Osiyo arsloni, sobiq ittifoq qahramoni Mamadali Topvoldiyev Belarusning Mogilyov viloyatida Ikkinchi jahon urushi davrida SSSR uchun misli ko‘rilmagan ishlar qilgan. Hatto fashizm ustidan qilingan g‘alabada ham uning hissasi katta. Kazbek laqabi ostida jang qilib, hatto Hitlerni sarosimaga solgan yengilmas o‘zbek askarini xotirlab, Kun.uz muxbiri olis Mogilyov viloyatiga bordi.
Minsk–Mogilyov orasidagi masofa 170-180 chaqirim. Erta tongdan yo‘lga chiqmasak, kun bo‘yi reportaj olib, poytaxtga qaytib kelishga kech qolamiz. Avvaliga Minsk temiryo‘l vokzalidan Mogilyovga boradigan poyezdlarni surishtirdik. Afsuski, ertalabki qatnovga kech qolibmiz. Tushdan keyingi reys esa bizga juda kechlik qiladi.

Vokzal bilan yonma-yon joylashgan avtoshohbekatga borsak, u yerda ham manzilimizga eltuvchi transportlarga kech qolganimiz, keyingisini 1-2 soat kutishimizga to‘g‘ri kelishini aytishdi. Kuta olmaymiz. Belarusga kelib shuni bildikki, bu yerda transportlar qatnovi bilan muammolar ancha ko‘p ekan.

Qarshimizda marshrutlar bekati ko‘rindi. Xayriyat-ye! Mogilyovga ketishga shay bo‘lib, o‘t olib turgan mikroavtobusga ulgurib qoldik. Aks holda, undan keyingisi yurishini kutishimiz uchun yana 2-2,5 soat vaqt kerak bo‘lardi.

Yo‘lda ketarkanman, 80 yillar oldin jonini xatarga qo‘yib, bu hududlarni himoya qilgan, Farg‘onaning Rishtonidan bo‘lgan yengilmas Osiyo arsloni – Mamadali Topvoldiyevning olamiga sho‘ng‘ib ketgandek edim. Chunki bepoyon belarus dalalari, taxtadan yasalgan uyli qishloqlar, dudlangan go‘sht hidi taralgan ko‘chalar – bularning hammasi deyarli o‘zgarmagan. Ikkinchi jahon urushi davrida Hitler armiyasi tomonidan egallab olingan bu manzillarda qahramonimiz Kazbek nomi bilan fashistlarga qarshi misli ko‘rilmagan jasoratlar ko‘rsatadi.

Shu yerliklardan dushmanga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan partizanlar otryadiga qo‘shilgan Kazbek guruhdagi yagona o‘zbek bo‘lib, eng qo‘rqmas va qaytmas jangchi sifatida tanila boshlaydi. Fashistlar lagerida asirga tushgan safdoshlarini qutqarish, Germaniyadan kelayotgan qurol va askarlar eshelonini to‘xtatib qo‘yish uchun temiryo‘llarni portlatib yuborish, xavfli razvedka operatsiyalari olib borish va hatto Hitler armiyasining generalini yurib ketayotgan poyezddan olib qochib, asirga olish kabi uddalab bo‘lmas ishlarni qila olgani uchun ham undan hamma qo‘rqqan. Kazbekning boshi uchun hatto shaxsan Hitlerning o‘zi juda katta pul mukofoti e’lon qiladi va hech kim buning uddasidan chiqa olmaydi.





















