08:08 / 22.02.2023
8712

Zelenskiy: Front chizig‘ida hech qanday o‘zgarishlar yo‘q

21 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oliy bosh qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishida qo‘mondonlarning hisobotlarini eshitdi. Bu haqda u kun oxiridagi an’anaviy videomurojaatida ma’lum qildi. 

Foto: president.gov.ua

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Donetsk va Luhansk viloyatlari haqidagi xabarlar alohida e’tiborni tortgan. 

«Biz u yerda dushman hujumlarini to‘xtatish uchun hamma narsani qilyapmiz – doimiy shiddatli hujumlar, Rossiya u yerda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lsa-da, ularni to‘xtatmayapti», — dedi u. 

U ayniqsa, Baxmut va Liman yo‘nalishidagi janglarni shafqatsiz va prinsipial deb atadi. «Barcha bosimlarga qaramay, front chizig‘i o‘zgarmaganligi juda muhim», dedi Zelenskiy.

Ukraina Qurolli kuchlari Baxmutni kerak bo‘lguniga qadar himoya qiladi, degandi Volodimir Zelenskiy Italiyaning Corriere della Ser gazetasiga bergan intervyusida. 

«Biz uchun uni himoya qilish muhim, lekin bu kerak bo‘lguniga qadar amalga oshiriladi», dedi u. Baxmut qarshilik ko‘rsatayotgan bir paytda, Ukraina «navbatdagi qarshi hujumga» tayyorlanmoqda, deya tushuntirdi davlat rahbari. 

Zelenskiy, shuningdek, Kreml mojaroni cho‘zish bo‘yicha rejalariga qaramay, Ukraina qisqa urushga va unda g‘alaba qozonishga tayyorlanayotganini ta’kidladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top