14:09 / 20.02.2023
34119

«Arsenal» yana birinchi, «Barsa» «Real»dan masofa saqlamoqda. Hafta o‘yinlari yakunlari

Yevropa futbolida dam olish kunlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Global Look Press

Angliya: «Chelsi» cho‘kmoqda, Klopp esa «Nyukasl»ning sirini biladi

Aston Villa – Arsenal 2:4
Gollar: 1:0 – 5 Uotkins, 1:1 – 16 Saka, 2:1 – 31 Koutino, 2:2 – 61 Zinchenko, 2:3 – 90+3, avtogol Martines, 2:4 – 90+7 Martinelli.
Aston Villa – Martines, Kesh, Mingz, Konsa, Moreno (Din, 78), Makginn, Koutino (Remzi, 62), Kamara, Duglas Luis (Dendonker, 67), Buendia (Beyli, 67), Uotkins (Duran, 78).
Arsenal – Remsdeyl, Uayt (Tomiyasu, 79), Gabriel, Saliba, Zinchenko, Chaka (Fabiu Viyeyra, 79), Jorjino, Edegor, Saka, Trossar (Martinelli, 68), Nketia.
Ogohlantirishlar: Saka (45), Duglas Luis (45), Martines (84).

«Arsenal» «MYu» ustidan qozonilgan yorqin g‘alabadan keyin (3:2) qora oraliqdan o‘tdi — Angliya kubogidan chiqib ketdi va APLning uch o‘yinida atigi bir ochko oldi. Gabriel Jyezussiz qolgan jamoada hujum chizig‘ida muammolar kuzatilmoqda. Mudofaada ham himoyachilar raqibning ishini osonlashtirmoqda va shanba kungi o‘yin debyutida Uotkins bundan unumli foydalandi. Bu epizodda himoyachi forvard bilan yakkama-yakka holatda qolgandi, barchasi maydon markazida to‘p yo‘qotilishidan boshlangandi.

Ko‘p o‘tmay Saka himoyachidan qaytgan to‘pni to‘xtatmasdan darvozaga yo‘llab, muvozanatni tikladi, ammo «Villa» mehmonlarga muammolar tug‘dirishda davom etdi. Birminghemliklar bosimga bardosh berishdi va ajoyib qarshi hujum uyushtirib, Filippe Koutino mavsumdagi ilk golini nishonladi. Stadionga kelgan Tom Henks sevimli jamoasi gollarini nishonlashi ijtimoiy tarmoqlarda kun mavzusiga aylandi. Bu mavsumda «Villa» tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan chiqib ketilgan barcha o‘yinda g‘alabani oxiriga qadar saqlab qolgandi.

Ammo bu seriyaga barham berildi. Hisob Zinchenkoning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasidan oldinroq ham tenglashishi mumkin edi, ammo darvoza to‘sini mezbonlar joniga ora kirdi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida londonliklar raqib darvozasi tomon 20 ga yaqin zarba yo‘lladi. Hisob 2:2 holatida esa Edegor qulay pozitsiyadan turib deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmadi. Shu bilan birga, mezbonlar ham jarima maydoniga qamalib olmadi va xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Beylining zarbasi avval darvozabonning qo‘llariga, keyin esa darvoza to‘siniga tegdi. Yana bir vaziyatda Duran qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Va bu Unai Emeri jamoasidagi oxirgi omadsizliklar emasdi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotganida Jorjino uzoq masofadan bergan zarbasi bilan darvoza to‘sinini nishonga oldi, to‘p esa pastga sho‘ng‘ib Emiliano Martinesning boshiga tegdi va darvoza to‘riga kirib ketdi. Argentinalik darvozabon xatosini tuzatishga harakat qilib, o‘yinning so‘nggi daqiqasida burchak zarbasi ijro etilayotgan vaqtda raqib jarima maydoniga yetib bordi. Ammo bu vaziyat Gabriel Martinelli qarshi hujumda bo‘sh darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. Braziliyalik futbolchi golni urishidan oldin nishonlab yubordi. «Arsenal» yana turnir jadvali peshqadamligiga qaytdi.

Nottinghem Forest – Manchester Siti 1:1
Gollar: 0:1 – 41 Bernardu Silva, 1:1 – 84 Vud.
Nottinghem Forest – Navas, Ore (Vud, 79), Felipe, Uorrell, Lodi (Toffolo, 79), Kolbek (Uilyams, 58), Shelvi (Mangalya, 72), Froyler, Gibbs-Uayt, Danilo (Ayyu, 58), Jonson.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Laport, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Alvares, 88), Grilish, Bernardu Silva, Rodri, Foden (Ake, 89), Holand.

Nottinghemdagi o‘yin ilk daqiqalardan harakat bir tomonlama bo‘lgan ko‘chani yodga solardi. Lekin bu boshi berk ko‘chaga ham o‘xshardi, «Man Siti» futbolchilari gol urishning yo‘lini qila olishmasdi. Hatto to‘p darvozaga kirishidan boshqa yo‘li qolmagandek tuyulgan vaziyatlarda ham. Grilish, Rodri, Holand, Bernardu Silva qulay vaziyatlardan foydalana olishmadi... Va faqat bo‘lim oxirida portugaliyalik futbolchi uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi.

Bu o‘z vaqtida urilgan gol edi, chunki ikkinchi bo‘limda «shaharliklar» «saxiylik» qilishda davom etishdi. Ular bir necha metr masofadan turib ham Keylor Navasni dog‘da qoldirolmasdi, vaziyatlarni besamar uzatmalar bilan yo‘qqa chiqarishardi, ayniqsa Foden tushunarsiz xatolarga yo‘l qo‘ydi. Holand raqib xatosidan keyin to‘pni egallab olib, jarima maydoniga kirib bordi, ammo zarba berish o‘rniga yiqilib, penalti so‘radi va hech narsasiz qoldi. Keyingi vaziyatda esa qulay vaziyatdan turib to‘pni darvoza to‘siniga qarab tepdi, qaytgan to‘pni esa darvozabon gazonda yotgan holatida yana yuqorilatib tepib yubordi. Gundo‘g‘anning jarima nuqtasidan darvoza to‘sini ostiga yo‘llagan zarbasini Navast to‘sdi. O‘yin yakuniga ko‘ra zarbalar bo‘yicha ko‘rsatkich 23 ga 4 nisbatida edi.

Ammo bular hammasi emasdi. «O‘rmonchilar» himoyachi Ore jarohat olgach va-bankka borishdi va uning o‘rniga hujumchi Vud tushirildi. Aynan yangi zelandiyalik futbolchi Gibbs-Uaytning qanotdan uzatmasidan keyin to‘pni darvoza to‘riga joylab, «Siti»ni shokka tushirdi. Chempionlar yana ta’qib etuvchiga roliga qaytdi.

Chelsi – Sauthempton 0:1
Gol: 0:1 – 45 Uord-Prouz.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta (Chaloba, 84), Kulibali (Fofana, 46), Badyashil, Chiluell (Gallaxer, 84), Kovachich, Maunt (Haverts, 64), Fernandes, Joau Feliks, Madueke (Mudrik, 64), Fofana (Sterling, 46).
Sauthempton – Bazunu, Bednarek, Bella-Kochap, Perro, Armstrong (Uolkott, 59), Elyunussi (Alkaras, 87), Uord-Prouz, Lavia (Diallo, 87), Meytlend-Naylz, Sulemana (Armstrong, 59), Onuachu (Mara, 59).

Bu vaqtda «Chelsi»ning dahshatli tushi davom etmoqda. YeChLda Dortmundda uchralgan mag‘lubiyatdan keyin ko‘klar APL turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida borayotgan «Sauthempton»ga o‘z uyida yutqazib qo‘ydi. «Avliyolar» jamoasini oxirgi o‘rindan Uord-Prouzning unikal talanti olib chiqishi mumkin, uning «jonli devor» ustidan oshirib yo‘llagan zarbasi Kepaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Ushbu yarimhimoyachi yana bir shunday goli bilan APLda jarimadan 18 gol urgan Bekhemning rekordini takrorlaydi.

«Chelsi» 15 yanvardan buyon g‘alaba qozonmayapti va besh o‘yinda atigi bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. Bu o‘yin oxirida Aspilikuetaning og‘ir jarohat olishi Grem Potter jamoasi o‘yiniga qanday ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilish qiyin. Qaychi uslubida zarba berishga harakat qilgan Mara oyog‘i bilan ispaniyalik himoyachining boshiga tepib yubordi va futbolchi gazonga qulashi bilan atrofdagi futbolchilar tibbiy yordam chaqira boshlashdi. Shifokorlar Aspilikueta atrofida qariyb to‘qqiz daqiqa o‘rmalashdi va shundan keyin faxriy futbolchi zambilda maydondan olib ketildi. Uni shifoxonaga yotqizishgan, ammo asosiysi u o‘ziga kelgan va rafiqasi bilan gaplashgan.

Nyukasl — Liverpul 0:2
Gollar: Nunes (10), Gakpo (17).
Nyukasl – Poup, Tripper (Merfi, 64), Sher, Botman, Bern, Anderson (Dubravka, 24), Longstaff, Almiron (Gordon, 64), Sen-Maksimen, Joelinton (Ritchi, 71), Isak (Uilson, 64).
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Gomes, Roberson, Baychetich (Milner, 59), Henderson (Elliott, 59), Fabino, Saloh, Gakpo (Jota, 59), Nunes (Firmino, 59).
Ogohlantirishlar: Fabino (20), Almiron (37).
Chetlatish: Poup (22).

Boy homiylar qo‘liga o‘tgan «Nyukasl» Chempionlar ligasi hududida. «Liverpul» — turnir jadvali o‘rtalarida bormoqda. Xuddiki APLda hokimiyat o‘zgargandek, ammo «qarg‘alar»ni shu kuni hatto o‘z maydonidagi o‘yinda ham favorit deyish qiyin edi. Buni Aleksandr-Arnoldning uzun uzatmasi himoyachilar ustidan o‘tib, ularning ortida ochilgan Nunesga yetib borganida va u birga-bir vaziyatdan unumli foydalanganida ham o‘z tasdig‘ini topdi. Yana yetti daqiqa o‘tib Saloh APLning eng ishonchli himoyasini dog‘da qoldirdi va uning uzatmasidan keyin Gakpo darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi.

Ko‘p o‘tmay yana himoyachilar xatoga yo‘l qo‘ygach, bu xatoni yopish uchun jarima maydonidan chiqib kelgan darvozabon Poup to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi. E’tiborli tomoni, bu vaziyatda Saloh o‘z jamoasi darvozaboni oshirib bergan uzatma uchun kurashayotgandi — shu kuni Alisson hisob 0:0 ekanida «Liverpul»ni qiyin vaziyatlarda qutqardi. Mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin mehmonlar qatorasiga ikkinchi o‘yinda g‘alaba qozonishi oydinlashdi.

«Nyukasl» tabiiyki bunga rozi emasdi va tanaffus arafasida faqat to‘sin mehmonlarga hisobdagi ikki gol ustunligini saqlab qolishga yordam berdi. O‘yin oxirlarida esa Alisson Uilsonning hujumidan keyin yana bir bor aql bovar qilmas seyv amalga oshirdi.

Lekin bu natija bilan haqiqiy «Liverpul» qaytgani to‘g‘risida xulosa qilib bo‘lmaydi. Birinchidan, buning uchun muvaffaqiyatli seriya qayd etilishi kerak. Ikkinchidan, bu joriy mavsumdagi ikki mag‘lubiyatini ham Yurgen Klopp jamoasidan qabul qilib olgan «Nyukasl»ga qarshi o‘yin edi.

Manchester Yunayted — Lester 3:0
Gollar: Reshford (25, 58), Sancho (62).
Manchester Yunayted – De Xea, Dalot, Lindelyof, Martines, Shou (Van-Bissaka, 69), Zabitser (Maynu, 80), Fred (Maktominey, 59), Fernandesh, Vegorst, Reshford (Elanga, 69), Garnacho (Sancho, 46).
Lester – Uord, Kastan, Fas, Suttar, Kristiansen, Mendi (Sumare, 59), Meddison, Barns, Dyuzberi-Holl (Tilemans, 59), Iheanacho (Vardi, 75), Tete (Prat, 75).
Ogohlantirishlar: Fas (45), Mendi (48).

So‘nggi ikki turda sakkiz gol urgan «Lester» «Old Trafford»da ham to‘xtamoqchi emasdi. «MYu» darvozabonida De Xea qiyofasidagi devor borligi jamoaning omadi kelgani edi, u birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha tur hit-paradiga kiradigan qator seyvlar amalga oshirdi. «Qizil iblislar» hujum chizig‘ida esa Reshford o‘ynaydi va o‘yinda burilish ro‘y berishi vaqt masalasi edi. Tanaffusga qadar o‘ng qanotda o‘ynagan Markus esa bu pozitsiya unga qulay emasligi haqidagi nazariyani yo‘qqa chiqardi. U xotirjamlik bilan himoyachilardan qochib ketdi va to‘pni darvoza to‘riga joylab, bir mavsumdagi samaradorlik bo‘yicha shaxsiy rekordini yaxshilashda davom etdi.

Ikkinchi bo‘limda esa uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini darvozabon to‘xtatdi, yana bir zarbasidan keyin urilgan gol esa videotakror aralashuvi bilan hisoblandi - VAR bu vaziyatda ofsayd xato ko‘rsatilganini aniqladi. Reshfordning bu mavsumdagi 24-goli «tulkilar»ni amalda cho‘ktirdi va ularning mudofaasi har ikkinchi hujumda sochilib keta boshladi. Shu kuni mankunianliklar safida boshlang‘ich tarkibda 150-o‘yinini o‘tkazgan Brunu Fernandesh formasini tiklab borayotgan Sancho bilan «devor» uslubida o‘ynadi va angliyalik hujumchi o‘z golini urdi. Endi «MYu» va «Siti» orasidagi farq uch ochkogacha qisqardi.

Tottenhem — Vest Hem 2:0
Gollar: Emerson (56), Son (72).
Tottenhem – Forster, Emerson, Dayyer, Langle (Perishich, 78), Romero, Devis, Hyoyberg, Kulusevski (Moura, 90), Skipp (Sarr, 90), Keyn, Risharlison (Son, 68).
Vest Hem – Fabianski, Tsoufal, Ogbonna (Jonson, 82), Kerer, Agerd (Fornals, 82), Emerson, Souchek, Rays, Dauns (Binrahma, 72), Antonio (Ingz, 72), Bouen.
Ogohlantirishlar: Skipp (9), Antonio (62), Perishich (90+3).

Antonio Konte shoshilinch jarrohlik amaliyotidan keyingi ikki haftalik ta’til vaqtida shifokorlarning tavsiyalariga zid o‘laroq, «Lester» va «Milan»ga qarshi o‘yinlarga tashrif buyurish orqali, o‘z kuchiga yuqori baho berganini tan oldi. Murabbiy endi qachon zaxira o‘rindig‘iga qaytishi — noma’lum. Hozircha maydon chetida turib «Tottenhem» o‘yinini Kristian Stellini boshqarmoqda, londonliklar u bilan «Manchester Siti»ni mag‘lub etishgandi (1:0).

Uning Konte o‘rnini egallashi yana ish berdi. «Shporlar» ikki mag‘lubiyatdan keyin «Vest Hem»ni yengishdi, hatto qiyin davrni boshdan kechirayotgan Son Xin Min ham gol urdi. Koreyalik futbolchi zaxiradan o‘yinga qo‘shilganidan keyingi uch yarim daqiqa ichida Keynning uzatmasini golga aylantirdi, angliyalik futbolchi joriy mavsumda unga to‘rtinchi bor assistentlik qilmoqda. Bu g‘alaba evaziga «Tottenhem» «Nyukasl»ni quvib o‘tib, to‘rtlikka qaytdi. «Qarg‘alar»da bitta zaxira o‘yini bor.

Ispaniya: «Real»ning yangi talanti

Osasuna — Real 0:2
Gollar: Valverde (78), Asensio (90+2).
Osasuna – Errera, Unai Garsiya, David Garsiya, Sanches, Brashanats (Oros, 72), Moyses Gomes, Torro (Kike Garsiya, 85), Ruben Garsiya (Moreno, 63), Monkayola, Budimir, Ez Abde (Barxa, 85).
Real – Kurtua, Nacho (Karvaxal, 76), Ryudiger, Militao, Alaba, Modrich, Sebalos (Asensio, 66), Kamavinga, Valverde, Vinisius, Rodrigo (Rodriges, 88).
Ogohlantirishlar: Torro (5), Monkayola (45), Vinisius (45), Moyses Gomes (45), Nacho (84).

Chorshanba kuni qoldirilgan o‘yinda «Elche» darvozasiga dubl qayd etgan (4:0) Benzema kichik shikastlanish tufayli Pamplonaga kela olmadi, murabbiy uni YeChLda «Liverpul»ga qarshi kechadigan o‘yin uchun asrashga qaror qildi. Bu Kroosga ham taalluqli, Karlo Anchelottini esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok eta olmagan Kurtuaning darvozaga qaytishi xursand qildi. Birinchi bo‘limda maydonda ro‘y bergan voqealar esa murabbiyni xushnud qilmagani aniq va bo‘lim oxirida futbolchilar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelganida italiyalik mutaxassis maydonga chiqib keldi va arbitrlarga e’tirozlarini bildirdi.

Kiyim almashtirish xonasida esa futbolchilarga ham savollar qo‘yilgani tayin. 45 daqiqada uch zarba — «Real»ning joriy mavsumdagi eng yomon ko‘rsatkichidir. Vinisius Junior ikkinchi bo‘lim boshida darvozani ishg‘ol qilganida esa gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Braziliyalik futbolchi yana ikki vaziyatda raqib darvozaboni Errerani alday olmadi. Kurtuani esa Gomesning yerlatib bergan xavfli zarbasidan darvoza ustuni qutqardi.

Madridlarga an’anaviy ustunliklari — xarakter va mahorat yordamga keldi. Vinisius esa nihoyat to‘g‘ri qaror qabul qilib, raqib jarima maydonida ochilgan Valverdeni to‘p bilan ta’minladi. Va albatta mehmonlar safida debyut qilgan 18 yoshli Alvaro Rodriges haqida gapirish mumkin. U maydonga tushishi bilanoq Vinisiusga golli pas berdi, ammo kichik ofsayd tufayli gol bekor qilindi. Yosh futbolchi to‘xtab qolmadi va keyingi hujumda Asensioni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi.

Real Sosedad – Selta 1:1
Gollar: 1:0 – 5 Oyarsabal, 1:1 – 90, avtogol Le Norman.
Real Sosedad – Remiro, Le Norman, Subeldiya, Riko, Ilyarramendi (Merino, 63), Mendes (Navarro, 83), Subimendi, Kubo (Marin, 83), Barrenechea (Sola, 89), Serlot (Fernandes, 89), Oyarsabal.
Selta – Vilyar, Mingesa, Nunes, Aydu, Galan, De La Torre (Oskar Rodriges, 68), Beltran (Tapiya, 68), Veyga, Karles Peres (Servi, 83), Aspas, Larsen (Seferovich, 46).
Chetlatish: Tapiya (75).

«Real Sosedad» muvaffaqiyatsizliklar seriyasi va qatorasiga golsiz uch o‘yindan keyin ideal hafta o‘tkazishi mumkin edi. Dushanba kuni hamon kadrlar muammosidan aziyat chekayotgan «basklar» safarda «Espanol»ni mag‘lub etishgandi (3:2), endi esa qishda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan «Selta»ga qarshi o‘yinni juda kuchli boshlashdi. Oyarsabal darvozabonni hayratga solib, yaqin burchakni aniq nishonga olgan holda mavsumdagi ikkinchi golini urdi - ushbu futbolchi tovonidagi og‘ir jarohat tufayli to‘qqiz oy davom etgan tiklanish jarayonidan keyin asta-sekin oldingi holatiga qaytmoqda.

Ammo g‘alaba uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmadi. Shu kuni mezbonlarning ko‘p vaziyatlarda omadi keldi, masalan, darvozabon va himoyachi bir-biriga ishonib qolgan vaziyatda Aspas yo‘llagan zarba ustunga tegdi. Yoki «Selta» sardori darvozabon oldinga chiqib ketganini ko‘rib, uzoq masofadan to‘pni oshirib tashlaganda gol bo‘lmay qoldi. Lekin mehmonlar safida ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Tapiya qizil kartochka olgach, bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynagan «Sosedad» g‘alabani saqlab qola olmadi va o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan avtogol jamoa «Real»ga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymadi. Boshqa tomondan to‘rtinchi o‘rinda kelayotgan «Atletiko» bilan oradagi farq ham qisqarmoqda.

Atletiko — Atletik 1:0
Gol: Grizmann (73). 
Atletiko – Oblak, Molina, Ximenes, Ermoso, Reynildu, Lorente, Karrasko (Depay, 72), Koke, De Pol (Barrios, 59), Grizmann (Saul, 90), Korrea (Morata, 59).
Atletik – Agirresabala, De Markos, Yyeray Alvares (Paredes, 84), Vivian, Berchiche, Dani Garsiya (Sarraga, 69), Vesga, Sanset (Raul Garsiya, 84), Muniain (Guruseta, 68), I.Uilyams, N.Uilyams (Berenger, 84).
Ogohlantirishlar: Dani Garsiya (33), Ximenes (34), De Pol (45), Yyeray Alvares (55), Vivian (66).

Agar «Valyadolid»ga qarshi o‘yindagi ustunlik ahmoqona tarzda boy berilgani (1:1) hisobga olinmasa, so‘nggi vaqtlarda Diyego Simeone jamoasi la ligada oxirigacha o‘ynab, raqibni xato qilishga majburlash bo‘yicha  asosiy mutaxassisga aylangan. Saul «Osasuna»ga qarshi o‘yinning 74-daqiqasida g‘alaba golini urgandi. Avvalgi turda Depay 89-daqiqada darvozani ishg‘ol etib, «Selta»ni nokaut holatiga tushirgandi. Endi esa himoyachilardan qochib ketib, darvozaning uzoq burchagini aniq nishonga olgan Grizmanning navbati keldi. Aftidan, «Atletik» «Valensiya» kabi ushbu fransuzning sevimli jamoasi. U bu raqiblarga qarshi o‘yinlarda 11 tadan gol urgan va jamoaning yangi muvaffaqiyati «Reala Sosedad» bilan oradagi farq 2 ochkogacha qisqarishini, beshinchi o‘rinda kelayotgan «Betis» bilan to‘rt ochkolik farq saqlanib qolishini ta’minladi, yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashayotgan basklar esa oltilikni tark etdi.

Barselona — Kadis 2:0
Gollar: Roberto (43), Levandovski (45+1).
Barselona – ter Stegen, Kunde, Kristensen, Garsiya, Balde, Roberto, de Yong (Kessie, 69), Gavi, Levandovski (Rafinya, 74), Torres, Fati (Alarkon, 86).
Kadis – Ledesma, Karselen, Ernandes, Fali Ximenes, Arsamendiya, Aleks Fernandes, Alkaras (San-Emeterio, 69), Eskalante (Alexo, 62), Roxer Marti (Ramos, 74), Bongonda (Sobrino, 62), Okampo (Losano, 62).
Ogohlantirishlar: Roxer Marti (24), Alkaras (53), de Yong (66), Kessie (78), San-Emeterio (82).

Xavi bu o‘yin arafasida bir yarim oy muddatga safdan chiqqan Pedri o‘rniga Serji Robertoni tushirib, kutilmagan qaror qabul qildi. So‘nggi yillarda maydonga sardorlik bog‘ichi bilan tushayotgan bu futbolchi lateral rolida o‘ynardi, ammo u yangi ampluada ham yo‘qolib qolmadi. Shu jumladan bo‘lim oxirida o‘ng qanotda Ferran Torres solo amalga oshirib, maydon markazidagi Levandovskini to‘p bilan ta’minlaganida ham - bu vaziyatda polshalik hujumchining zarbasini darvozabon qaytardi, qaytgan to‘pga bo‘sh qolgan Serji zarba berib hisobni ochdi.

Yana bir jihati - Serji Xavi murabbiyligida 13 o‘yinda 3 gol urgan, Xaviga qadar esa 221 o‘yinda unda faqat 5 ta zarba bor edi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Levandovskini golli pas bilan ta’minladi, polyak futbolchi la ligadagi birinchi mavsumida 15-golini urib ulgurdi, turnirda bunday samaradorlikka undan tezroq faqat Krishtianu Ronaldu gol urgan (17 ga qarshi 19 o‘yin). Yakshanba kungi g‘alaba «Barsa»ning yil boshidan buyon erishgan qatorasiga oltinchi g‘alabasiga aylandi. Ko‘k-anorranglilar «Real»dan sakkiz ochkolik farq bilan oldinda bormoqda.

Kun statistikasi

  • «Everton» himoyachisi Koulman APLda so‘nggi 97 o‘yinida 2 gol urgan. Ikkisini ham — «Lids» darvozasiga.
  • Jon Heytinga boshqaruviga o‘tganidan keyin «Ayaks» to‘rt o‘yinda kamida uchtadan gol urdi. Amsterdamda murabbiylik faoliyatini bunday yorqin boshlagan mutaxassis 1997 yilda jamoa boshqaruviga kelgan Morten Olsen bo‘lgandi.
  • La liganing eng to‘purar himoyachisi mavsumdagi to‘rtinchi golini urdi — bu «Rayo Valekano» himoyachisi Lejyen.
  • «Arsenal» 14 yildan buyon APL doirasidagi safar o‘yinlarida birinchi bo‘limni mag‘lubiyat bilan yakunlab, o‘yinda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olmagandi.
  • 19 yilu 235 kunlik — bu «Borussiya» yarimhimoyachisi Bellingemning yoshi. U bundesligada 50 g‘alabaga erishgan eng yosh futbolchi bo‘ldi.
  • «MYu» barcha turnirlar hisobga olinganda 27 g‘alabaga erishdi. Bu top-5 chempionatlardagi eng yaxshi natija, «qizil iblislar» o‘tgan mavsum davomida bundan 7 ta kam g‘alabaga erishgandi.
  • «Reyms» 2018/19 yillar mavsumida oliy ligaga qaytganidan buyon 28 o‘yinda golsiz durang qayd etgan. Bundan tashqari, «Nyukasl»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi buzilgach, «Reyms» top-5 ligada eng uzoq vaqtdan beri yutqazmayotgan jamoaga aylandi — 16 o‘yin.
  • «Shtutgart» 31 o‘yindan beri (2021 yil aprelidan buyon) o‘z maydonida darvozasi daxlsizligini saqlay olmayotgandi. «Kyoln» 3:0 hisobida mag‘lub  etilgach, Bundesliga tarixidagi rekord seriya to‘xtadi.
  • «MYu» va «Lester» o‘yinida darvozalarga 45 (26-19) bor zarba berildi — bu APLda 2016 yil oktyabridan buyon qayd etilgan rekord ko‘rsatkich.
  • «Sampdoriya» A Seriyada o‘z maydonidagi o‘yinlarda 731 daqiqadan buyon gol ura olmayapti.
Top