborgan SY-7 nomli kichik kosmik kuzatuv vositasi ham qurol sifatida baholandi.

Oy nima uchun muhim?
Milliy mudofaa, ehtiyotkorlik va harbiy g‘alaba strategiyasidagi yana bir muhim masala dunyo ustidan hukmronlik qilish uchun fazoviy geopolitikadan foydalangan holda kosmosdagi strategik hududlarni boshqarishdir. Bu hudud esa Oy va uning orbitasidir. Hozirgi vaqtda Oy orbitasining 60 darajadagi oldingi va keyingi qismidagi Lagrange nuqtalarida Xitoyning L2’da Queqia aloqa sun'iy yo‘ldoshi joylashgan va u mamlakat aloqasini uzluksiz amalga oshirmoqda.

Oy dasturlari doirasida 2019 yil yanvar oyida Chang'e-4 kosmik kemasi tarixda birinchi marta oyning qorong‘i tomoniga qo‘ndi va «Yutu-2» nomli qurilma bilan tadqiqotlar olib bora boshladi. Oyning bu qismiga Yerdan elektromagnit to‘lqinlar yetib kelmagani uchun unga elektromagnit tadqiqotlarga mos maydon sifatida qaraladi. Bundan tashqari, Oyning yuzasi kosmik ma'danchilik nuqtayi nazaridan ham juda boy. Xitoyning fazoviy maqsadi Oydagi geliy 3, titan, platina, temir, nikel va oltin kabi minerallarni o‘z iqtisodiyoti uchun qo‘llashdan iborat. Ushbu qazilmalardan biri – geliy 3 yadroviy energiyani radioaktiv chiqindilarsiz ishlab chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, ushbu ma'danlar yordamida Oyda baza tashkil etilganda yadro qurolini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan boshqa xomashyo manbalarini ham Oydan osonlikcha topish mumkin.

Sovuq urush davrida Oyga mamlakat bayrog‘ini o‘rnatish harakatlari kuchaydi. Oy Xitoyning kosmik tadqiqotlarida juda muhim ahamiyatga ega. Zotan, ushbu davlat tashabbusi bilan boshlagan Oyni tadqiq etish dasturlari AQShning 2024 yilda yana Oyga qaytilishiga doir qarorining qabul qilinishi sabab bo‘ldi va Oyda baza qurish rejalarini faollashtirib yubordi. Ayniqsa, «birinchi borgan birinchi foydalanish haqqiga ega bo‘ladi» tamoyiliga asoslangan holda, Xitoyning o‘zi qo‘ngan hududlarga nom berib, u yerni o‘z nazorati ostiga olishi AQSh manfaatlari nuqtayi nazaridan jiddiy tahdid deb baholanmoqda. Nil Armstrong 1969 yil 20 iyulda Oyga birinchi marta qadam qo‘ygan ilk inson sifatida Apollo dasturida ish olib borgandi. Yangi Amerika oy loyihasi esa «Artemis 1-2-3» nomi ostida rejalashtirildi va yangi avlod «Space Launch System» raketasi 2021 yilda kosmonavtlar hamrohligida sinovdan o‘tkaziladi. NASA oy orbitasiga chiqishni rejalashtirayotgan «Lunar Gateway» kosmik stansiyasi AQShning Oy loyihasiga kiritilgan. Qolaversa, 2022 yilda suv qidirish uchun Oy yuzasiga VIPER tadqiqot mashinasini yuborish orqali oy bazasini qurish ishlarini jadallashtirish rejalashtirilmoqda. Ta'kidlash joizki, Xitoyning Oy bilan bog‘liq tadqiqotlariga yetishib olish AQSh uchun milliy xavfsizlik masalasi hisoblanadi.

Marsga kimlar ko‘z tikmoqda?
Oy bilan bog‘liq yana bir masala shundaki, Oy – Marsga borish uchun strategik punkt va ta'minot maydonidir. Mars ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi raqobat yo‘nalishlaridan biridir. AQSh 1976 yilda Viking-1 va Viking-2 kosmik kemalari yordamida Marsga qo‘ngan ilk mamlakatga aylandi. U 1997 yilda Marsga Pathfinder tadqiqot mashinasini, 2004 yilda Spirit ve Opportunity’ni, 2008 yilda Phoenix’ni, 2012 yilda Curiosity’ni, 2018 yilda esa Insight’ni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Qo‘llanish muddati eskirgan vositalarning o‘rniga esa yangisini ishlab chiqdi va oxirgi marta NASA’ning «Mars 2020» missiyasi doirasida Persversance boshqaruvchi roboti va Ingenuity vertolyotini o‘z ichiga olgan kosmik kemani 2020 yil 30 iyulda fazoga muvaffaqiyatli uchirdi. Qizig‘i shundaki, ushbu parvozdan oldin, ya'ni 23 iyul kuni Xitoyning Tianwen-1 («osmonda haqiqatni qidirish» degan ma'noni anglatadi) nomli kosmik kemasi Xitoy Milliy kosmik agentligi (CNSA) tomonidan Marsga yuborildi. Ya'ni AQSh va Xitoy iyul oyida Mars va Yer orbitalari orasidagi qulay pozitsiyadan unumli foydalanishdi. Hech qanday nuqsonlar kuzatilmasa, jo‘natilgan vositalar 2021 yil fevral oyida Marsdagi suv resurslari va qadimiy hayot izlarini o‘rganish orqali 2030 yilda insonni Marsga olib chiquvchi safar tayyorgarliklarini yakunlab beradi.

Mars masalasida «ilk»lar bilan nom chiqargan AQSh tomonidan uchirilgan kosmik kema va Yer atmosferasidan tashqarida ilk marta Marsda sinab ko‘riladigan vertolyot muvaffaqiyatli bo‘lsa, yangi sayyora bilan bog‘liq kashfiyotlarga tezroq erishish mumkin bo‘ladi. Uchirilgan ushbu kosmik kema esa to‘plangan namunalarni Yerga yetkazib beradigan qilib yaratilgan.

Shuningdek, 2008 yilda Hindiston NASA ko‘magi bilan Oyning janubiy qutbiga Chandrayaan-1’ni urib olgan va 2014 yil sentabr oyida Mars Orbiter Mission transport vositasini qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lgandi. Xitoyning 2020 yilda ko‘rsatgan Mars tashabbusi boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda ancha kechday ko‘rinadi. Shu bilan birga, Rossiya Mars bo‘yicha loyihalarni yaqin yillarda Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Xitoy 2030 yilga borib, AQSh kabi Marsdan namunalar keltirishni rejalashtirmoqda.

AQSh va Xitoy: manfaatlar to‘qnashuvi qanday ko‘rinish olmoqda?
Xitoy fazoga nafaqat milliy xavfsizlik va mudofaa ehtiyoji sifatida qaramoqda, balki undan fuqaro maqsadlari, qolaversa, iqtisodiy resurs sifatida ham foydalanishni ko‘zlamoqda. Shu bilan birga, kosmik sanoat doirasida texnologiyalarni rivojlantirish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilmoqda. Xitoyning iSpace, Onespace, Tencent, Landspace kabi kosmik kompaniyalari tijoriy kosmik faoliyatni tashkil etish uchun orbitaga parvozlarni amalga oshirmoqda. BeiDou sun'iy yo‘ldoshni aniqlash tizimi (GPS) esa «Bir avlod, bitta yo‘l» loyihasining raqamli tayanchi sifatida o‘rnatildi. Shu tariqa, Xitoy yangi Ipak yo‘li yo‘nalishdagi mamlakatlarning GPS ehtiyojlarini qondirsa-da, AQSh ushbu sohada taklif etiladigan xizmatda raqobatchi sanaladi. Xitoyning texnologik kompaniyalarini (Huawei, Tik Tok) o‘zining milliy xavfsizligiga tahdid deb biladigan AQSh Xitoyning ushbu kompaniyalar orqali butun dunyo bo‘ylab tarqalishining oldini olishga harakat qilmoqda; kosmosda esa u kosmik kuchlar qo‘mondonligi va global joylashishni aniqlash tizimi (GPS) yo‘ldoshlarini kafolat ostiga olmoqda. Shu nuqtayi nazardan, sun'iy yo‘ldoshlarni uchirish, ularning orbitadagi pozitsiyasini nazorat qilish va boshqarish ham ushbu qo‘mondonlikning nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Fazoning Xitoy iqtisodiyotiga qo‘shadigan yana bir hissasi esa kosmosdan energiya olish bilan bog‘liqdir. Ushbu sohada chet elga qaram davlat sifatida Xitoy dunyodagi dengiz hududlarining energiya tashish punktlarida o‘z ustunligini saqlab qola olmadi. Muhim energiya uzatish punktlari esa AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan nazorat qiladi. Qolaversa, bu hududlarni urush paytida yopilish xavfi, kosmik energiya manbalarining ahamiyatini oshirmoqda. Boshqa sayyoralar, sayyora yo‘ldoshlari va asteroid konlaridan tashqari, 2050 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan fazoviy quyosh loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Ushbu doirada, quyosh energiyasining bulutsiz muhitda dunyoga uzluksiz kelishi ta'minlanadi va Xitoyning energiyaga bo‘lgan ehtiyojining katta qismi qondiriladi.

Xitoyning «kosmik ambitsiyalar»i nimalardan iborat?
Besh yillik strategik davrlarga bo‘lib, 2000, 2006, 2011 va 2016 yillarga mo‘ljallangan Xitoyning barcha kosmik faoliyatlari Xitoy fazoviy oq kitoblari seriyasi orqali dunyo jamoatchiligiga oshkora e'lon qilingandi. Biroq Marsga qilingan so‘nggi ekspeditsiya haqida batafsil ma'lumot hozircha ma'lum qilinmadi. Xitoyning strategik madaniyati nuqtayi nazaridan, muayyan davlat kosmosda o‘ziga xos siyosiy ta'sirga ega bo‘lishi uchun u odamlarni kosmosga olib chiqadigan texnologik imkoniyatlarga va infratuzilmaga ega bo‘lishi, fazoda uzluksiz mavjud bo‘la olishi, oy orbitasida sayohat qila olishi, sun'iy yo‘ldoshga qarshi qurol tizimlari bilan mavjud kosmik obektlarni yo‘q qila olishi va insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishi lozim. Ushbu istiqbolga muvofiq, Shenzhou seriyali kosmik kemasi bilan boshqariladigan uchuvchisiz kosmik sayohatlar, Chang seriyali vositalarida oyni tadqiq qilish dasturlari va Long Mart seriyali raketalari yordamida yangi sayyora tadqiqotlarini amalga oshirish va hamon davom etayotgan Tiangong kosmik stansiyasi loyihasini 2022 yilda yakunlash kutilmoqda.

2011 yilda AQSh Kongressida qabul qilingan texnologik axborot o‘g‘irlanishi sababli Xalqaro kosmik stansiya faoliyatida qatnashishining taqiqlanishi Xitoy uchun katta harakatlantiruvchi kuch bo‘ldi. Ya'ni Xitoy o‘z mablag‘lari bilan vaqtinchalik va doimiy kosmik stansiyalarni qura boshladi. Xalqaro kosmik stansiyaning tashqarisida qolgan Xitoy 2024 yilda o‘zining doimiy kosmik stansiyasi va ekipaji bilan fazoda bo‘lishni davom ettiradi. Shu bilan birga, ushbu stansiyada 27 mamlakat bilan qilingan shartnomalar doirasida astronomiya, kosmik tibbiyot, kosmik hayot, biotexnologiya, yerning tortishish kuchi bo‘lmagan muhit tadqiqotlari amalga oshiriladi. Ammo AQSh bu poygada Xitoyni yolg‘iz qoldirmoqchi emas.

G‘arb tomonidan Xitoyning «kosmik ambitsiyalar»i deb ta'riflangan ushbu harakatlarning pirovard maqsadi kosmos sohasidagi yagona yetakchi mamlakat bo‘lish, iqtisodiy va harbiy qudratga erishish va uni saqlab qolishdir. Tinchlik va BMTning kosmik qoidalariga muvofiq harakatlanish tamoyilini qabul qilgan Xitoy yangi me'yor va qoidalarni yaratishda kashshof bo‘lishni xohlaydi. Rossiya, Ukraina, Yevropa Ittifoqi, Pokiston, Chili va Argentina kabi ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik qiladigan Xitoy 2008 yilda Pekinda joylashgan Osiyo-Tinch okeani fazoviy hamkorlik tashkilotiga (APSCO) ustuvor ahamiyat berdi. A'zolar qatoridan Bangladesh, Eron, Peru, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tailand va Turkiya kabi davlatlar joy olgan ushbu kosmik hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlarning kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishlari bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirishga imkon beradi. Ular o‘rtasida o‘rnatilgan tarmoq orqali ma'lumot almashish, ko‘p maqsadli sun'iy yo‘ldoshlardan ma'lumotlarni yuborish, yer yuzasi tasviri ma'lumotlarini taqdim etish, sun'iy yo‘ldosh orqali tabiiy ofatlar to‘g‘risida oldindan xabar berish, (shifokorlar, rentgenologlar, bemorlar va shifoxonalarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan) tele-tibbiyot tizimi ma'lumotlarini almashish amalga oshiriladi.

AQSh-Xitoy o‘rtasidagi kosmik poyga qanday xalqaro ta'sirga ega?
Global yetakchilik uchun kurashda bir-biriga qarshi turgan Xitoy va AQSh kosmik dasturlar bilan o‘zaro musobaqani yanada jadallashtirmoqda. Bu esa AQShga kosmik dasturlarini qayta boshlash va bu bilan bog‘liq budjetlarni oshirish imkoniyatini yaratdi. Davlat va xususiy sektor ishtirokida davom etayotgan ushbu poygada ham yangi urush xavfi mavjud. Ayniqsa, Janubiy Xitoy dengizi va Sharqiy Xitoy dengizi ustidan suverenitet da'volarini ilgari surayotgan Xitoy tabiiy zaxiralarga nisbatan milliy munosabatni kosmosdagi ma'danlarga nisbatan ham qo‘llasa, bunga AQSh Oy yuzasidagi harbiy kuch bilan javob qaytarishi mumkin. Bu prognoz 2015 yilda AQShda qabul qilingan «Fazo manbalarini tadqiq qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga asoslanadi. Fazoviy faoliyatni shu tarzda rasmiylashtirgan AQSh butun insoniyatning umumiy mulki hisoblangan kosmosda ushbu resurslar uchun harbiy kuchdan foydalanishi mumkin. 

Xitoy AQShning kosmosdagi harbiy imkoniyatlariga xavfsizlik muammolarini tug‘dirayotgani sababli AQSh 2018 yilda kosmosdagi mavqeyini saqlab qolish, Oyda harbiy bazani tashkil qilish va Oyga qurol joylashtirish rejalarini tuzish ustida ish olib bordi. 

Bugungi kunda AQSh razvedkaga asoslangan harbiy sun'iy yo‘ldosh tizimlari, kinetik qurollar, qit'alararo ballistik raketalar, sun'iy yo‘ldoshga qarshi qurol tizimlari bilan qurollanish barobarida Oyda harbiy baza qurishni rejalashtirmoqda. Ko‘plab masalalarda bo‘lgani kabi, 1967 yildagi mavjud tashqi fazoviy bitim doirasidagi xalqaro qoidalardan o‘zini ozod qilgan AQShning yondashuvi xavfsizlikni ta'minlovchi normalarning yo‘q qilinishiga va beqarorligiga olib keladi. Kosmosni global boshqarishda o‘z milliy manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan AQSh va Xitoyning yondashuvi butun insoniyatning umumiy mulki bo‘lgan kosmik maydonga xavf solmoqda.

Kosmos siyosati AQSh va Xitoy imijiga qanday ta'sir qilmoqda?
Urush ehtimoli kosmik poyganing eng salbiy natijasi sifatida namoyon bo‘lsa-da, ushbu raqobat ikkala mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga imij nuqtayi nazaridan yordam bermoqda. Masalan, AQShda Space X’ning muvaffaqiyatli uchirilishi afro-amerikaliklarning norozilik namoyishlari davom etar ekan, «Kuchli Amerika» imijiga yordam berdi. Xuddi shunday, Uhan shahrida paydo bo‘lgan va qisqa vaqt ichida dunyoda ko‘plab o‘lim va iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan yangi turdagi koronavirus – Covid-19 pandemiyasi davrida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun tanqid qilingan, Hongkong, Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududi va Tibet mintaqalaridagi davlat siyosati bilan kun tartibiga chiqqan Xitoy uchun kosmik dasturlarni doimiy ravishda amalga oshirish mamlakat imijini yaxshilashga yordam bermoqda.

Xulosa
Butun e'tiborini Oyga, so‘ngra esa Marsga qaratgan Xitoy ham butun dunyoda harbiy ustunlikni o‘rnatish va iqtisodiy boyligini saqlab qolish uchun harakat qilmoqda. AQSh kosmosdagi o‘z hukmronligini saqlab qolish va boshqa davlatlarning kosmosdagi faoliyatiga qarshi tayyorgarlik ko‘rish maqsadida kuch namoyishini davom ettirmoqda. AQSh shu tariqa kosmosni yangi jang maydoni sifatida qabul qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ammo Oy yuzasiga joylashtirilishi mumkin bo‘lgan yadroviy raketalar va harbiy bazalar insoniyatning halokatiga sabab bo‘lishi mumkin. Ya'ni Xitoy va AQSh o‘rtasidagi kosmik poyga harbiy nuqtayi nazardan qaralganda, Yerdagi muvozanatlarga ham, kosmosning kelajagiga ham tahdid soladi.

Otabek Tillayev tayyorladi

Top