O‘zbekiston | 07:41 / 16.12.2021
25889
5 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlariga 6ta ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati beriladi

Foto: Kun.uz

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248 va 248-1-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga ekologiya sohasidagi 9 ta ma’muriy huquqbuzarliklarni o‘z tashabbusi bilan aniqlash va bayonnomalarni rasmiylashtirish, shuningdek, ichki ishlar organlariga 6 ta ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnomalarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish vakolatlarini berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, ma’muriy huquqbuzarlik holati yaqqol ajralib turadigan, rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha o‘rganishlar olib borish va tadqiqotlar o‘tkazish talab etilmaydigan MJtKning jami 9 turdagi, ya’ni 63-moddasida (g‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini tayyorlash yoki qayta ishlash tashkilotining, savdo yoxud umumiy ovqatlanish tashkilotining mansabdor shaxsi tomonidan qabul qilib olishga oid qismida), 72-moddaning birinchi qismi (suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atishga oid qismida) va to‘rtinchi qismida, 79-moddasida,  88-moddasida (qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajarish chog‘ida yonilg‘i moddalar va binokorlik materiallarini to‘plash, maxsus texnik qurilmalarsiz ochiq alanga oldirib ularni yoqishga oid qismida), 90-moddasida, 90-1-moddasida, 91-moddasida (sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzishga oid qismida), 91-1 va 91-2-moddalari nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzilishi hamda MJtKning 282-moddasida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan organ (mansabdor shaxs)ga yuborilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu huquqbuzarliklar turlari ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari xodimlari xizmat olib boradigan hududlarning xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanmoqda. Jumladan, ularga MJtKning VIII bobida (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklardan tashqari VII bobida (Mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar) qayd etilgan huquqbuzarlik ham kiritilgan (63-modda, G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilib olish).

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun bilan ichki ishlar organlariga tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga doir qonunbuzarliklar oldini olish bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi tizimida ekologiya sohasida nazoratni amalga oshirish yo‘nalishiga mas’ul bo‘lgan bo‘linmalarga ekologiya sohasiga doir jami 6 ta ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilishi nazarda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, MJtKning 72-moddaning birinchi qismi (suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atishga oid qismida) va to‘rtinchi qismida, 88-moddasida (qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajarish chog‘ida yonilg‘i moddalar va binokorlik materiallarini to‘plash, maxsus texnik qurilmalarsiz ochiq alanga oldirib ularni yoqishga oid qismida), 90-moddaning birinchi qismida, 91-moddasida (sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzishga oid qismida), 91-1-moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida, 91-2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyiha bilan MJtKning 248 va 248-1-moddalariga qo‘shimcha kiritilayotgan to‘rtinchi qism mazmunidan kelib chiqib, kodeksning 287-moddasiga ham (Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turishga vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tegishli qo‘shimchalar kiritilmoqda, ya’ni ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga tegishli huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.

Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi yashash joylarining sanitariya-ekologiya holati yaxshilanishiga, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash hamda odamlar yashashi uchun yanada maqbul bo‘lgan muhitni shakllantirish chora-tadbirlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid