O‘zbekiston | 17:34 / 27.09.2022
6607
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yil oxirigacha ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 78,5 foizga yetkaziladi

2022 yil yakuniga qadar viloyatda qariyb 52 000 nafar aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Yil boshida viloyat aholisining 68,2 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi.

Foto: «Navoiy suv ta’minoti» MChJ

“Navoiy suv ta’minoti” MChJ viloyat aholisini asosan 3 ta manba –“Damxo‘ja” suv tarmog‘i, Amu-Buxoro magistral kanali va lokal suv tarmoqlari hisobidan toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Viloyatda jami 209 ta ichimlik suvi inshooti va 3 640,3 km ichimlik suvi quvurlari bor. Bu haqda “Navoiy suv ta’minoti” MChJ mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, MChJ tomonidan viloyatdagi 460,1 ming nafar aholiga markazlashgan holda ichimlik suvi yetkazib beriladi. Aholining qolgan qismini esa “Issiqlik manbai” DUK ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

Foto: «Navoiy suv ta’minoti» MChJ

Joriy yilda viloyatda 273,4 km ichimlik suv tarmoqlari va 17 dona suv inshootini qurilish-rekonstruksiya qilish uchun respublika budjetidan 65,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bugungi kunga qadar 50,6 mlrd so‘m mablag‘ni o‘zlashtirish hisobiga 252 km ichimlik suv tarmoqlari tortilgan. Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan esa 2,4 mlrd so‘m ajratilib, bugungi kungacha 22,4 km uzunlikdagi ichimlik suvi quvuri tortib bo‘lingan.

Bundan tashqari, viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida viloyat bo‘yicha qariyb 53 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 165,9 km ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi hamda 15 ta suv inshooti qurilishi reja qilingan. Bu orqali 20 ming nafardan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 17 ming nafar fuqaroning esa ta’minoti yaxshilanadi.

Foto: «Navoiy suv ta’minoti» MChJ

“Navoiy suv ta’minoti” MChJ rahbari Otabek Zaripovga ko‘ra, yil yakuniga qadar viloyatdagi 52 000 nafarga yaqin aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi. Natijada, viloyatda aholining markazlashgan ichimlik suvi ta’minlanganlik darajasi 78,5 foizga yetadi. 

Mavzuga oid