13:40 / 08.09.2021
1625

Qoraqalpog‘istonda qariyb 1,5 mlrd so‘mlik kitob karvoni yo‘lga chiqdi

Qoraqalpog‘istondagi maktablarga 81 ming donadan ziyod "kitoblar karvoni" yetib bordi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istondagi maktablar hamda shahar va tumanlardagi axborot resurs markazlarining kutubxona fondi uchun 55 ming dona qoraqalpoq tilidagi kitoblar chop etilgan. 26 ming donadan ziyod o‘zbek tilidagi adabiy kitoblar sotib olingan. Bular uchun 1,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan.

Kecha, 7 sentabr kuni Nukusdan adabiy kitoblar yuklangan kitob karvonlari o‘z manzillariga qarab yo‘l olgandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Dovud Qurbaniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Rustem Reimov ishtirok etishdi.

Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, kitoblar Qoraqalpog‘istondagi barcha maktablarga yetib borgan.

Ta'kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qarori asosida umumiy o‘rta ta'lim maktablarining kutubxona fondlarini adabiy kitoblar bilan ta'minlash maqsadida ularga mablag‘ ajratish belgilangan edi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Saida Mirziyoyeva I.V.Savitskiy merosi haqida turkum kitoblar tayyorlanayotganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top