22:15 / 16.01.2023
10793

Forbes: Turkiya dronlar tufayli Markaziy Osiyodagi ta’sirini oshirmoqda

Turkiya «dron diplomatiyasi» yordamida siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashi kutilyapti. 

Foto: AFP

Turkiya tez orada Markaziy Osiyodagi dronlar bozorida asosiy o‘yinchiga aylanishi va o‘zining iqtisodiy va siyosiy ta’sirini oshirishi mumkin, deb yozdi Forbes. 

Nashrning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlari 2020 yildan boshlab «misli ko‘rilmagan» ko‘p sonli harbiy dronlarni Turkiya, Rossiya va Erondan xarid qilgan. Xususan, Turkiya taniqli Bayraktar TB2 dronini Qirg‘iziston va Turkmanistonga eksport qilgan, Qozog‘iston bilan Anka-S dronini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Forbes ekspertlarining fikricha, Turkiya mintaqadagi uchuvchisiz samolyotlar bozorida markaziy o‘rinni egallashi mumkin, chunki bu yerda gap faqat harbiy hamkorlik haqida emas. «Dron diplomatiyasi» yordamida mamlakat Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar (Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston) bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashni kutmoqda. Jumladan, «bayroqtorlar» Tojikiston bilan chegaradagi mojaroda tarozini Qirg‘iziston foydasiga ag‘darmoqda, deb yozdi nashr. 

Shunga qaramay, «dron diplomatiyasi» xatarlardan xoli emas, xususan, Xitoy, Rossiya va Eronning javob harakatlariga sabab bo‘lishi mumkin, deb ta’kidlaydi Forbes. 

«Qirg‘izistonning keskin e’tirozlariga duch kelgan Turkiya Tojikistonga uchuvchisiz uchoqlarni sotishni yakunlay olmadi. Tojikiston esa Eronga murojaat qildi va Tehron bilan shartnoma imzoladi», dedi Amerika universiteti professori, Orion siyosat institutining katta ilmiy xodimi Sulaymon O‘zeren. 

Turkiyaning asosiy eksport dronlari Bayraktar TB2 va Bayraktar AKINCI hisoblanadi. Defense News xabariga ko‘ra, dronlarning ehtimoliy xaridorlari Buyuk Britaniya, Vengriya, Latviya, Litva, Saudiya Arabistoni, Bosniya va Gersegovina, Serbiya, Slovakiya va Urugvay. 

Top