Jamiyat | 16:51 / 20.05.2022
55386
2 daqiqa o‘qiladi

1 sentabrdan o‘quvchilar uchun yagona maktab formasi to‘liq joriy etiladi

2022/23 o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etiladi. Avvalroq 2024/2025 o‘quv yilidan deb belgilangan mazkur tartibning amal qilish muddati hukumatning kecha, 19 may kungi qarori bilan oldinroqqa surildi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

2022 yil 10 avgustdan har bir tuman-shaharda maktab formasi ishlab chiquvchilarning savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun forma sotib olishda yordam beriladi (mahalliy budjet hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan).

Eslatib o‘tamiz, maktablarda standart forma joriy qilish tashabbusini 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan edi. “Bizning jamiyatdagi eng katta masala — boy bilan kambag‘al orasidagi munosabat. Oddiy oilaning oddiy kiyingan bolasi yaxshi kiyingan boladan g‘ashi keladi. Aynan mana shu narsani yo‘q qilishimiz kerak”, degandi davlat rahbari.

Shundan so‘ng 2018 yilda hukumatning yagona maktab formasiga oid 666-son qarori qabul qilindi. Qarorda yagona forma 2018/19 o‘quv yilidan ixtiyoriy, 2019/20 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi belgilangan edi. Biroq bu jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgach, muddat 2024/25 o‘quv yiligacha kechiktirilgandi.

Mavzuga oid