09:56 / 29.01.2024
15861

8 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan deportatsiya qilindi

Fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblangan ayol Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

Foto: O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi

Firibgarlikda ayblanib Turkiyada qo‘lga olingan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi bosh konsulxona matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2016 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 66 yoshli R.X. 2024 yil 13 yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

R.X. 28 yanvar kuni O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Oldinroq «Fahsh baronessasi» va «Madam Klod» laqablari bilan tanilgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyaning Chanoqqal’a viloyati hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.

Mavzuga oid
Top