23:53 / 26.05.2020
52690
«Viloyatda faqat go‘sht bor» – Prezident Qashqadaryodagi inflatsiya bo‘yicha vaziyatni tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda viloyatlar bo‘yicha inflatsiya hisob-kitobi qilinganda, eng og‘ir vaziyat Qashqadaryoda kuzatilgani ma'lum qilindi.

Prezident har bir viloyat, tuman va shaharlarga tashqaridan kirib kelayotgan mahsulotlarning hisob-kitobi bo‘lishi lozimligini aytib o‘tdi.

«Mana, bugun inflatsiya hisob-kitobini qildik. Eng og‘ir vaziyat Qashqadaryo viloyatida. Hamma narsa tashqaridan kirib kelyapti. Biror ko‘rsatkich inflatsiya nuqtayi nazaridan talabga javob bermaydi. Ichki imkoniyatdan kelib chiqib amalga oshirish mumkin bo‘lgan ish o‘rni ham tashqaridan kelyapti.

Viloyatga yetmish foiz mahsulot tashqaridan kirib kelyapti. Viloyatda faqat go‘sht bor. Boshqa biror soha mahalliylashtirilmagan. Hisob-kitob qildik, hatto Andijongayam juda ko‘p narsa tashqaridan boryapti. Qashqadaryoga mahsulotlar Samarqand, Buxoro va Toshkentdan yetib boryapti», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda viloyatga maishiy texnikaning 91 foizi, nooziq-ovqat mahsulotlarining 89 foizi chetdan yetkazib berilayotgani qayd etildi. Viloyatda hatto Sirdaryoga yordamga jo‘natilgan quruvchilar uchun rezina etik va maxsus kiyim ham topilmagani, bu mahsulotlar Urgut tumanidan olib kelingani aytildi.

Davlat rahbari Qashqadaryoda mahalliy investorlarni jalb qilish orqali nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki soliq tushumlarini ham ko‘paytirish imkoniyati mavjudligini ta'kidlab o‘tdi.

Top