Navbatdagi murojaat Jizzax shahridan kelib tushdi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va uni kengaytirishga qaror qilgan Gyunel Aliyeva Jizzax kichik sanoat zonasida joylashgan ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binoni 2019 yil 22 noyabrda onlayn auksionda yutib oladi.

Onlayn auksiondan mulk xarid qilib foyda va daromad olish o‘rniga o‘ziga qo‘shimcha boshog‘riq orttirib olgan yuzlab (balki minglab) insonlar singari navbatdagi insofli egallovchi — Gyunel Aliyeva bugungi kunga kelib xarid qilgan mulkidan ajralib qolish arafasida va o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan ravishda sudma-sud sarson bo‘lmoqda.

Uning yakka-yu yagona «aybi» — insofli egallovchi sifatida davlatning onlayn auksionida ishtirok etib, mulkni qo‘lga kiritgani.

2019 yilda «UZ KAMOL TEKS» MChJga tegishli bo‘lgan, yer maydoni 9,33 sotixli ushbu noturar ko‘chmas mulk avval «Aloqabank»ning Jizzax filialidan olingan kredit uchun garovda turgan. Kredit o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli, G‘allaorol tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, undiruv garovdagi mulkka qaratilgan va ijro yuzasidan bino onlayn auksionga chiqarilgan.

302 million so‘m evaziga auksionda g‘olib chiqib, mulkni qo‘lga kiritgan Gyunel Aliyevaning aytishicha, u mulkni xarid qilganida u bir qavatli binodan iborat bo‘lgan, faqat kirish qismidagi bino ustida 2-qavat ko‘tarilib, tom qismiga fermalar o‘rnatilgan bo‘lgan. U 2-qavat tomini profnastil bilan yopgan, suvalmagan binoni to‘liq suvoqdan chiqargan, derazalarga plastik romlar o‘rnatgan, kanalizatsiya o‘tkazgan.

AT «Aloqabank» Jizzax filiali yuristi Akbarali Meliboyevning ta'kidlashicha, garovga qo‘yilgan bir qavatli bino o‘zgartirilayotganda yoki uning hududida qo‘shimcha narsalar qurilayotganida albatta garovga oluvchi — bankning ruxsati olinishi kerak bo‘lgan. Biroq MChJ rahbari bunday qilmagan.