Jahon | 15:01 / 21.01.2026
1241
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Ukraina uchun YeI kreditini shoshilinch tartibda ko‘rib chiqishni ma’qulladi

Yevroparlament 2026–2027 yillar uchun Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida YeI krediti berish masalasini shoshilinch tartibda ko‘rib chiqish tartibini qo‘llash uchun ovoz berdi. Kredit ajratish bo‘yicha yakuniy ovoz berish fevral oyi boshida bo‘lib o‘tadi.

Foto: AFP

Yevroparlament Ukrainaga 2026–2027 yillar uchun 90 milliard yevro miqdorida Yevropa Ittifoqi krediti ajratishga oid uchta qonun loyihasini shoshilinch tartibda ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Ovoz berish seshanba, 20 yanvar kuni Strasburgda bo‘lib o‘tdi.

Birinchi qonun loyihasi — “Ukrainaga kredit berish bo‘yicha mustahkamlangan hamkorlik” — Yevroparlamentning 2025 yil oxirida qabul qilingan Yevropa kengashi qarorini amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tezlashtirishga rasmiy roziligi hisoblanadi. U, shuningdek, YeIning tegishli qonunchilik qoidalari doirasida Ukrainaga kredit berish uchun 24 a’zo davlat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishni ko‘zda tutadi. Bu loyiha hadli xarakterga ega bo‘lib, kredit ajratishda ishtirok etuvchi barcha tomonlar uchun zarur ishlarni boshlash haqida siyosiy signal vazifasini o‘taydi. U YeI kengashi tomonidan ma’qullangan. Ushbu hujjatga mazmunan ovoz berish jarayoni chorshanba, 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Qolgan ikki qonun loyihasi — “2026 va 2027 yillar uchun Ukrainaga kredit berish bo‘yicha mustahkamlangan hamkorlikni joriy etish reglamenti” hamda “Ukraina fondini tuzish to‘g‘risidagi 2024/792 reglamentiga o‘zgartishlar kiritish haqida” — kredit summasi, to‘lov muddatlari, moliyaviy mexanizmlar va instrumentlar, shuningdek, Ukraina zimmasidagi majburiyatlarga taalluqli. Bu ikki hujjat tegishli qo‘mitalarda ko‘rib chiqilishini, ehtimoliy tuzatishlar kiritilishini va YeI kengashi bilan kelishilishini talab qilgani uchun, ular bo‘yicha yakuniy ovoz berish Yevroparlamentning keyingi sessiyasida o‘tadi. Kutilishicha, bu sessiya 9–12 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

Yevroparlament Ukrainaga kredit ajratish jarayonini rasman boshlagani uchun, endilikda barcha tafsilotlar odatiy qonunchilik tartibiga muvofiq maxsus qo‘mitalar a’zolari va YeI kengashi tomonidan kelishib olinishi kerak.

XVJ va Yevrokomissiya baholashicha, 2026–2027 yillarda Ukrainaga davlat institutlari faoliyatini saqlab turish va harbiy yordam uchun jami 137 mlrd yevro zarur. Shu summaning 90 mlrd yevrosini YeI ajratadi, qolgan qismi esa “katta yettilik” (G7) mamlakatlaridan kelishi kerak.

Yevropa va Ukraina rasmiylari ta’kidlaganidek, Ukraina budjeti moliyaviy resurslari aprelga kelib tugashi mumkin. Shuning uchun Yevroparlament va YeI kengashida kredit ajratish haqidagi qonun loyihalarini shoshilinch tartibda ko‘rib chiqish muhim: bu Kiyevga to‘lovlarni joriy yilning ikkinchi choragida o‘z vaqtida boshlash imkonini beradi.

Yanvar o‘rtalarida Yevrokomissiya Ukraina uchun kredit bo‘yicha qonunchilik takliflarini e’lon qildi. Jumladan, unda 90 mlrd yevroni ikki qismga ajratish taklif etilgan: uchdan bir qismi — 30 mlrd yevro Kiyev budjetiga qo‘llab-quvvatlash uchun, uchdan ikki qismi — 60 mlrd yevro harbiy yordamga yo‘naltiriladi.

YeI budjeti kafolatlari ostida erkin moliya bozorlaridan qarz olish hisobiga Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida kredit ko‘rinishida moliyaviy yordam berish qarori Yevropa yetakchilari Bryusselda 2025 yil 18 dekabr kuni o‘tkazgan sammitda qabul qilingan. Qarorni 27 davlatdan 24 tasi qo‘llab-quvvatlagan. Vengriya, Slovakiya va Chexiya kreditda ishtirok etishga qarshi chiqqan, biroq qarorning o‘zini qo‘llab-quvvatlagan. Kredit shartlariga ko‘ra, Ukraina mablag‘larni faqat Rossiya urush sabab yetkazilgan zarar uchun reparatsiya to‘lagan taqdirdagina qaytarishi kerak bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid