14:40 / 23.02.2023
18548

Farg‘ona hayvonot bog‘idagi jirafa nobud bo‘ldi

Farg‘onadagi hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘ldi. U yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan sovuq kunlarda shamollab qolgan.

Foto: Xalq so‘zi

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi hayvonot bog‘ida Maksim laqabli jirafa nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Hayvonot bog‘i direktori Tursunali Mamajonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda holatni tasdiqladi.

«Jirafaning xonasi kichikroq bo‘ladi. Shuning uchun Maksimni tez-tez toza havoga, shamollatishga olib chiqib turardik. Lekin oxirgi paytlarda u ko‘p yotadigan bo‘lib qoldi, ovqat yeyishi ham o‘zgargandi. Shu holda oradan ikki, uch kun o‘tgach, 20 yanvar ertalab uning o‘lib qolganini ko‘rdik.

Jirafa shamollashdan o‘lganini faqatgina mutaxassislarni chaqirtirib, jasadini tekshirtirganda bildik. Go‘shtini esa hayvonlarga tarqatdik», — dedi Mamajonov.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Hayvonot bog‘i direktoriga ko‘ra, O‘zbekistondagi sovuq kunlar davomida boshqa mayda jonzotlar, xususan, bir necha qush ham nobud bo‘lgan, ammo yirik hayvonlarga zarar yetmagan.

Tursunali Mamajonov prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga tashrifida viloyat hayvonot bog‘ini kengaytirish va hayvonlar sonini ko‘paytirish uchun ham mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi.

“Hayvonot bog‘ini kengaytirish va yangi hayvonlar olib kelish uchun 15 mlrd ajratiladigan bo‘ldi. Ammo qurilish qachon boshlanishi hali noaniq”, – dedi u.

Avvalroq “Xalq so‘zi” nashri Farg‘ona viloyatidagi hayvonot bog‘i muammosi, jumladan, «Farg‘ona hayvonot bog‘i» MChJning infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasiga oid muammolarga e’tibor qaratgan edi.

Shuningdek, Toshkent hayvonot bog‘idagi Alatau laqabli jirafa ham miya ishemiyasi sabab nobud bo‘lgandi. 

U Toshkentga Olmaota hayvonot bog‘idan, sovg‘a sifatida yuborilgan bo‘lgan.

Top