Jahon | 22:29 / 08.09.2023
37806
18 daqiqa o‘qiladi

XX asrdagi eng shov-shuvli voqea: amerikaliklarning Oyga uchgani yolg‘onmi?

1969 yilda AQSh o‘z astronavtlari Oyga qo‘ngani haqida xabarlar tarqatadi. O‘sha paytda bu juda katta voqelik edi. Amerikaliklarning Oyga qadami yetgani xalqaro tashkilotlar tomonidan rasman tan olingan bo‘lsa-da, keyinchalik bu ish shubha ostiga olinadi. Unga ko‘ra astronavtlar Oyga qo‘nmagan. Ular tasvirlangan suratlar qaysidir cho‘lda tushirilgan.

Foto: stock.adobe.com

1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSR va AQSh tomonidan fazoni zabt etish uchun poyga boshlanadi. Har ikki davlat tomonidan avvaliga turli hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlar koinotga chiqariladi. Keyin esa kosmik kemalar yasalib, ularda tirik jon uchiriladi.

SSSRda ilk parvoz itlar bilan o‘tkazilganda, AQShda maymun uchirishadi. 1961 yilda Gagarin fazoga parvoz qilgach, amerikaliklar ham odam uchirishga muvaffaq bo‘lishadi.

SSSR va AQSh o‘rtasida kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha raqobat davom etar ekan, har ikki davlat Oyni ham o‘zlashtirish harakatlarini boshlashadi.

Bu raqobatda avvaliga sovetlar ustunlik qilishgan. Ularning kosmik apparati bir necha marta Oy sirtiga qo‘ngan va oz miqdorda bo‘lsa ham undagi jismdan namuna olib tushgan.

Biroq keyinroq amerikaliklar Oyga odam uchirishgan va sovetlardan o‘zib ketishgan. O‘shanda astronavtlar Oy sirtiga tushishgan va undagi jinsdan namunalar olishgan.

Keyinchalik amerikalik astronavtlarning Oyga qo‘nganiga va uning sirtiga tushganiga «raqobatchi davlat» SSSR (keyinchalik Rossiya) mutaxassislari turli shubhalar bildirishadi.

Ularda aytilishicha, NASAning kosmik apparatlari Oyga yetgan, uning sirtiga ham qo‘ngan. Biroq amerikaliklar astronavtlar Oyga qo‘nmagan va uning sirtiga tushmagan. Amerikaliklar Oy sirtida bo‘lgani tasvirlangan kadrlar qaysidir cho‘lda olingan.

Sovet va Rossiya mutaxassislarining bu shubhalari amerikaliklar tomonidan rad etilgan. Biroq kosmosni tatbiq etuvchi xalqaro tashkilotlar, shu jumladan sovet ittifoqi ham amerikaliklarning oyda bo‘lganini tan olishgan.

Gap turli shubhalar haqida ketar ekan, hatto Gagarin parvoziga ham shubha bildiradiganlar bor. Biroq uning parvozi ham rasmiy ravishda xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan.

Foto: stock.adobe.com

Sovetlarning Oyni o‘zlashtirish uchun olib borgan tadqiqotlari

Sovetlar umumiy hisobda Oyga 30dan oshiq kosmik apparatlar uchirishgan. Ulardan bir qanchasi Oy sirtiga qo‘nib u yerdan fototasvirlar olgan. Boshqalari Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida uchishgan. Ba’zilari esa parvoz vaqtida «avariya» bo‘lishgan.

Jumladan, 1970 yil 12 sentabr kuni «Luna-16» fazoga chiqariladi va 20 sentabr kuni Oy sirtiga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi. 24 sentabr kuni u Yerga qo‘nadi. «Luna-16» Oyga uchirilgan avtomat tarzda ishlaydigan birinchi apparat edi.

1970 yil 17 noyabr kuni «Luna-17» uchiriladi. Ikkinchi apparat Oyga muvaffaqiyatli qo‘nadi. U qariyb bir yil davomida Oy sathida jami 10 540 metrni bosib o‘tadi va turli tadqiqotlarni olib boradi.

«Luna-17» bilan 1971 yil 14 sentabr kuni aloqa uzilgan. Keyinchalik, Oyning suratlarini olgan boshqa apparatlarda Oy sathida to‘xtab qolgan «Luna-17» ham ko‘ringan.

1972 yil 14 fevral kuni «Luna-20» uchirilgan va 21 fevral kuni u Oy sirtiga qo‘ngan. 1972 yil 25 fevral kuni Oy sirtidan olingan 55 gramm (!) jinsni Yerga olib tushgan.

1973 yilda «Luna-21» Oyga muvaffaqiyatli uchiriladi. Ushbu apparat Oy sirtiga 1973 yil 15 yanvar kuni qo‘nadi va qariyb besh oydan so‘ng 4 iyun kuni o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

1976 yil 9 avgust kuni sovetlar Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan «Luna-24»ni uchirishadi. 18 avgust kuni u Oy sathiga qo‘nadi. To‘rt kun davomida Oy sirtidan namuna olgan «Luna-24» 22 avgust kuni qaytib tushadi. U olib kelgan namunaning og‘irligi 170 gramm (!) edi.

«Luna-14» 
Foto: osterreich.site

«Luna-24» XX asrda Oy sirtida ishlagan so‘nggi apparat hisoblanadi. Undan keyin bironta davlat Oyga kosmik apparat uchirmagan. Faqat oradan qirq yil o‘tgach, 2013 yil 14 dekabr kuni xitoyliklar Oyga kosmik apparat uchirishdi.

Sovetlar yasab chiqqan yana bir apparat 1977 yilda uchirilishi va Oy sirtiga qo‘nishi kerak edi. Biroq «Luna-25» deb nomlangan apparat uchirilmasdan qolib ketadi.

Umuman olganda sovetlar Oy sathini o‘rganish uchun ko‘plab apparatlar uchirishgan. Biroq ularning aksariyati manzilga yetib bormagan. Ba’zilar Oy sirtiga yaqinlashganda, boshqalari esa parvoz vaqtida yoki fazoga chiqqanda ishdan chiqqan.

Agar sovetlarning Oyni tadqiq etish tarixiga qaralsa, «Luna-15»gacha yasalgan barcha apparatlar Oy sirtiga yaqinlasha olmagan. Ular faqat Oy atrofida uchib, uning sirtini suratga olgan xolos.

Keyinchalik esa, «Luna-19», «Luna-22», «Luna-23» kabilar ham oyga yetib borolmagan. «Luna-18» Oyga qo‘nishda qulab tushib, ishdan chiqqan.

SSSR kosmonavtlari nega Oyga yetib bormagan? Bunga asosiy sabab AQSh texnologiyalaridan farqli ravishda sovet texnologiyalari mukammal bo‘lmagan.

Sovetlar tayyorlagan kosmik kemalarning imkoniyati past bo‘lgan va ular odam olib uchayotgan yirik o‘lchamdagi apparatni Oygacha olib bora olmasdi. Sovet kosmik kemalarining imkoniyati past bo‘lganini muvaffaqiyatsiz kechgan parvozlar yoki halokatlar sonidan ham bilib olsa bo‘ladi.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi. Sovetlar barcha kosmik qurilmalarni shu joydan uchirishgan.
Foto: www.liveinternet.ru

Amerikaliklarning Oyni tadbiq etishga bo‘lgan urinishlari

Amerikaliklar sovetlardan farqli ravishda Oyga «kunora» raketa uchirishmaydi, boshdanoq Yerning tabiiy yo‘ldoshiga odam uchirishni rejalashtirishadi.

Bu haqda ilk bor 1961 yilda prezident Jon Kennedi gapirgan edi. O‘shanda u 1970 yilga borib amerikalik astronavtlar Oyga qo‘nishini aytgandi.

Amerikaliklar avvaliga Oyga kosmik apparatlarni yuborishadi va uning sirtini o‘rganishadi. So‘ng 1969 yilda Oyga odam uchirishadi. O‘sha yili 20 iyul kuni «Apollon-11» kosmik kemasi Oyga qo‘nadi va astronavtlar Nil Armstrong hamda Edvin Oldrin uning sirtiga tushishadi.

1969 yil 19 noyabr kuni amerikaliklarning «Apollon-12» kosmik kemasi ikkinchi marta Oyga qo‘nadi. Bu safar astronavtlar uning sirtiga chiqishmaydi.

1971 yil 5 fevral kuni ichida amerikalik astronavtlar bo‘lgan «Apollon-14» kosmik kemasi yana Oyga qo‘nadi.

1971 yil 30 iyul kuni «Apollon-15» Oy sirtiga qo‘nadi. Amerikalik astronavtlar bu safar Oy sirtini tadqiq etish uchun maxsus elektromobildan foydalanishadi.

1972 yil 21 aprel kuni «Apollon-16» Oyga qo‘nadi. Bu safar ham astronavtlar uning sirtiga tushishmaydi.

1972 yil 11 dekabr kuni ichida odam bo‘lgan kosmik kema so‘nggi marta Oyga qo‘ngan. O‘shandan buyon hech bir davlat tomonidan Yerning tabiiy yo‘ldoshiga ichida odam bo‘lgan kosmik kema uchirilmadi.

AQShning Florida shtatidagi Kanaveral kosmodromi. Amerikaliklar kosmik qurilmalarni shu joydan uchirishgan.
Foto: www.disboards.com

Amerikaliklarning Oyga qadam qo‘yishi

1960-yillarda SSSR va AQSh o‘rtasida kosmik poyga davom etar ekan, amerikaliklarning 1969 yilda Oyga odam uchirishi misli ko‘rilmagan juda katta voqea edi.

1969 yil 16 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat Florida shtatida joylashgan Kennedi nomidagi kosmik markaz aerodromidan ichida Nil Armstrong, Maykl Kollinz va Edvin Oldrin bo‘lgan Apollon-11 kosmik kemasi fazoga parvoz qiladi. Mazkur parvoz ularning uchalasi uchun ham ikkinchisi edi.

Parvozni kuzatish uchun kosmik markazga AQShning 36-prezidenti Lindon Jonson, vitse-prezident Spiro Agnyu, olis masofaga uchuvchi raketalarning birinchi ixtirochisi germaniyalik German Obert va boshqa nufuzli shaxslar qatnashadi.

Kosmik markazdagi maxsus tribunaga AQSh va dunyoning boshqa davlatlaridan kelgan 3497 nafar OAV vakillari joylashadi. Parvoz jarayoni dunyoning oltita qit’asidagi 33 ta mamlakat televideniyesi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi.

«Apollon-11» kosmik kemasida parvoz qilgan astronavtlar Nil Armstrong, Maykl Kollinz va Edvin Oldrin.
Foto: stock.adobe.com

Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng AQSh prezidenti astronavtlarning Oyga qo‘nishi rejalashtirilgan kun 21 iyulni barcha uchun dam olish kuni deb e’lon qiladi.

Parvozdan 11 minut o‘tib, «Apollon-11» Yer sathidan 190 kilometr balandlikka chiqadi. Shundan so‘ng kosmik kema ikkinchi kosmik tezlikda (sekundiga 11 kilometr) Oy tomon uchib ketadi. Ko‘p o‘tmay uchinchi kosmik tezlikka (sekundiga 17 kilometr) o‘tiladi.

Bir sutkadan sal oshiqroq vaqtda (25 soatda) Apollon Oygacha bo‘lgan masofaning yarmini, 193 256 kilometr masofani uchib o‘tadi. 21 iyul kuni ular Oyga yetib borib, uning sirtiga muvaffaqiyatli qo‘nishadi.

«Apollon-11»ning Oyga parvozi oson kechmagan. Kosmik kema parvoz davomida belgilangan trayektoriyadan chiqib ketgan, undagi yonilg‘i tugab, kompyuter tizimida muammo paydo bo‘lgan.

AQSh prezidenti Richard Nikson «Apollon-11» muammolarga duch kelganda astronavtlarning ortga qayta olmasligi mumkin deb so‘zlaydigan nutqini tayyorlatib qo‘yadi. Biroq parvoz muvaffaqiyatli kechadi.

Amerikaliklar Oyga qanday qo‘ngan? «Apollon-11» Oyga qo‘nmagan. U asosiy va Oyga qo‘nishi lozim bo‘lgan ikkita moduldan iborat bo‘lgan.

Asosiy modul orbitada, Oy sirtiga yaqin joyda qolgan. Undan ajralib chiqqan ikkinchi modul Oy sirtiga qo‘ngan.

1969 yil 20 iyul kuni Nil Armstrong va Edvin Oldrin ikkinchi modul bilan Oy sathiga tushishga qaror qilishadi. Maykl Kollinz asosiy modul bilan orbitada qoladi.

Yerning tabiiy yo‘ldoshiga birinchi bo‘lib Nil Armstrong oyoq qo‘yadi. O‘sha paytda Nil «Bu bir odam uchun kichik qadam bo‘lishi mumkin, biroq bu insoniyatning kelajak tomon ulkan sakrashidir», deydi. Keyinchalik uning bu gaplari juda mashhur bo‘lib ketadi.

«U o‘zgacha maftunkor edi. Oyning manzarasi AQShdagi sahrolarga ham o‘xshab ketadi. Biroq u yerda manzara boshqacha va yoqimli», degan edi Armstrong Yerga qaytib tushganidan so‘ng bergan intervyusida.

Astronavtlar Oy sathini suratga tushirishadi. Undagi jinslardan namunalar olishadi. So‘ng Oyga AQSh bayrog‘ini o‘rnatib kosmik kemaga qaytishadi.

Umumiy hisobda Armstrong va Oldrin Oyda 21 soat bo‘lishgan. 24 iyul kuni ular Yerga qaytishgan.

«Apollon-11» Yerga qaytib kelgandan so‘ng AQShda tantanalar boshlanib ketadi. Chunki amerikaliklar raqiblari sovetlar qila olmagan ishni amalga oshirishgan edi.

Armstrong va Oldrindan tashqari AQShning yana 10 nafar kosmonavti Oyga parvoz qilgan. So‘nggi kosmonavt Yeugen Serman 1972 yilning dekabr oyida «Apollon-17» kosmik kemasida oy sathidan ko‘tarilgan.

Amerikaliklarning Oyda bo‘lgani yolg‘onmi?

Keyinchalik amerikalik astronavtlarning Oy sirtiga tushganini shubha ostiga oluvchi gap-so‘zlar chiqdi. Ayniqsa bunda raqobatchi davlat, Rossiya mutaxassislari jonbozlik ko‘rsatishdi.

Amerikaliklar Oy sirtida yurib, unga AQSh bayrog‘ini qadashadi. Rossiyaliklarning birinchi shubhasi ana shu bayroq tasviri haqida bo‘ladi. Ularning fikricha samoviy bo‘shliqda joylashgan Oyning sirtida shamol esishi va bayroqni hilpiratib turishi mumkinmas.

Jumladan, rossiyalik taniqli astronom Vladimir Surdin o‘zining «Koinot haqidagi ilm-fanda afsonalar va noto‘g‘ri tushunchalar» deb nomlangan videodarslarida yuqoridagi shubhani keltirgan.

Vladimir Surdin
Foto: media.kpfu.ru

Biroq keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Oyning ham sirtida qobig‘i bor va uni yorib o‘tish osonmas. Ya’ni Oyning qobig‘igacha bo‘lgan koinot bo‘shlig‘ini uchib o‘tish oson, biroq uning «hududi»ga kirgandan so‘ng boshqacha muhit bo‘ladi.

Olimlar buni Oyning ham o‘z magnit maydoni va uncha kuchli bo‘lmagan tortishish kuchi bor, deb sharhlashadi.

Qolaversa, amerikaliklar e’lon qilgan suratda Oyga qadalgan bayroqqa yaxshilab e’tibor berilsa, uning tepa tomonini gorizontal tayoqcha ushlab turganini ko‘rish mumkin.

Ya’ni bayroqni shamol hilpiratmayapti (Oyda shamol yo‘q), amerikalik astronavtlar uni tepasini ham tayoqcha bilan qotirib qo‘yishadi. Bayroqdagi to‘lqin esa shamol tufayli emas, uning ingichka ustuni tebranib turgani uchun shunday ko‘rinishda bo‘lgan.

AQSh astronavtlarining Oyga qo‘nganiga ishonuvchilar Yer yo‘ldoshining o‘z himoya qobig‘i borligi tufayli SSSR kosmonavtlari uning sirtiga tushish u yoqda tursin, yaqinigacha uchib bora olishmaganini misol tariqasida keltirishadi.

Qolaversa, amerikaliklar Oy sirtiga tushgan paytda sovetlar buni rasman tan olishgan.

2018 yilda xitoyliklar o‘zlari uchirgan «Chan’e-1» va «Chan’e-2» kosmik apparatlari Oy sirtidan olgan juda ko‘plab fototasvirlarni e’lon qiladi.

«Chan’e-2» aynan amerikaliklarning «Apollon-11» kosmik kemasi qo‘ngan joyning fotosuratini olgan.

Rossiyalik kosmonavt-astronomlar Vitaliy Yegorov va Igor Tirskiy «Chan’e-2» olgan fotosuratlar bilan bir paytlar amerikaliklar e’lon qilgan tasvirlarni solishtirib ko‘rishadi.

Shunda Xitoy apparati olgan fotosuratlardagi joy bilan amerikaliklar e’lon qilgan suratlardagi joy bir xil ekani oydinlashadi.

Shundan so‘ng rossiyalik astronomlar amerikaliklar haqiqatdan Oyga qo‘ngani va uning sirtiga tushganini qayd etishgan. Bu haqda Vitaliy Yegorov «Odamlar Oyda» kitobida ma’lum qilgan.

Vitaliy Yegorov, qo‘lida «Odamlar Oyda» kitobi bilan.
Foto: wikinews.org

Ayrimlar «Nega endi NASA astronavtlari Oyga uchmayapti?» degan savolni ham qo‘yishadi. Ko‘pchilik bunga javoban hozir kosmik raqobat yo‘qligini aytadi.

Ya’ni 1970-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab AQSh va SSSR o‘rtasidagi raqobat to‘xtab qolgan. SSSR parchalangach raqobat umuman yo‘qolgan. Agar qaysidir davlat Oyni o‘zlashtirishga kirishsa AQSh unga qarshi yana jiddiy raqobat olib boradi.

Hozir Oyda

«Luna-25» Hindistonning «Chandrayan-3» missiyasidan o‘zib ketib, Oyning janubiy qutbiga borgan ilk stansiya bo‘lishi mumkin edi. Hindiston o‘zining uchinchi apparatini 14 iyul kuni uchirgandi. Missiya doirasida u ham Yer tabiiy yo‘ldoshining janubiy qutbini o‘rganishi ko‘zda tutilgandi.

19 avgust kuni Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) «Chandrayan-3»ning «Vikram» nomli qo‘nish moduli oy atrofidagi orbitada balandlikni pasaytirish bo‘yicha so‘nggi manyovrni amalga oshirgani va qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaganini xabar qildi.

23 avgust kuni «Vikram» moduli Oyga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Shu tariqa, Hindiston Oyga apparatini qo‘ndirishga erishgan SSSR, AQSh va Xitoydan keyingi to‘rtinchi davlat bo‘ldi.

2023 yil 1 sentabr kuni Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) Oyga qo‘ngan «Pragyan» hind oyyurari Yer tabiiy yo‘ldoshining janubiy qutbida oltingugurt moddasini topganini tasdiqladi.

Yaqinda Oy sirtiga qo‘ngan hindlarning «Chandrayan» kosmik apparati
Foto: skyandtelescope.org

ISRO ma’lumotlariga ko‘ra, Oyda kislorod, temir, alyuminiy, kalsiy, xrom va boshqa elementlar ham topilgan. Shu bilan birga vodorod ham izlanmoqda.

4 sentabr kuni «Pragyan» ikki haftalik tadqiqot va tajriba dasturini yakunladi va «uyqu» rejimiga o‘tkazildi. Endi uni quyosh chiqadigan navbatdagi kun - 22 sentabrda uyg‘otishga harakat qilishadi.

Hozir Oyda tun boshlandi va u deyarli 15 Yer kuni davom etadi. Bu paytda Quyosh nuri tushmaydigan joylarida mutlaqo qorong‘ilik boshlanadi va Oy sirtidagi yuqori qatlamlar -170 darajagacha muzlaydi. Shuning uchun oyyurar apparat bilan hech qanday manipulyatsiya qilish mumkin emas.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid