Samarqand davlat tibbiyot institutida sohaning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazildi
Samarqand davlat tibbiyot institutida “Zamonaviy pediatriyaning yutuqlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada xorijiy tibbiyot oliygohlar va ilmiy-tekshirish markazlari xodimlari salohiyatidan foydalangan holda bolalar salomatligi tibbiyotining zamonaviy holati alohida muhokama qilindi. Anjumanda Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston hamda O‘zbekistonning yetakchi pediatr-olimlari, mutaxassislari ishtirok etdilar.
Xalqaro konferensiyaning ochilishida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori Botir Daminov, Respublika ixtisoslashgan pediatriya ilmiy-tekshirish instituti direktori, Bosh pediatr Dilorom Ahmedova, Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeremin, Ijyevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Andrey Shklyayev, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori Nikolay Karyakin, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektori Mahmadsho Gulzoda, O‘zbekiston Qahramoni, Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Rahmon Muhammadiyev so‘zga chiqib, bu kabi anjumanlar samarasi, xalqaro aloqalar ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Anjuman yalpi majlisdan so‘ng 6ta shu'bada davom ettirildi. Ularda o‘smirlar tibbiyoti, neontologiya, allergologiya, bolalar nevrologiyasi va nefrologiyasi, pediatriyada shoshilinch tibbiyot, endokrin tibbiyot va diabetologiya, gastroenterologiya, metabolik kasalliklar, onkogematologiya, bolalar revmatologiyasi, bolalar kardiologiyasi kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi. Shuningdek, bolalar va yoshi kattalarda o‘pka kasalliklari hamda yo‘talni davolashga zamonaviy yondashuv mavzusida seminar ham o‘tkazildi.
Aytish mumkinki, bu kabi konferensiyalar respublika va mintaqamizda pediatriya sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari o‘rtasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
00:05 / 02.04.2022
Samarqand davlat tibbiyot instituti universitetga aylantiriladi
15:30 / 26.03.2022
Samarqand davlat tibbiyot institutining qariyb 1000 nafar o‘qituvchi va shifokorlari donorlik qildi
20:00 / 09.02.2022
SamDTI Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda olis hududlarda muntazam tibbiy ko‘rik tashkil qilmoqda
15:30 / 16.12.2021