08:45 / 19.12.2022
16199

Qatar Yevroparlamentga kiritilmaslik oqibatlari haqida ogohlantirdi

Qatar korrupsiya mojarosi fonida o‘z vakillarini Yevroparlamentga kiritmaslik taklifini diskriminatsiya deb atadi.

Foto: AP

Qatar Yevroparlamentdagi korrupsiya mojarosi haqidagi ayblovlarni rad etdi va Qatar rasmiylari Yevroparlamentdagi faoliyatidan chetlatilgan taqdirda gaz ta’minoti uchun salbiy oqibatlar haqida ogohlantirdi. Bu haqda 18 dekabr, yakshanba kuni Doha bayonotiga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

Bayonotda aytilishicha, Qatarning Yevroparlamentdagi faoliyatini sud jarayoni tugagunga qadar to‘xtatib qo‘yish «kamsitish» chorasi bo‘lib, «mintaqaviy va global xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka hamda global energiya taqchilligi va xavfsizlik bo‘yicha davom etayotgan muzokaralarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi». «Biz hukumatimizning qonunbuzarliklarga aloqadorligi haqidagi da’volarni qat’iyan rad etamiz», — deyiladi bayonotda.

Dekabr oyi boshida Yevroparlament vitse-prezidenti, Gretsiyadan sotsial-demokratik qanot vakili Yeva Kayli jahon chempionati mezboni Qatar tomonidan ehtimoliy korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida oltita gumonlanuvchidan biriga aylandi. Bunga Belgiya prokuraturasining Qatar «katta miqdordagi pul va sovg‘alar yordamida Yevroparlament qarorlariga ta’sir o‘tkazishga uringan» degan gumoni sabab bo‘lgan.

11 dekabr kuni Belgiya hukumati to‘rt nafar gumonlanuvchiga ayblov e’lon qildi va ularni hibsga olishga order berdi. «Ular jinoiy tashkilotda ishtirok etish, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda», — deyiladi prokuratura xabarida. Kaylining o‘zi barcha ayblovlarni rad etdi.

15 dekabr kuni Yevroparlament deputatlarining mutlaq ko‘pchiligi tergov davomida Qatar rasmiylarining Yevroparlamentdagi ishini to‘xtatib turish uchun ovoz berdi, deb yozadi AFP. Yakuniy qaror parlament spikeri Roberta Metsola tomonidan qabul qilinadi, deya qayd etadi agentlik. Kelgusi yilda bunday lobbichilikka qarshi islohotlar paketi taqdim etiladi, deyiladi ma’lumotda.

Top