«Biz atom bomba portladi deb o‘yladik» – 645 kishi vafot etgan temiryo‘l halokatiga nima sabab bo‘lgandi?
1989 yilda Ufa yaqinidagi temiryo‘lda ikkita yo‘lovchi poyezdi yonma-yon bo‘lgan paytda juda kuchli portlash sodir bo‘ladi. Portlash to‘lqini o‘nlab vagonlarini havoga irg‘itib yuboradi va kuchli olov tufayli 40 ga yaqin vagon yonib ketadi. Oqibatda har ikkala poyezdda bo‘lgan 1 370 nafar odamning qariyb yarmi halok bo‘ladi.

Foto: Kun.uz
Sobiq ittifoq davrida ko‘plab yirik temiryo‘l halokatlari bo‘lgan. Ular orasida 1989 yil 4 iyun kuni Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri yaqinida sodir bo‘lgan halokat alohida ajralib turadi.
Bu halokat SSSRda sodir bo‘lgan temiryo‘l halokatlari orasida eng yirigi hisoblanadi. Temiryo‘l ostidan o‘tgan quvurdan sizib chiqqan gazning portlab ketishi tufayli ikkita yo‘lovchi poyezd halokatga uchraydi. Oqibatda 645 kishi halok bo‘ladi, 623 nafari esa turli darajada tan jarohatlari oladi.
Halokatdan avvalgi vaziyat
1981 yilda 1 852 kilometr uzunlikda G‘arbiy Sibir-Ural-Volgabo‘yi magistral gaz quvuri yotqizilishi boshlanadi. Quvurning o‘lchami 720 millimetr bo‘lib, loyihani amalga oshirish «Minneftprom» va «Mingazstroy»ga topshiriladi.
Yotqiziladigan gaz quvurlarining yo‘nalishi 14 ta joyda temiryo‘lni kesib o‘tishi lozim bo‘lib, ulardan to‘rttasi elektrlashtirilgan temiryo‘l uchastkalaridan o‘tishi belgilangandi.
Loyiha tayyor bo‘lgach, «Nefteprovodmontaj» qurilish-montaj tresti quvurlarni yotqiza boshlaydi.

Gaz quvuri liniyasi qurib bitkazilgandan so‘ng undan yuqori bosim bilan siqilgan gaz va benzin aralashmasidan iborat yengil uglevodorodlar uzatila boshlanadi.
Magistral gaz quvurining bir qismi Transsibir magistral temiryo‘lining Boshqirdiston ASSRdagi Iglin tumani hududidan, Ulu-Telak – Asha uchastkasidan o‘tgan edi.
Ana shu joyda quvur yorilib, havoga ko‘p miqdorda gaz chiqa boshlaydi. Halokat sodir bo‘lishidan uch soat avval gazning bir qismi havoga chiqib ketayotgani uchun quvurda bosim pasayadi.
Navbatchi xodimlar gaz sizib chiqayotgan joyni izlab topish o‘rniga bosimni ko‘tarish uchun ko‘proq gaz hayday boshlaydi. O‘z navbatida havoga chiqib ketayotgan gaz miqdori ham yanada oshadi.
Gaz endi sizib chiqa boshlaganda nosozlik yuz bergan joydan o‘tib qaytayotgan poyezdlarning mashinistlari dispetcherlarga havoda yoqilg‘ining juda qo‘lansa hidi borligi haqida xabar berishadi.
Quvurdan ketayotgan gazda hid bo‘lmagan, aftidan ular benzin hidini sezishgan. Ammo temiryo‘l dispetcherlari bu xabarni e’tiborsiz qoldirishadi.
Halokat tafsilotlari
1989 yil 4 iyun kuni tunda Novosibirsk-Adler va Adler-Novosibirsk yo‘lovchi poyezdlari Ulu-Telak – Asha stansiyalari oralig‘idagi temiryo‘lda uchrashib qoladi.
Poyezdlarning biri dam oluvchilarni Qora dengiz bo‘yidagi shahardan Sibirga olib qaytayotgan, ikkinchisi olib borayotgan edi. Poyezdlarning birida 18 ta, ikkinchisija 20 ta vagon bo‘lgan va ularda 1 284 nafar yo‘lovchi, 86 nafar lokomotiv brigadalari a’zolari hamda vagon kuzatuvchilari bo‘lgan.
Har ikkala poyezd temiryo‘lda yonma-yon bo‘lgan paytda tunda, mahalliy vaqt bilan soat 1:14 da kuchli portlash sodir bo‘ladi. Havoga chiqib o‘sha hududda to‘planib turgan gaz chaqnaydi va temiryo‘l ostidan o‘tgan gaz quvuri bilan birga portlaydi.
Kuchli portlash har ikki poyezddan 11 ta vagonni sostavdan uzib, havoga uloqtirib yuboradi. Kuchli olov tufayli ular bir zumda yonib ketadi. Qolgan 27 ta vagonning aksariyati ag‘darilib ketadi, qolganlari o‘rnida qoladi va ular ham yona boshlaydi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyga qutqaruvchilar yetib kelguncha vagonlarning aksariyati yonib bo‘ladi va ko‘plab odamlar halok bo‘ladi. Olov vagonlarning ichiga o‘tguncha undan tushishga ulgurganlar turli darajada tan jarohatlari oladi.
Portlash kuchi
Rasmiy manbalarda portlash kuchi 250-300 tonna bo‘lgan deyilsa-da, keyinchalik uning 12 kilotonna bo‘lgani aytilgan. Taqqoslash uchun Xirosimada portlagan atom bombasining kuchi 16 kilotonna bo‘lgan.
Portlash tufayli hodisa yuz bergan joyda 300 metr uzunlikda yerning 4 santimetrdan 40 santimetrgacha bo‘lgan yuza qavati o‘pirilib ketadi. 37 ta vagon, ikkita lokomotiv, 250 metr uzunlikdagi temiryo‘l, 3 kilometr aloqa tarmog‘i, 30 ta beton ustun va jami 17 kilometr uzunlikdagi elektr liniyasi yaroqsiz holga keladi.
Bundan tashqari, portlash to‘lqini hodisa joyidan 10 kilometr narida bo‘lgan Asha shaharchasidagi uylarda deraza va eshiklarning oynalarini sindirib yuboradi.

Portlash vaqtida havoga ko‘tarilgan olovni tunda hodisa joyidan 100 kilometr uzoqlikdagi odamlar ham ko‘rishgan. Hodisa tufayli sodir bo‘lgan yong‘in 250 gektar maydonni o‘rab oladi. Portlash sodir bo‘lganda voqea joyida harorat 1000 darajadan ham issiqroq bo‘ladi.
Portlash to‘lqini vagon bo‘laklarini 5-6 kilometrga, beton ustunlarni esa parchalab, undan ham uzoqroqqa uloqtirib yuboradi.
O‘shanda onasi va 10 yoshli akasi bilan halokatga uchragan poyezdlardan birida bo‘lgan 4 yoshli Natalya Xusnutdinova keyinchalik voqealarni shunday eslagandi:
«O‘shanda onam, akam va men poyezdda ketar ekanmiz, portlash sodir bo‘lganda bir zum tanamizda issiq haroratni his qildik va barchamiz oyoq ostiga yiqilib tushdik. Biz o‘tirgan vagon oxirroqda bo‘lgani uchun ag‘darilmagandi. Ammo o‘rnimizdan turganimizda vagonda na polka, na eshik va na deraza, hech narsa qolmagandi. Amallab tashqariga chiqdik va ancha payt o‘tirdik. O‘shanda tanamizning ochiq joylari kuyib ketgan va og‘riqqa chidab bo‘lmasdi. Atrof juda dahshatli edi. Kimdir ingrar, yana kimdir jon berardi. Qutqaruvchilar yetib kelganidan so‘ng bolalarni alohida, kattalarni alohida olib keta boshlashdi. Yo‘lda ketar ekanmiz, bolalarning ba’zilarini sochi yo‘q, ba’zilarning kiyimi yo‘q, terilarining bir qismi kuyib ketgan edi. Meni, Ufadagi akam va onamni Moskvadagi shifoxonaga olib ketishdi. Barchamizning hayotimizni saqlab qolishdi, ammo tanamizdagi kuygan joylar o‘rni bir umrga chandiq bo‘lib qoldi».

Halokat oqibatlarini tugatish
Portlash sodir bo‘lgan joy yetib borish biroz mashaqqat bo‘lgan tog‘li hududda edi. Portlashdan biroz o‘tib tirik qolganlar yarador bo‘lganlarning vagonlardan chiqib olishiga yordamlasha boshlaydi.
Keyinroq hodisa joyiga ko‘plab FVV qutqaruvchilari, 1 200 nafar harbiylar, minglab tibbiyot xodimlari yetib kelishadi. Halokat oqibatlarini bartaraf etishda 45 ta vertolyot, 138 ta tez yordam mashinasi, yuzlab avtobuslar qatnashadi.
Qutqaruvchilar hodisa yuz bergan joydan 258 ta jasadni yig‘ishtirib olishadi. Turli darajada tan jarohati olgan 806 nafar odam zudlik bilan Qizil tong, Ulu-Telyak va Ashu posyolkalaridagi shifoxonalarga joylashtirishadi.

Portlash episentrida bo‘lgan va hodisada butunlay yo‘q bo‘lib ketganlar bedarak yo‘qolgan deb qayd etiladi.
Hodisada halok bo‘lgan Lena Abdulinaning otasi Salavat Abdulin hodisani shunday eslagandi:
«Hodisa haqida eshitgandan Ashaga yetib bordim. Tirik qolganlar ro‘yxatidan qizimning ism-sharifi chiqmadi. Balki tasodif tufayli ro‘yxatga kirmay qolgandir deb, uni kasalxonalardan qidira boshladik, ammo topolmadik. Shundan so‘ng o‘likxonaga bordik. U yerda bir qizchaning jasadini ko‘rsatishdi. Uning terisi kuyib ketgan, tanasining o‘lchamlari qizimniki bilan teng edi. Uni olib ketib dafn qildik. Shu tariqa, farzandini tirik topa olmagan ko‘plab ota-onalar o‘zlariga taskin berishi uchun ham tanib bo‘lmas holga kelgan bolalarning jasadlarini olib ketishdi. O‘shanda qizim bilan dam olishga borgan 24 nafar sinfdoshidan 21 nafari halok bo‘lgan edi».
Jarohati yengilroqlar Ufa, Zlatoust va Chelyabinskdan keltirilgan tez tibbiy yordam mashinalarida, ahvoli og‘irroqlar esa MI-2, MI-8 vertolyotlari va AN-2 samolyotlarida tashiladi.
Tan jarohatlari olganlar holatiga qarab saralanadi va bemorlarning ko‘pchiligi Kuybishev (hozirgi Samara), Qozon, Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinurg), Novosibirsk, Barnual va Moskva shaharlaridagi shifoxonalarga olib ketiladi. Ayrimlari xorijiy davlatlarda davolanishadi. Tirik qolganlarning aksariyati bir umrga nogiron bo‘lib qolishadi.
Bemorlarni muolaja qilish uchun yirik shaharlardan tajribali shifokorlar olib kelinadi. Tibbiy muolajalarga qaramasdan jarohati og‘ir bo‘lganlarning bir qismi shifoxonalarda vafot etadi. Shu tariqa, vafot etganlar soni 645 kishiga yetadi. Halok bo‘lganlardan 181 nafari bolalar bo‘lgan.

Keyinchalik, Ulu-Telak qishlog‘idagi shifoxona vrachi Nikolay Yermolyuk shunday eslagandi:
Kuchli portlash to‘lqini meni karavotimdan irg‘itib yuborishiga sal qoldi. O‘rnimdan turib derazadan qarsam uzoqdan osmonga o‘rlayotgan olov ko‘rindi. O‘shanda xayolimga «Bizga dushmanlar hujum qilib, atom bombasini tashladi» degan o‘y keldi. Keyinchalik mutaxassislar portlash kuchi haqiqatan ham atom bomba portlashiga teng bo‘lganini aytishdi.
Shifokor Viktor Smolnikov shunday eslagandi:
«Yarim kechada menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bizga yaqin joyda poyezdlar halokatga uchragani, shifoxonamizga bemorlar olib kelinayotganini, ularga zudlik bilan yordam berish kerakligini aytishdi. Shifoxonaga yetib borganimda u yerda ko‘plab avtobuslarni ko‘rdim, ulardan yaradorlarni tushirishardi. Qisqa vaqtda 120 o‘rinli shifoxona to‘ldi. Odamlarning ahvoliga qarab bo‘lmasdi. Ko‘pchilikning tanasi turli darajada kuygan edi. Shundan so‘ng ularni saralay boshladik. Yengil jarohat olganlar qoldirildi, o‘rtacha va og‘irroq ahvolda bo‘lganlar Ufa va boshqa shaharlarga jo‘natildi».
Hodisa haqida xabar
1989 yil 4 iyun kuni soat 23:00 da (halokatdan qariyb 1 sutka o‘tib) TASS hodisa haqida xabar tarqatadi. Xabarda Chelyabinsk-Ufa yo‘nalishidagi temiryo‘l ostidan o‘tgan yirik gaz quvurida portlash ro‘y bergani, oqibatda Novosibirisk-Adler, Adler-Novosibirsk yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdlar bilan halokat sodir bo‘lgani yozilgandi.
Xabarning davomida hodisada odamlar halok bo‘lgani, 4 iyun kuni tongda SSSR rahbari M.Gorbachyov va boshqa rahbarlar hodisa yuz bergan joyga jo‘nab ketgani aytilgandi.

Oradan biroz o‘tib, Kompartiya markaziy qo‘mitasi va SSSR ministrlar sovetining qarori e’lon qilinadi. Unda, Ufa yaqinida sodir bo‘lgan halokatda ko‘plab odamlar halok bo‘lgani tufayli 5 iyun motam kuni deb e’lon qilingandi.
Halokat sabablarini o‘rganish va turli taxminlar
Halokatga yirik gaz quvuridan sizib chiqqan gazning portlagani aniq edi. Halokat sabablarini o‘rganish uchun tashkil etilgan hukumat komissiyasi oldida quvur nega teshilganini aniqlash vazifasi turgandi.
Komissiyaning rasmiy xulosasiga ko‘ra, gaz quvurlari portlash sodir bo‘lgan joyga hodisadan 4 yil avval, 1985 yilda ko‘milgan va o‘shanda ekskavator quvurga shikast yetkazgan.
4 yil davomida quvurning shikastlangan joyi tezroq korroziyaga uchragan va oqibatda halokatdan biroz avval teshilib, undan havoga juda ko‘p miqdorda gaz sizib chiqa boshlagan.

Boshqa versiyaga ko‘ra, gaz quvurlarni korroziyadan saqlovchi elektr liniyasi noto‘g‘ri tortilgani (yirik gaz quvurlarning korroziyaga chidamliligini oshirish uchun ular o‘tkazilgan joylarning tepasidan yirik elektr tarmoqlari ham tortiladi) sababli halokat sodir bo‘lgan joyda quvur korroziyaga uchragan va teshilib, undan gaz chiqqan.
Yana bir taxminga ko‘ra, gaz sizib chiqqan joyda poyezdlardan biri keskin tormoz bergan va oqibatda g‘ildirak va poyezd yo‘lining ishqalanishi tufayli kelib chiqqan uchqun portlashga sabab bo‘lgan.
Boshqa taxminga ko‘ra, yo‘lovchilardan biri sigaret qoldig‘ini aynan gaz sizib chiqib turgan joyda tashqariga uloqtirgan va oqibatda portlash sodir bo‘lgan.
Shu halokatgacha SSSRda poyezd biletlarini sotishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘ralmagan. Halokatda butunlay yonib ketganlarning shaxsini aniqlashning iloji bo‘lmaydi. Shu sababli, halokatdan keyin poyezd biletlarini sotishda yo‘lovchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘ralib, ulardagi ma’lumotlar jurnallarga qayd etila boshlanadi.
Aybdorlarni jazolash
O‘sha paytda halokat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va ko‘plab mas’ul shaxslar tergov-surishtiruvlarga jalb etiladi. Oxirida ularning 9 nafariga ayblov e’lon qilinadi.
Sud jarayonlari 6 yil davom etadi va ayblanuvchilardan ikki nafari amnistiya tufayli qamoq jazosidan qutulib qoladi.
Qolgan 7 nafar ayblanuvchi turli yillarga qamaladi. Ular orasida gaz quvurini tortgan «Nefteprovodmontaj» qurilish-montaj tresti rahbari va uning o‘rinbosarlari ham bor edi.

Keyinchalik, hodisa sodir bo‘lgan joyda birodarlik qabristoni qilinadi. 1992 yilda u yerda yodgorlik monumenti o‘rnatiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayrladi.
Tavsiya etamiz
AQShning Kiyevga harbiy yordami to‘xtatilishi - bu ukrain armiyasi uchun nimani anglatadi?
Jahon | 18:17 / 06.03.2025
WizzAir O‘zbekistonga amalga oshiradigan reyslarida o‘zbek tilida ham xizmat ko‘rsatadi
O‘zbekiston | 14:01 / 06.03.2025
Merkelning azaliy raqibi. Shols o‘rniga Germaniya kansleri bo‘ladigan Fridrix Mers haqida nimalar ma’lum?
Jahon | 21:04 / 05.03.2025
Xushlanmagan Temu: O‘zbekiston uni bloklashga qaror qildi
O‘zbekiston | 19:20 / 05.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Uning o‘rnida har kim ham shu ishni qilgan bo‘lardi» - Tramp Ukrainani bombardimon qilayotgan Putin haqida
Jahon | 01:44
-
Boyligi 100 mln dollardan ortiq odamlar soni ilk bor 100 ming kishidan oshdi
Iqtisodiyot | 00:30
-
7 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 00:19
-
AQShda qo‘lgan olingan shaxs «Krokus»dagi teraktga aloqador ekanini tan oldi
Jahon | 23:45 / 07.03.2025
Mavzuga oid

22:16 / 03.06.2023
Hindistondagi eng dahshatli poyezd halokatlari

17:40 / 22.01.2017
Hindistonda yuz bergan poyezd halokati oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 36 kishiga yetdi

15:24 / 06.01.2017
Pokistonda poyezd yetti nafar maktab o‘quvchisining o‘limiga sabab bo‘ldi

18:44 / 10.12.2016