11:34 / 27.07.2021
3803

Tunisda komendantlik soati kiritildi va ommaviy yig‘inlar taqiqlandi

Tunis prezidenti Qays Said mamlakatda ommaviy yig‘inlar taqiqlanishi va komendantlik soati kiritilishini e'lon qildi. Mamlakatda 26 iyuldan 27 avgustgacha soat 19dan soat 6gacha odamlar va transport vositalarining harakatlanishi taqiqlab qo‘yildi. Bundan tungi vaqt ishlovchi odamlar va ortga surib bo‘lmas tibbiy holatlar istisno qilingan.

Foto: Reuters

Ushbu choralar mamlakatdagi beqaror siyosiy vaziyat bilan bog‘langan.

Said, shuningdek, umumiy foydalanish ko‘chalari va maydonlarda 3 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilishni hamda shaharlar o‘rtasida odamlar va transport vositalari harakatlanishini ham taqiqlab qo‘ydi.

Avvalroq Tunis prezidenti bosh vazir Hisham Mashishini iste'foga chiqardi va parlament ishini 30 kunga to‘xtatib qo‘ydi. U bunday qarorni mamlakatda hukumatga va 2011 yildan beri hokimiyatni egallab kelayotgan “An-Nahda” partiyasiga qarshi o‘tgan namoyishlardan keyin qabul qildi.

Shundan keyin parlament binosi yaqinida prezident va “An-Nahda” tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan.     

Ayni vaqtda Tunis koronavirusdan o‘lim bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallamoqda. Tunis prezidenti koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni “falokatli” deb atagandi va undan chiqishni armiya o‘z zimmasiga olishini e'lon qilgandi.

Top