19:35 / 29.12.2021
10449

Tokio-2020 g‘oliblariga atalgan yil. «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti laureatlari e’lon qilindi

Foto: Tribuna.uz

Bugun, 29 dekabr kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida «Uzbekistan Sport Awards-2021» milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

O‘zbek sportining yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigi bilan boshlandi.

Foto: Tribuna.uz

Shundan so‘ng turli nominatsiyalarda yilning eng yaxshilari taqdirlandi. Jumladan, «Yil kashfiyoti» sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovga nasib qildi.

E’tiborlisi, marosimda eng asosiy sovrin – «Yilning eng yaxshi sportchisi» ikki yo‘nalishda tanlandi. Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, «Yilning eng yaxshi sportchisi» deya boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov topildi.

Respublika komissiyasi xulosasiga ko‘ra, «Yilning eng yaxshi sportchisi» deya, O‘zbekiston milliy kubogi g‘olibi – og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev e’lon qilindi. Har ikki g‘olib ham 10 ming AQSh dollari mukofot puli bilan taqdirlandi.

Barcha nominatsiyalar g‘oliblari:

  • «Sport sohasidagi ko‘p yillik xizmati uchun» O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov taqdirlandi.
  • «Yilning eng faol ommaviy sport targ‘ibotchisi» sifatida Mudofaa vazirligi sport markazi e’tirof etildi.
  • «Yilning eng faol sport jurnalisti» – «Sport TV» telekanali jurnalisti Shafoat Tolibjonova.
  • «Yilning eng faol sport foto muxbiri» – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va «Olamsport.com» sayti fotomuxbiri Almurat Mamadaminov.
  • «Yilning eng faol sport muxlisi» sifatida Abdurahmon Fozilov e’tirof etildi.
  • «Sport yo‘nalishi bo‘yicha yilning eng faol matbuot xizmati» sifatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi e’tirof etildi.
  • «Yilning eng faol sport sayti» sifatida «Spors.uz» sayti e’tirof etildi.
  • «Yilning eng faol sport maktabi» sifatida Buxoro tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabi e’tirof etildi.
  • «Yilning eng yaxshi murabbiyi» sifatida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi – Xan Pavel e’tirof etildi.
  • «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» – boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Nigina O‘ktamova.
  • «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» – erkin kurash bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Kamronbek Kadamov.
  • «Yilning eng tomoshabop sport tadbirlari tashkilotchisi» sifatida O‘zbekiston aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi e’tirof etildi.
  • «Yilning eng matonatli erkak sportchisi» – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Elbek Sultonov.
  • «Yilning eng matonatli ayol sportchisi» – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Nurxon Qurbonova.
  • «Yilning eng yaxshi para sport murabbiyi» – para yengil atletika bo‘yicha murabbiy Sardor Abduxoliqov.
  • «Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi» – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Boburjon Omonov.
  • «Yilning eng yaxshi yosh matonatli sportchisi» – para yengil atletika bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Asila Mirzayorova.
  • «Yilning eng saxiy sport homiysi» - «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyati, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati va «Orient Finans Bank» – xususiy aksiyadorlik tijorat banki.
  • «Yilning eng halol hakami» sifatida dzyudo bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam, Xalqaro dzyudo federatsiyasining ko‘plab musobaqalardagi asosiy bahslarida hakam sifatida ishlagan Ramziddin Saidov e’tirof etildi.
  • «Yilning eng yaxshi sport federatsiyasi» sifatida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi.
  • «Yilning eng intiluvchan federatsiyasi» sifatida O‘zbekiston tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga sportchisi yo‘llanma olgan O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi.
  • «Sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qo‘shgan hissasi uchun» – Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov taqdirlandi.
  • «Yil kashfiyoti» sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitov.

Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, «Yilning eng yaxshi sportchisi» – boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov.

Foto: Tribuna.uz

Respublika Komissiyasi xulosasiga ko‘ra, «Yilning eng yaxshi sportchisi» O‘zbekiston Milliy kubogi g‘olibi – og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev.

Foto: Tribuna.uz

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning eng yaxshi sportchisi nomiga dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi Davlat Bobonov munosib ko‘rilgan edi. Yilning eng yaxshi murabbiyi nomi esa sambo bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Roman Shakirovga nasib qilgan.

Top