Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha 2024 yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi.

Shunday ulkan imkoniyatni ishga solish masalasiga ancha yillar davomida e’tibor berilmay kelingani, lekin so‘nggi yillarda bu sohada huquqiy baza yaratilgani tufayli investorlar uchun jozibador muhit shakllangani qayd etildi.

“Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo‘yicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda

O‘zbekistonda 2024 yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar yetarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, prezident joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidladi. Sababi, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o‘rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerak.

Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish mo‘ljal qilib olindi.

O‘zbekistonda 2024 yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishi jadallashtiriladi

Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.

Bular — Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi. Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.