08:23 / 05.01.2021
4488

Yuklarni bojxona nazorati ostida tashish tartibi soddalashtirildi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida tashqi savdo yuklarini bojxona nazorati ostida tashishni soddalashtirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Bojxona nazorati ostida avtomobil yo‘llarida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida va interaktiv shaklda o‘zaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
 
Bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi jo‘natuvchi hamda manzil bojxona postlarida, shuningdek qabul qilish-topshirish punktlarida ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
 
Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirishda tashuvchi, yuk jo‘natuvchi yoki yuk qabul qiluvchining sarflangan xarajatlari bojxona organlari tomonidan qoplab berilmaydi.
 
Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan transport vositalari ichki ishlar organlarining blok postlarida to‘xtalishi hamda tovarlarni ko‘rish uchun avtomobilning yuk bo‘lmasi ochilishi taqiqlanadi.
 
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta'minlash vakolatli organlar tomonidan elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi.
 
Bojxona hamrohligida kuzatib borish kunning yorug‘ vaqtida, avtotransport vositasi jo‘natuvchi bojxona organiga yetib kelgan paytdan e'tiboran 6 soatdan kechiktirmay boshlanishi lozim.
 
Shuningdek Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • bojxona hamrohligidagi kuzatuvni tashkillashtirish;
  • bojxona yig‘imlarini to‘lash tartibi;
  • bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari.
Top