16:50 / 15.01.2021
11829

Jizzaxdagi auksion mashmashasi: Bosh prokuratura protest keltirdi, binoning sobiq egasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Auksiondan mulk yutib olgan tadbirkor Gyunel Aliyevaning arizasidan so‘ng Bosh prokuratura FIB Jizzax tumanlararo va viloyat sudlariga protest keltirgan. Protest Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Kun.uz ushbu mashmasha haqida jurnalistik surishtiruv o‘tkazgan edi.

Tadbirkor Gyunel Aliyeva 2019 yil noyabr oyida MIB tomonidan ijro hujjatlari asosida onlayn auksionga chiqarilgan, qurilishi tugallanmagan noturar obektni xarid qiladi.

Binoning avvalgi egasi — «UZ KAMOL TEKS» MChJ rahbari Qosimjon Husanov auksion noto‘g‘ri o‘tkazilganini ro‘kach qilib, uning natijalarini bekor qilish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga murojaat qiladi va 2020 yil 14 sentyabrda uning talablari qanoatlantiriladi, auksion natijalari bekor qilinadi. Boz ustiga auksionga mulkni rasmiylashtirib chiqargan MIB Jizzax shahar bo‘limi va Gyunel Aliyevadan solidar tarzda 11 mln 600 ming so‘m davlat boji undirish ham yuklatiladi.

Sud qaroriga nisbatan Jizzax shahar prokuraturasi protest keltiradi va ish FIB Jizzax viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, dastlabki instansiya qarori o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Qosimjon Husanov ushbu sudlargacha, auksionda g‘olib bo‘lgan Gyunel Aliyeva binoga qo‘yilgan taqiqlarni yechib, o‘z nomiga rasmiylashtirganidan so‘ng, 30 dekabr kuni qalbaki reyestr bilan boshqa bir insonga notarius orqali oldi-sotdi shartnomasi bilan sotadi (keyinchalik bu reyestr Jizzax shahar ma'muriy sudi tomonidan bekor qilinadi).

Bosh prokuraturaning G.Aliyevaga ma'lum qilishicha, ushbu holat bo‘yicha 2021 yilning 5 yanvar kuni Jizzax shahar prokurori tomonidan Qosimjon Husanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Top