O‘zbekiston | 16:37 / 01.11.2018
4635
10 daqiqa o‘qiladi

Mas'uliyatli tadbirkorlikni rivojlantirishning afzalliklari

Foto: Shutterstock

Korporativ ijtimoiy mas'uliyat (KIM) masalasi rivojlangan mamlakatlarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda har taraflama, hatto foyda olishdan-da muhimroq vazifa deb qabul qilingan. Chunki har bir korxona daromad olish,  jamiyatning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish bilan birga tabiatga zarar yetkazmaslikka harakat qilishni o‘z burchi deb biladi. Masalan, Buyuk Britaniyaning eng chekka qishloqlarida ham kattayu kichik korxonalar o‘z obro‘si haqida qayg‘uradi, faoliyati haqida jamoatchilik oldida hisobot beradi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar va tashkilotlarning korporativ ijtimoiy mas'uliyat haqida bosh qotirishlari va o‘zlariga munosib strategiyalarni ishlab chiqishlari nima uchun muhim? Manfaatdor tomonlar tashkilotlarni bezovta qilmasa yoki oshkoralikni talab qilmasa ham bunday mas'uliyatni zimmasiga olishlari nega zarur? Nima uchun korxonalar  o‘z xodimlarining haq-huquqlarini poymol qilmagani, ishlab chiqarish davomida (ta'minot tizimi jarayonida) qonunlarni buzmagani, atrof-muhitga zarar yetkazmagani va ayni damda xayriya ishlarini ham bajargani to‘g‘risida hisobot berishi kerak?  

Tadbirkorlik faoliyatida KIM tamoyillarini amalga oshirishning ko‘plab afzalliklari mavjud.

Birinchidan, KIMning muhim talablaridan biri atrof-muhit va ekologiyaga zarar keltirishni minimallashtirishdir. Bu korxonalarga energiya va resurslar uchun qilinadigan sarf-xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Ya'ni, suv, elektr yoki boshqa resurslarni tejasak, oy yakunida to‘lovlarimiz ham kamroq bo‘ladi. Bundan tashqari, ijtimoiy muammolar bilan shug‘ullanish tadbirkorning savdo hajmini oshirishiga yordam beradi, yaxshi obro‘ga ega bo‘lish, xalq orasida mas'uliyatli tadbirkor sifatida tanilish shu korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish hajmini ko‘paytiradi. Masalan, Buyuk Britaniyadagi Unilever transnational iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish kompaniyasi o‘z karbon (CO2) emissiyasini kamaytirish, suvdan foydalanishni cheklash orqali kommunal to‘lovlar miqdorini kamaytiradi. Shuningdek, sanitariya me'yorlari targ‘iboti orqali o‘z sovun mahsulotlarini sotish hajmini ko‘paytirdi.

Ikkinchidan, KIM strategiyasi xodimlarning tashkilotga sadoqatini oshirishga yordam beradi va ishga kelmaslik darajasini pasaytiradi, xodimlarni yollash va ular bilan ishlashni osonlashtiradi, tashkilot uchun zarur bo‘lgan qimmatli kadrlarni jalb qilishga yordam beradi. Masalan Google olti yildan beri Fortune’ning «ishlashga qulay bo‘lgan 100ta eng yaxshi kompaniya» ro‘yxatida birinchi bo‘lib kelmoqda. Nima uchun? Har juma kuni bepul oziq-ovqat, ichimliklar, sartaroshxona xizmatlarini ta'minlaydigan, onalar bilan birgalikda otalar uchun ham dekret beradigan, uch oylik ta'tilga ruxsat beradigan kompaniyada ishlashni kim ham xohlamaydi deysiz? Bundan tashqari, Google to‘satdan vafot etgan xodimining turmush o‘rtog‘iga o‘n yil davomida o‘sha xodimi maoshining 50 foizini beradi. Buni o‘zbek kompaniyalari ham amalga oshirishi mumkinmi? Albatta!

Uchinchidan, G‘arbda mahsulot sotib olish orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shishni o‘ylaydigan mijozlar talaygina. KIM siyosatini ommaga targ‘ib qilish orqali biznesmenlar shunday mijozlarni jalb qilishadi. Masalan, poyabzal ishlab chiqaruvchi Toms shoes kompaniyasi asoschisi Bleyk Maykoski ana shunday iste'molchilar ehtiyojini qondirish orqali katta muvaffaqiyatga erishgan. Kompaniya sotilgan har bir juft poyabzali uchun Afrikada muhtoj bo‘lganlarga boshqa bir juft poyabzalini sovg‘a qiladi. Kompaniya 2006 yildan beri 60 million juft poyabzal sovg‘a qilgani bilan faxrlanadi.

Ushbu strategiyani O‘zbekiston biznes amaliyotida ham osonlik bilan amalga oshirish mumkin. Masalan, adras ishlab chiqarishdan olingan daromad qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qilishi jahon hamjamiyatiga targ‘ibot qilinsa, bu mahsulotni G‘arbda sotish hajmi ko‘payadi.

To‘rtinchidan, KIM amaliyotlari tashkilotlarga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan mijozlar boykotining oldini olishga, bozorda esa raqobatchilar orasida ko‘proq manfaatlarga ega bo‘lishga yordam beradi. Masalan, 2010 yilda Nestle kompaniyasi Greenpeace tomonidan uyushtirilgan boykotga javoban palma yog‘i ta'minoti tizimida o‘rmonlar hududining kamayishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan reja ishlab chiqdi. Shu bilan birgalikda o‘rmonlarni kamaytirishga qarshi kurashuvchi «Forest Trust» nodavlat tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatdi. Sakkiz yil oldin atigi 18 foiz palma yog‘i mas'uliyatli ta'minot tizimi orqali olingan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazildi, ya'ni kompaniya palma yog‘ini faqat o‘rmonlarni yo‘q qilmaydigan korxonalardan ola boshladi. Mana shu orqali Nestle boykotni samarali bartaraf etdi. Bu kabi yondashuvni O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin. Jumladan, paxta ishlab chiqarishda KIM strategiyasi va g‘oyasi targ‘ib etilsa, mahalliy tekstil mahsulotlarga qarshi qilingan boykot harakatlarining oldini olishda samaraga erishish mumkin. Bu yo‘nalishda «Cotton campaign» tashkiloti bilan tegishli yo‘l xaritasi tuzsa bo‘ladi.

Beshinchidan, kuchli KIM siyosatiga ega kompaniyalar sarmoyadorlarni jalb qilishadi, chunki bu strategiyalar tadbirkorlarga potensial risklarni boshqarishga yordam beradi va bu orqali ular bozordagi raqobatchilar orasida ustunlikka ega bo‘ladi. G‘arbdagi axloq qoidalariga rioya qiluvchi sarmoyadorlar va aksiyadorlar kuchli KIM siyosati bo‘lgan firma va tashkilotlarga ko‘proq e'tibor beradi. Agar o‘zbek kompaniyalari o‘zlarining moliyaviy sharoitlarini mahalliy darajada yoki xalqaro miqyosda rivojlantirishni istasa, KIM tamoyillariga amal qilish, ularni amaliyotga tatbiq etish orqali ana shunday investorlarni jalb eta oladi.

Jahon bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun kompaniya va tashkilotlar kuchli KIM siyosatini ishlab chiqishlari, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik standartlarini yaxshilashi zarur. Masalan, eng yirik investitsion kompaniyalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga kirishdan qo‘rqishining sababi shuki, ular kiritayotgan sarmoyalarining etikaga to‘g‘ri kelmaydigan tadbirkorlik faoliyatiga ishlatilishidan xavfsirashadi, chunki bu ularning obro‘siga putur yetkazadi.

Shu bilan birga KIM o‘z obro‘sini yaxshilash yoki faqat raqobatchilar orasida farqlanish siyosati sifatida qo‘llanilmasdan, balki haqiqiy qiymatga ega va biznesning asosiy maqsadi sifatida hayotga tatbiq etilishi lozim. KIM qashshoqlik, inson huquqlari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, majburiy mehnatni tugatish singari masalalarni hal qilish uchun rivojlanish vositasi bo‘lishi kerak. Korxonalar va tashkilotlarning KIM siyosati mahalliy qadriyatlar, muammolar va rivojlanish muammolariga asoslangan bo‘lishi darkor.

Agar biz Markaziy Osiyoda katta salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston 2017 yilgi ijtimoiy rivojlanish indeksi ro‘yxatida 128 mamlakat orasida 85-o‘rindan joy olganini hisobga olsak, bu holatni yaxshilash uchun tegishli KIM amaliyotlari muhim  ekani ayon bo‘ladi. Bu borada biznesmenlarning roli shubhasiz salmoqlidir.

O‘zbekistonda KIMni takomillashtirish uchun quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:

- Biznesning KIMni rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli qonunlar ishlab chiqish yoki mavjud qonunlarga, masalan, soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish;

- KIM amaliyoti haqida jamiyatda keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish (ma'ruzalar, seminarlar, brifinglar, ommaviy axborot vositalarida intervyular). KIM konsepsiyasi va uni mamlakatda rivojlantirish bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish;

- Oliy ta'lim sohasida mas'uliyatli biznes va barqarorlikni amalga oshirishga doir yo‘nalishlarni joriy etish; 

- Biznesga yo‘l ko‘rsatish, unga barcha manfaatdor tomonlar, ya'ni davlat va hukumatdan boshlab, qonun chiqaruvchilar, yuristlar, ijtimoiy faollargacha hammani jalb qilish va mas'uliyatni oshirish zarurligini o‘rgatish  maqsadida maslahat xizmatlarini tashkil qilish;

- Nomoliyaviy hisobotlarni chop etishni rag‘batlantirish va bu borada yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqish.

Aminmanki, mavjud iqtisodiy ahvol, an'anaviy urf-odatlarimiz va diniy e'tiqodlarimizni hisobga olgan holda shaffoflik tamoyillari, ijtimoiy va manfaatdor tomonlar oldidagi mas'uliyatga tegishli KIM strategiyalarini ishlab chiqish O‘zbekistondagi biznesning umumiy samaradorligini oshiradi, biznesning muvaffaqiyatli istiqbolini va barqarorligini ta'minlaydi. Bu o‘z navbatida mahsulotlarimizning dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirishga, xorijiy investorlarni yurtimizga jalb qilishga, ekologik ahvolni yaxshilashga, ijtimoiy muammolarni hal etishga hamda umuman iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga qulay shart-sharoit yaratadi.

Malika Sharipova,
korporativ ijtimoiy mas'uliyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis, «Buyuk kelajak» kengashi eksperti.

Mavzuga oid