21:14 / 05.03.2023
20955

Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuv ro‘y berdi

Tog‘li Qorabog‘da mahalliy politsiyachilar va ozar harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berdi. Ikki tomon ham qurbonlar haqida xabar qilgan.

Foto: police.nk.am

Tog‘li Qorabog‘da tan olinmagan respublika politsiyasi xodimlari va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Ikki tomondan ham qurbonlar va yaralanganlar borligi xabar qilingan.

Ozarboyjon mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 5 mart kuni ozarboyjonlik harbiy xizmatchilar 
go‘yoki Armanistondan Tog‘li Qorabog‘ga qurol, o‘q-dori, shaxsiy tarkib va minalar olib ketayotgan transport vositasini tekshirishgan. Unga qarata o‘t ochilgan, qurbonlar va yaralanganlar bor. Qurbonlar soniga aniqlik kiritilmagan.

O‘z navbatida, Tog‘li Qorabog‘ politsiyasi Ozarboyjon armiyasi «diversiya guruhi» politsiyaning pasport-viza boshqarmsi xodimlari navbatchi avtomobilini o‘qqa tutgani haqida xabar bergan. Natijada uch ofitser halok bo‘lgan, yana biri yaralangan. Politsiya ofitserlar qurol tashish bilan shug‘ullanmagani, balki xizmat joyiga ketayotgan bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Ozarboyjon diversiya guruhi yo‘l yoqasidagi o‘rmonzorda pistirma qo‘ygan va shu yerdan avtomobilga hujum qilgan. Politsiya xodimlari hamda yaqin atrofdagi pozitsiyada turgan Mudofaa armiyasi harbiy xizmatchilarining o‘zini mudofaa qilsh va javob qaytarish harakatlari natijasida Ozarboyjon tomoni ham qurbonlar berib, oldingi pozitsiyalariga chekingan», — deyilgan Tog‘li Qorabog‘ politsiyasi bayonotida.

Idora shuningdek «Ozarboyjon mudofaa vazirligi bayonoti yolg‘onligini rad etib bo‘lmas darajada isbotlovchi» videoyozuvni namoyish etgan.

  • Ma’lumot uchun, Tog‘li Qorabog‘ aholisi 80 kundan oshiq vaqt davomida blokada sharoitida yashamoqda, bunga tan olinmagan respublikani Armaniston bilan bog‘lovchi Lochin yo‘lagi o‘zini ekofaollar deb atagan Ozarboyjon fuqarolari tomonidan to‘sib qo‘yilishi sabab bo‘lmoqda. Boku namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan, ammo Qorabog‘ni tashqi dunyodan ajratib qo‘ymoqchi emasligini ta’kidlagan. Shunga qaramay, blokada tufayli regionda oziq-ovqat, tibbiy yordam, gaz va elektr bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.
Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston chegarasi yana notinch
13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari tunda chegaradagi mamlakat qurolli kuchlari pozitsiyalari va aholi punktlarini o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top