00:34 / 09.04.2021
13019

Ramzon Qodirov Rossiya regionini eng uzoq boshqarayotgan rahbarga aylandi

Foto: RIA "Novosti"

Ramzon Qodirov Rossiya hududlari rahbarlari orasida o‘z lavozimida eng uzoq qolayotgan siyosatchiga aylandi. U Chechenistonga 14 yildan beri rahbarlik qilib kelmoqda.

Qodirov Ulyanovsk oblasti gubernatori Sergey Morozov iste'foga chiqqach, bu nomga sazovor bo‘ldi.

U Chechenistonni 2007 yil fevraldan beri boshqarib kelmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘shanda Checheniston prezidenti Ali Alxanovni iste'foga chiqarish bilan bir vaqtda, uning o‘rniga vaqtincha Ramzon Qodirovni tayinlagandi. 2007 yil martida Checheniston parlamenti Qodirov nomzodini respublika rahbari lavozimiga tasdiqlagan va 5 aprelda Gudermesda uning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan. 2011 yildan boshlab Checheniston prezidenti lavozimi Checheniston rahbari deb atala boshlangan.  

Rossiyaning o‘z lavozimida eng uzoq qolayotgan gubernatorlari yetakchi uchligidan Roman Kopin va Natalya Komarova ham joy oldi. Kopin 2008 yildan beri Chukotka avtonom okrugiga, Komarova esa 2010 yil martidan Xanti-Mansiysk avtonom okrugiga rahbarlik qilib kelmoqda

Morozov 8 aprelda iste'foga chiqishini e'lon qildi. U o‘z qarorini “dunyo o‘zgarayotgani” va gubernator lavozimidagi 16 yillik faoliyatidan keyin yo‘lni yoshlarga bo‘shatish kerakligi bilan tushuntirgan. Morozov o‘z lavozimidan ketgach, e'tiborini “federal darajadagi masalalarni hal qilishga qaratmoqchiligini” ma'lum qildi. Jumladan, u davlat dumasiga saylovlarda ishtirok etmoqchi.

Top