12:00 / 04.08.2021
63807

Ekopartiya prezidentlik saylovidagi nomzodini e'lon qildi

Ilk marta O‘zbekiston prezidentligi saylovida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, prezident saylovida Ekopartiya tomonidan partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadi. Navbatdan tashqari plenumda Narzulla Oblomurodov ham so‘zga chiqdi.

Plenumda Ekopartiya saylovda o‘z elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda munosib ishtirok etishi ta'kidlandi. 

Shuningdek, Ekopartiyaning saylovoldi platformasidagi quyidagi asosiy yo‘nalishlar ma'lum qilindi:

  • ekologik xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish;
  • atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlar yaratish;
  • iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi hududini yanada rivojlantirish;
  • davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish;
  • sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan va madaniy-ma'rifiy sohalarni yanada rivojlantirish;
  • tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Ma'lumot uchun, Ekopartiya 2021 yilgi O‘zbekiston prezidenti saylovida birinchi bo‘lib o‘z nomzodini ko‘satdi. Saylov 24 oktyabr kuni o‘tkaziladi. Unda faqat siyosiy partiyalar o‘z nomzodini ko‘rsata oladi.

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma'qullashi, respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top