09:08 / 16.02.2023
7810

Shveytsariya rossiyaliklarning shaxsiy aktivlarini Ukrainaga topshirmaydi

Bern qaroriga ko‘ra, qonuniy yo‘l bilan olingan xususiy mulklarni musodara qilish Shveytsariya konstitutsiyasi va xalqaro majburiyatlarini buzish hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Ukrainani urushdan keyingi tiklanishini moliyalashtirish uchun rossiyaliklarning qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan xususiy mulklarini musodara qilish Shveytsariya qonunchiligiga ziddir. Bunday bayonotni 15 fevral, chorshanba kuni Shveytsariya hukumati ushbu mavzu bo‘yicha Federal Adliya vazirligi rahbarligida faoliyat yuritayotgan ichki ishchi guruhining tahliliy hisobotini o‘rganib chiqib, ma’lum qildi.

Ukrainaga bostirib kirish bilan Rossiya xalqaro huquqni buzdi va u yetkazgan zararni qoplashga majbur. Biroq xususiy aktivlarning kompensatsiyasiz ekspropriatsiya qilinishi Shveytsariya konstitutsiyasi, uning amaldagi qonunchiligi, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini buzadi, deyiladi hukumatning Berndagi bayonotida. Unda yana shunday konstitutsiyaviy huquq va kafolatlar boshqa davlatlarda ham mavjudligi qayd etilgan.

«Xalqaro miqyosda Rossiya Markaziy bankining valuta zaxiralarini, shuningdek, Rossiyaning boshqa davlat mulkini musodara qilish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Bundan tashqari, sanksiyalar ostidagi shaxslar tomonidan sanksiyalarni buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilyapti. Shveytsariya ushbu muhokamalarni kuzatib boradi va o‘z pozitsiyasini bildirish uchun ushbu muhokamalarda qatnashadi», deyiladi press-relizda.

Bern urush boshlanganidan keyin Shveytsariyada muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlari taqdiri muhokamasidan qat’i nazar, xalqaro vaziyat rivojini kuzatishda va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

Shu kuni, 15 fevralda Shveytsariya hukumati Rossiya hujumiga uchragan mamlakatga yordam berish maqsadida Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich sheriklarining mol-mulkini musodara qilish jarayoni boshlanganini e’lon qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top