16:02 / 23.03.2022
8086

Abdulla Aripov va Rustam Minnixanov «Chirchiq» texnoparki qurilishiga start berdi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkining qurilishiga start berishdi. Texnopark Qozondagi «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Chirchiq shahrida «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Marosimda bosh vazir Abdulla Aripov, Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov, O‘zbekiston va Tatariston vazirlik, idora va tashkilotlari rahbarlari, kimyo va neft-kimyo sanoati vakillari, tadbirkorlar va keng jamoatchilik vakillari qatnashgan.

Ma’lum qilinishicha, dastlab faxriy mehmonlar va tadbir ishtirokchilari «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki taqdimoti, hududi, imkoniyatlari va texnopark rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishgan.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar barchani mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan tabriklagan. O‘zbekiston prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi «Toshkent viloyatida «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar hududda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, texnoparkning umumiy maydoni 31,22 gektar bo‘lib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu yerda 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Texnopark to‘liq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etiladi va yiliga 15 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.

Buning uchun Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan olib kelinadigan zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Barcha sanoat tarmoqlari ekologik talablarga javob beradi.

Tadbirda ramziy tugma bosilib, «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki loyihasiga rasman start berilgan.

Ikki davlat ishbilarmonlari, mas’ullari tomonidan texnopark hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolangan.

Mavzuga oid
Top