O‘zbekiston | 10:57 / 23.09.2019
8015
5 daqiqa o‘qiladi

Parlament: To‘lovlar to‘g‘risidagi yangi qonun «yashirin» iqtisodiyot hajmini keskin qisqartirish imkoniyatini yaratadi

Bank tizimi barqarorligining ta'minlanishi, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning izchil borishi mamlakat iqtisodiyotining baravj rivojlanishida muhim omil hisoblanadi, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni mas'ul xodimi Salohiddin Hamdamov.

Qayd etilishicha, davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatini tubdan takomillashtirish hamda bank xizmatlari ommabopligini oshirishga yo‘naltirilgan Farmon va qarorlarining qabul qilinishi banklar va to‘lov tizimi barqarorligini ta'minlashning strategik maqsadli yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Shundan kelib chiqib, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ham ishlab chiqildi. Hozirga qadar amalda bo‘lgan “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va qonunosti hujjatlari faqatgina bank sohasining tegishli qismiga taalluqli ekani hech kimga sir emas, deydi S.Hamdamov.

Uning aytishicha, bank va nobank moliya institutlarida raqamli bank texnologiyalarining rivojlanishi to‘lov xizmatlari sohasida yangi sub'yektlar, ya'ni to‘lov tizimi operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining vujudga kelishiga zamin yaratdi. Mamlakatda to‘lov va to‘lov tizimlari to‘g‘risidagi qonunning mavjud emasligi sohaning to‘laqonli faoliyat yuritishiga, ulardagi xizmat turlarining kengayishiga to‘siq bo‘layotgan edi.

“Ta'kidlash joiz, rivojlangan davlatlarda to‘lovlar va to‘lov tizimlari sohasini, jumladan, elektron pullar tizimini tartibga soluvchi qonunlar mavjud. Bugungi kunga kelib, to‘lovlar va to‘lov tizimini tartibga soluvchi va uning nazoratini olib boruvchi vakolatli davlat organining belgilanmagani bu sohada xatarlarning vujudga kelishiga yo‘l ochayotgan edi.

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni to‘lovlar sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlarning ko‘lamini kengaytirib, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining turli xil xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish vakolatini beradi. Bu, albatta, to‘lov tizimidan foydalanuvchilarga keng imkoniyatlar yaratib, to‘lov xizmatlarining ommabopligi va shaffofligini ta'minlaydi, to‘lov infratuzilmasining kengayishiga olib keladi”, - deb yozadi Qonunchilik palatasi Devoni mas'ul xodimi.

Uning bildirishicha, qonunning qabul qilinishi milliy to‘lov tizimlarining uzluksizligini ta'minlashga, ularning barqarorligini oshirishga, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitining yaratilishiga, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquq hamda majburiyatlarini himoya qilishga yordam beradi.

Milliy to‘lov tizimining yanada takomillashtirilishi aholi va tadbirkorlik sub'yektlari uchun xavfsiz, ishonchli va qonuniy kafolatlangan to‘lov xizmatlari bozorining to‘laqonli shakllantirilishiga sharoit yaratadi. Milliy to‘lov tizimining institutsional, infratuzilmaviy va me'yoriy-huquqiy bazasining takomillashtirilishi, bank xizmatlari qamrovi va ommabopligining ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida rivojlanishi aholining ham, tadbirkorlik sub'yektlarining ham to‘lov xizmatlari bozoridagi talabi qondirilishiga ko‘maklashadi.

Shuningdek, qayd etilishicha, mazkur qonunning qabul qilinishi naqd pulsiz, shu jumladan, bank plastik kartalari orqali to‘lovlarning amalga oshirilishida aholi va tadbirkorlarning hamda ulardan to‘lovlarni qabul qilib oluvchilar o‘rtasida hisob-kitoblarning zamonaviy, samarali tizimining yo‘lga qo‘yilishida muhim omil bo‘ladi. Iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan raqamli iqtisodiyotning takomillashtirilishi, uni modernizatsiya qilish hamda “yashirin” iqtisodiyotga qarshi kurashish va uning hajmini keskin qisqartirish imkoniyatini yaratadi.

Mavzuga oid