16:54 / 28.06.2018
9750

Jamoat joyida chilim chekish taqiqlanadimi?

Foto: Getty Images

Kashandalikning yangi ko‘rinishi - chilim va elektron sigaretalarning, ayniqsa, yoshlar orasida keng iste'mol qilinishi tobora kuchayib, «zamonaviylik belgisi» sifatida qaralmoqda, deydi senator Gavhar Alimova.

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining fikricha, «chilim yoki elektron sigaretalarni iste'mol qilish zararsizku» degan fikrning o‘zi noto‘g‘ri.

«Agar sigaretdan nikotin miqdorini hisoblash imkoni mavjud bo‘lsa, chilimda - bu qiyin masala. Chunki bir chilimdagi tamaki miqdori va chekish vaqti bir xil emas, chilimlarning o‘zi ham muayyan standartga ega emas. Bir sigaret chekish taxminan 12-15 marta tamaki tortishga teng bo‘lsa, bir soat chilim chekish esa taxminan 200 marta tamaki tortishga teng bo‘ladi», deydi Alimova.

Senatorning ta'kidlashicha, bir chilim chekish natijasida o‘pkadan 90 ming ml. tutun o‘tadi, sigaretada esa mazkur ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 500-600 ml. tashkil etadi. Va bularning barchasi inson hayotiga xavf soladi.

«Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish va tarqatishni cheklash «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi» va «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlar, shuningdek, alohida normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi», deydi senator.

Shunday qilib, Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ma'qullashdi.

Top