09:24 / 28.08.2020
28358

Svetlana Tixanovskaya belaruslar yetakchisiga aylanishdan uni nima to‘sib turgani haqida gapirdi

Tixanovskayaning BBC’ga ma'lum qilishicha,  agar harakatlar hozir orqaga chekinsa, ularni kelgusida qulga aylanish taqdiri kutayotgan bo‘lishi mumkin.

Saylov tugaganiga 2 haftadan oshdi, noroziliklar esa davom etmoqda. Shunga qaramay, Aleksandr Lukashenko ortga chekinish haqida hech qanday belgi bermayapti. U yaqin kunlarda tartibsizliklarga barham berishni va'da qilgan.

Tixanovskaya saylov kampaniyasi davomida ko‘p ovoz yiqqan asosiy muxolifatchi nomzod sifatida turibdi. U 9 avgust kuni o‘tgan saylovdan so‘ng Litvaga jo‘nab ketgandi. Uning bunday qilishiga Lukashenko saylanganidan keyin oilasi xavfsizligidan qo‘rqqani sabab bo‘lgan. Tixanovskaya o‘zini xavfsiz his qilganida mamlakatga qaytib kelishini ta'kidladi.

O‘tgan dam olish kuni Lukashenkoga qarshilar 200 ming kishi bo‘lib, Minskdagi markaziy maydonni to‘ldirib yubordi. Ommaviy namoyishlar hamon davom etmoqda.

Tixanovskaya BBC’ga bergan intervyusida belarusiyaliklar uni bo‘lajak prezident deb emas, balki «o‘zgarishlar ramzi» sifatida qabul qilib ovoz berishganini ta'kidladi.

«Ular kelajaklari uchun hayqiryaptilar, ular ozod mamlakatda, zo‘ravonlikka qarshi, o‘zlarining huquqlari uchun yashashni xohlaydilar. Bizning ortga qaytishga haqqimiz yo‘q. Agar shunday qilsak, biz qullarga aylanishimiz mumkin. Buni hammamiz yaxshi tushunamiz. Biz oxirigacha kurashamiz», – deydi u G‘arb OAVga bergan intervyusida.

«Men yo‘lboshchi emasman, ortimdan odamlarni ergashtira olmayman, chunki qo‘rqyapman. Bu qo‘rquv boshqalardan ko‘ra menda kuchliroq. Menimcha, bu qo‘rquv mas'uliyat bo‘lsa kerak. Odamlar mendan qarorlar, nutqlar kutishmoqda. Men ular kutgan narsani yetarli darajada bajara olmasligimdan qo‘rqyapman. Bu qo‘rquv javobgarlikning o‘zigina ham emas», – deydi Tixanovskaya.

U intervyuda shuncha sa'y-harakatlar samarasiz ketishi mumkinligiga ishonmasligi, belarus xalqiga ishonishini ta'kidladi.

Prezident Aleksandr Lukashenko so‘nggi kunlarda tez-tez Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan qo‘ng‘iroqlashib turibdi. U inqiroz yaqin orada tugashiga va'da bergan.

Tixanovskayaning Muvofiqlashtiruvchi kengashidagi ittifoqchilari hibsga olinib, ular ustidan jinoiy ish ochilgan, ular noqonuniy ravishda hokimiyatni egallab olganlikda ayblanmoqda.

Namoyishchilarga bosimlar bo‘layotgani haqida xabarlar bor. Davlat televideniyesidagi ishini tashlab chiqib ketganlarga ishlari qaytarib berilmasligi aytilgan. Minsk traktor zavodi tashqarisidagi namoyishlarga politsiya aralashib, namoyishchilarni hibsga olgan.

Yevropa Ittifoqi rahbarlari va AQSh hukumati Lukashenkoning g‘alabasini firibgarlik deb hisoblab, muxolifatning saylovlarni qayta o‘tkazish talabini qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘z navbatida, Rossiya zarur bo‘lganda Lukashenkoni qo‘llashga tayyorligini bildirmoqda.

Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi Lukashenkoga qarshi sanksiyalar joriy etish arafasida.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top