O‘zbekiston | 14:20 / 10.11.2021
2521
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda chiroq o‘chishiga «Milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan joriy qilinayotgan cheklovlar sabab bo‘layotgani aytildi

Foto: twitter.com

Ijtimoiy tarmoqlarda kunlar sovigach Samarqand viloyatining qator tumanlarida chiroq o‘chayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabar bo‘yicha «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ munosabat bildirdi.

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining qator tumanlarida elektr energiya ta'minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida murojaatlar ko‘paydi. «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning ma'lum qilishicha, elektr ta'minotidagi uzilishlarga «Milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli dispetcherlik xizmati magistral tarmoqlarni o‘chirishi sabab bo‘lmoqda.

«Keyingi kunlar «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli Milliy dispetcherlik xizmati tomonidan Samarqand magistral elektr tarmoqlari korxonasiga qarashli 220kVli «Samarqand», «Cho‘ponota» hamda «Kattaqo‘rg‘on» podstansiyalaridan chiquvchi 110/35 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari o‘chirilmoqda. Uning natijasida viloyatning Past Darg‘om, Payariq, Urgut, Toyloq, Paxtachi, Oqdaryo, Nurobod, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Samarqand shahri Kimyogarlar qo‘rg‘oni hududida elektr energiya ta'minotida uzilishlar kuzatildi. «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ma'muriyati iste'molchilardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raydi», deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli Milliy dispetcherlik xizmati quvvat yetishmovchiligi natijasida elektr energiya ta'minotiga cheklovlar kiritmoqda.

Mavzuga oid