21:35 / 15.09.2022
36006

Andijon shahrining sobiq hokimi, prokurori va boshqa rahbarlari sud qilinmoqda 

63 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ni talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgan Andijon shahrining sobiq rahbarlari Farg‘onada sud qilinyapti. Ular orasida Andijon shahrining sobiq prokurori ham bor. Tergov xulosasiga ko‘ra, prokuror uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilib, maorif tizimidagi mansabdorlardan «dolya» olib yurgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi binosida sud qilinayotgan Andijon shahrining sobiq hokimi va prokurori doxil sudlanuvchilar jami 44 nafar. Ularning 15 nafari ayollar.

63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlanayotgan Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov, shaharning sobiq prokurori Qurbonali Asqarov, viloyat XTB sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov — jami 44 kishilik jinoiy guruhga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni davom etmoqda. Sudlanayotganlarning 34 nafari ehtiyot chorasi sifatida sudgacha qamoqqa olingan. Shu sababli sud zalidagi har ikkala qafas ham ayblanuvchilar bilan to‘lgan.

Ochiq sud majlisida ishtirok etayotgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, ayblanuvchilar va ularning advokatlari iltimosini qanoatlantirgan. Raislik etuvchi sudya A.O‘tayev jarayonni foto va tasvirga hamda audioga yozib olishga ruxsat bermagan.

Ayblov xulosasida yozilishicha, Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati sobiq bosh hisobchisi va Andijon viloyati Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi sobiq boshlig‘i, Andijon shahar sobiq prokurori rahbarligidagi guruh 2018–2021 yillar mobaynida hujjatlarni soxtalashtirishib, asossiz ravishda shakllantirilgan soxta to‘lov qaydnomalarini rasmiylashtirish orqali, «o‘lik jonlar» nomiga ATB «O‘zsanoatqurilishbank» Bunyodkor filialida bank plastik kartalari ochishgan.

Guruh shu orqali ish haqidan ushlab qolmasdan hamda ortiqcha to‘lash orqali Andijon shahar XTB tizimida ishlamagan shaxslar hamda muqaddam ishlab ketgan, farzand parvarishida bo‘lgan xodimlar nomiga noqonuniy to‘lovlarni amalga oshirishgan. Natijada, jami 63,1 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

12–13 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Xalq ta’limi vazirligi xodimi, maktab o‘qituvchilari, ATB «O‘zsanoatqurilishbank» Bunyodkor filiali xodimi, mahalla raisi, ayblanuvchilarning qarindoshlari hamda ularning ko‘chmas mulk oldi-sotdisida bevosita ishtirok etgan shaxslar guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.

14 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Andijon shahrida joylashgan 5-, 18-, 19-, 20-, 28-, 35-o‘rta maktablarda ishlagan o‘qituvchi va xodimlar hamda 26-maxsus maktab tarbiyachilarining ko‘rsatmasi tinglandi.

Sud jarayonida qayd etilishicha, guvoh sifatida chaqirilgan N.I. 2016-2018 yillarda Andijon shahridagi 19-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. U garchi ta’lim muassasasidan ishdan bo‘shaganiga qaramay, uning nomiga 10 million so‘m oylik maosh yozilgan va bu mablag‘ mansabdorlar tomonidan talon-toroj qilingan.

Xuddi shu maktabda faoliyat yuritib, 2018 yilda pensiyaga chiqqan Sanobarxon Usmonovaning plastik kartasiga 2019 yilning mart oyida 10 million so‘m miqdorida mablag‘ tushirilgan. Guvohning sudda ko‘rsatma berishicha, u tushgan puldan xabari bo‘lmagan va mablag‘ kim tomonidan ishlatilganini ham bilmagan.

Sud majlisiga guvoh sifatida chaqirilgan yana bir o‘qituvchi D.X. esa Andijon shahridagi 28-maktabda faoliyat yuritib, 2015 yilda ishdan bo‘shagan. Uning maktabda mavjud bo‘lgan pasport ma’lumotlaridan foydalangan ayblanuvchi hisobchi Sh.S. uning nomiga bankdan plastik karta ochgan. Kartaga 33 million pul tushirib, ishlatib yuborgan. Sud jarayonida hisobchi haqiqatan ham D.X.ning nomiga plastik karta ochib, mablag‘ni ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborganini tan oldi.

35-maktab o‘qituvchisi G.A. garchi direktor o‘rinbosari lavozimida ishlamasa ham, u shu lavozimga «rasmiylashtiriladi». 6 oy davomida uning plastik raqamiga direktor o‘rinbosarining oyligi tushadi va tushgan summa 3 ga taqsimlanadi. Summaning bir qismi o‘ziga, qolgani esa maktab «katta»lariga yetkaziladi.

Sud jarayonida ko‘rsatmasi tinglangan G.Z.ning aytishicha, u Andijon shahridagi 5-maktabda kutubxonachi bo‘lib ishlagan. U oylik-maoshini naqd shaklda olgan. Hisobchi Sh.S. uning nomiga plastik karta ochib, 83 million so‘m pul tushirgan va sarflab yuborgan. Kutubxonachining o‘zi esa bundan xabari bo‘lmagan.

Muqaddam 20-maktabda farroshlik qilgan va hozirda uy bekasi bo‘lgan Sh.A.ning nomiga ham plastik karta ochilib, 170 mln so‘mdan ortiq pul tushirilgan. Tushgan pullar ham hisobchi tomonidan ishlatilgan.

Sud majlisida ko‘rsatmasi tinglangan yana bir guvoh X.M.ga ko‘ra, u Andijon shahridagi 20-maktabda ishlab, 2016 yilda dekret ta’tiliga chiqqan. Uning onasi shu maktabda ilmiy bo‘lim mudiri lavozimida ishlagan. XTB hisobchisi M.R. onasidan dekretga chiqib ketgan qizining pasport ma’lumotlarini olib, uning nomiga plastik karta ochgan. Kartaga 76 million so‘mdan ortiq pul tushirib, ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborgan.

Shuningdek, 20-maktabda farrosh bo‘lib ishlagan A.A. nomiga plastik karta ochilib, unga 163 million so‘m tushirilgan. Farrosh esa oylik maoshini naqd shaklda olgan. Farrosh plastik kartasiga tushgan mablag‘ haqida bilmagan. XTB hisobchisi M.R. tomonidan mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari Andijon viloyati XTB hisobchilari tomonidan yana bir qancha o‘qituvchilar nomiga huddi shunday plastik kartalar ochilgan. Mablag‘lar esa «tuya» qilingan.

Hisobchi bo‘lib ishlagan ayblanuvchi ayollardan biri raislik etuvchining savoliga «33 mlrdni o‘zlashtirdik, 18 mlnni ham o‘zlashtirganimizni tan olaveraman», — deya kiprik qoqmasdan, bamaylixotir javob qildi.

Sud 19 sentabrga qadar tanaffus e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida: jinoyat ishi Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi A.O‘tayev raisligida hamda sudyalar O.Arabov va Sh.Sherqulovdan iborat tarkibda, birinchi instansiya sudida ko‘rilmoqda.

Dastlabki tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksi 167-, 168-, 207-, 209-, 210-, 28+210-, 211-, 28+211- va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Jami 44 nafar sudlanuvchilarning 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo‘lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 10 nafariga esa «garov» va «uy qamog‘i» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Top