18:50 / 14.10.2019
11
53936
Turk tadbirkorlarini O‘zbekistonga kelishdan nima to‘smoqda? O‘zbek elchisi ularni qiynayotgan muammolar xususida

Xorijiy salohiyatli investorlar, sarmoyadorlarni O‘zbekistonga pul kiritishdan nima to‘sib turibdi, degan savol ko‘pchilikni qiynab kelmoqda. Bu borada turli fikrlar bildiriladi va ularda asos ham bor. Chet ellik sarmoyadorlarni O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan to‘sayotgan shunday muammolardan biri – bu qonun ustuvorligining yo‘qligi, joylarda har bir ish mahalliy hokimlik rahbarlariga bog‘liq bo‘lib qolganligidadir. Bundan tashqari, xususiy mulkka bo‘lgan munosabat bozor tamoyillariga asoslanmaganligidadir. O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A'zamxo‘jayev Kun.uz muxbiriga intervyu berar ekan, shular haqida so‘z yuritdi.

«Biz bu yerga malaka oshirish bo‘yicha ba'zi bir rahbarlarni tez-tez chaqirib turamiz. Shu jumladan, bir viloyat hokim muovinini ham taklif qildik. Birinchi muovinlari. U kishi bilan birgalikda har kuni uchrashuv bo‘ldi.

U kishi uchrashuvlarning birida o‘rnidan turdi-da, (tadbirkorlarga qarata – tahr.) agar siz bizning viloyatimizga kelib, qaysi yerimizni bir nuqtasini ko‘rsatsangiz, sizga yoqqan bo‘lsa, u yerda inshoot bo‘ladimi, park bo‘ladimi, bog‘ bo‘ladimi – shundoq buzaman-da, sizga beraman dedi. O‘zi ushbu muovin ham ataylab aytgani yo‘q, chunki bizda bu tabiiy hol. Bizning O‘zbekistonda, (mansabdor shaxsni – tahr.) mening eng yaqin do‘stim ekan, mardlik qilyapti, deb tushunamiz.

Lekin turk tadbirkorlari hammasi menga ko‘zini olaytirib, hayron qarab turibdi: “sen kecha bizga boshqacha gapirayotganding, bu nima deyapti”, degandek. Men birinchi muovinga sekin shipshidim: “ey, og‘ayni, bular mulkdor, yerga munosabati umuman boshqacha, agar birovning yerini bular uchun buzib beradigan bo‘lsang, 3-4 yildan keyin bularnikini ham boshqa odamga buzib berar ekansan-da, (deb tushunmasliklari uchun) hech bo‘lmasa, gapingni suvab yuborib, (binosi) buzilgan odamga kompensatsiya beraman, pulini beraman, deb aytgin, desam, hokimimiz muovini meni tushunmayapti», - deya ta'kidladi Alisher A'zamxo‘jayev.

Elchi janoblari yana bir misol bilan boshqa turk tadbirkori O‘zbekistonga sarmoya yotqizishdan bir zumda voz kechgani, shu bilan birga, u nima uchun bunday qarorga kelganini izohlaganini ham ma'lum qildi.

«Yaqinda yana bir hokimiyat vakillaridan biri keldi. Bir korxona rahbarining oldiga olib bordik. Judayam baquvvat (badavlat – tahr.) odam. Men uni ikki oy (mobaynida – tahr.) “O‘zbekistondan zo‘ri yo‘q, O‘zbekiston sening vataning bo‘ladi, u yerda uy sotib olasan, shu korxonani o‘sha yerda qurmasak bo‘lmaydi”, deb juda ishontirganman. Tadbirkor tayyor, pishib turibdi.

Birdaniga u hokim buva o‘tirdilar-da, “men sizga so‘z beraman, birorta prokuror, birorta melisa, birorta sudya, hech kim sizga tegajog‘liq qilmaydi. Men o‘zim garantman. Kelasiz, korxonangizni ochasiz, ishlaymiz”, dedi.

Tadbirkor menga qarab, “shu kungacha men ishtiyoq bilan O‘zbekiston haqida o‘ylab yurgan edim, endi bormayman”, deydi. “Nimaga?”, deb so‘rasak, “hamma narsa bitta odam bilan hal bo‘ladigan bo‘lsa, men nima qilaman bunaqa joyni”, dedi. Hokimiyat vakili, nima deyishim kerak edi, deb so‘radi. Tadbirkor “agar siz menga, bizda qonun ustuvor, hech kim hech narsa qila olmaydi (qonundan tashqari – tahr.) desangiz edi, ertaga jomadonimni ko‘tarib borardim. Agar hamma ish sizga bog‘liq bo‘lsa, ertaga menga nisbatan kayfiyatingiz o‘zgarib qolsa, menga ham shunaqa muomala qilarkansiz-da. Nima, qonun ustuvorligi yo‘qmi?”, dedi», - deya qayd etdi elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mulk va mulkdorga bo‘lgan munosabat yo‘q, ammo asta-sekinlik bilan bu jarayon yo‘lga qo‘yilmoqda.

«Bizda mulkdorga bo‘lgan munosabat yo‘q hali. Bu narsa, sekin-sekin yo‘lga qo‘yilmoqda, prezidentimiz shu narsa bo‘yicha ishlayaptilar. Biz shu madaniyatni ko‘tarishimiz kerak», - dedi Alisher A'zamxo‘jayev.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top