15:04 / 20.02.2023
29152

Jo Bayden Kiyevga keldi

U tashrif davomida Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini va’da qildi.

Foto: Videodan kadr

AQSh prezidenti Jo Bayden Yevropaga safari doirasida Ukraina poytaxti Kiyevga ham tashrif buyurdi. Mahalliy nashrlar Amerika prezidenti va Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi Mixayliv sobori oldidagi maydonda uchrashgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.

«Ukrainskaya pravda» nashri xabariga ko‘ra, Bayden ibodatxonaga urush davomida halok bo‘lgan ukrainalik harbiy xizmatchilarni xotirlash uchun kelgan.

Ushbu tashrif vaqtida Kiyevda havo trevogasi e’lon qilindi. Prezidentlar guvohlar olgan videolarda aks etgan.

Ko‘p o‘tmay Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti tashrifi to‘g‘risida rasman xabar berdi: «Jozef Bayden, Kiyevga xush kelibsiz! Sizning tashrifingiz — barcha ukrainlar uchun muhim qo‘llab-quvvatlov namoyish etilishi bo‘ldi».

Shuningdek, Oq uy Jo Baydenning Kiyevga tashrifi munosabati bilan bayonot berdi. Amerika prezidenti tashrif davomida Ukraina uchun 500 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketi haqida gapirgan, bu yordam havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘z ichiga oladi, shuningdek Rossiya elitasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etiladi.

Amerika rahbarining Kiyevga tashrifi oldindan e’lon qilinmagandi. 20 fevral tongida Kiyev markazidagi ko‘chalar, jumladan AQSh elchixonasi va markaziy temiryo‘l vokzali yaqinidan o‘tgan ko‘chalar to‘silgandi. Ukraina TIV Kiyevga g‘arbdagi ittifoqchilardan birining «rahbari» kelishi kutilayotganini bildirib, «syurpriz» va’da qilgandi. 

  • Oq uy 20-22 fevral kunlari Bayden Polshada bo‘lib, ushbu mamlakat prezidenti Andjyey Duda bilan uchrashishi va Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bir yil to‘lishi munosabati bilan chiqish qilishi haqida xabar bergandi. Baydenning Yevropaga safari fonida u Polshada Zelenskiy bilan uchrashishi yoki Ukrainaga ham kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Oq uy buni rad etgandi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top