16:23 / 27.03.2023
18922

“Istiqlol jallodlari” – Turkiston ozodligining zavoli haqida asar 

Markaziy Osiyodagi ilk demokratik hukumat – Turkiston muxtoriyati bor-yo‘g‘i 72 kun yashaydi. Asar muallifi va o‘sha muxtoriyatning tashqi ishlar vaziri Mustafo Cho‘qay turkiylarning bu mag‘lubiyatini quyidagi jumlada izohlab o‘tgandek tuyuladi:

“Siyosatda eng buyuk baxtsizlik obektiv og‘irliklarni va o‘z kamchiliklarini ko‘ra bilmaslik yoki ko‘rishni istamaslikdir”.

Obektiv omillarni chetga surib sub’yektiv ko‘rsatkichlarni alohida ko‘zdan kechirsak, hozirda mavjud bo‘lgan deyarli hamma milliy kamchiliklarimiz o‘sha davrlardan beri davo topmay kelayotganini ko‘rish mumkin. “Istiqlol jallodlari” ham ayni shu kamchiliklarimiz atrofidagi xotiralar asosida yozilgan desam adashmagan bo‘laman. 

Kitob haqida

Mustafo Cho‘qay xotiralari asosida yozilgan “Istiqlol jallodlari” asari mustaqil O‘zbekiston tarixida shu kungacha atigi bir marta, 1992-yilda nashr qilingan. Oradan 30 yil o‘tib 2022 yil kitob qaytadan nashr qilindi. Kitobning yangi nashri 96 betdan iborat. 

Rus muhojiroti xuruji va oqibatlari

1917 yildagi inqilobdan Chor Rossiyasi hukmronligi ostida bo‘lgan xalqlar, to‘g‘rirog‘i, o‘sha millatlarning ziyoli kishilari butkul boshqa natijalar kutishgani, chorizmning ag‘darilishidan qanchalik sevinishganini ko‘rish mumkin. Chunki ular hukumat o‘zgarishi bilan haqsizlik yakun topishiga, “g‘ayrirus o‘lkalarda keng miqyosda “Ichki milliy idora” qurilishiga, bu o‘lkalarga bosib kelayotgan rus muhojirotining to‘xtashiga” ishonishgan. Natijasi ne bo‘lganidan esa zamonaviy dunyo odami sifatida yetarlicha xabaringiz bor deb o‘ylayman. Yuqorida muammo o‘laroq keltirilgan masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tmasligimni aytishdan avval, o‘sha davrda rus muhojirotining g‘ayrirus o‘lkalariga uzluksiz davom etishi va buning mezbonlarga bo‘lgan zararlari haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsam. 

Bu davrda Chor Rossiyasidagi 30 mingga yaqin mulkdor oilalar qo‘lida 64 mln 700 ming gektar, 10 million dehqon oilalari jamoatida esa 68 mln 600 ming gektar yer mavjud bo‘lgan. Tengsiz bo‘linishdagi juda katta farqni ko‘ryapsizmi? 

Rus chorlari hukumati, bir tomondan, taxtining tayanchi sanalgan mulkdorlarning necha asrlardan buyon saqlanib kelayotgan “haqi”ni mudofaa etishga urinsa, ikkinchi tomondan, dehqonlarning o‘sib kelayotgan inqilobiy ruhiyatini bostirishga harakat qiladi. Bu og‘irlikdan qutulish chorasi istilo etilgan hududlarga Kavkaz, Sibir, xususan, Turkistonga yersiz ruslarni ko‘chirishda deb topildi. Asl yerli xalqdan tortib olib ruslarga berilgan yerlarning ko‘lamini his etish uchun esa birgina Qozog‘iston jumhuriyati doirasida 45 mln gektar yer haqiqiy egalaridan tortib olinganini misol keltirish mumkin. Va bu ko‘rsatkichlar yana oshib borgani bois, g‘ayrirus o‘lkalaridagi millat liderlari doimiy rus muhojirotining to‘xtatilishiga urinib kelishganiga Mustafo Cho‘qay asaridan yana bir bor isbot topish mumkin. 

Ushbu xotira kitobida ayni shu mavzuning nozik va hozirgi zamon odamining xayoliga kelmaydigan tomonlari haqida so‘z yuritiladi. Misol sifatida yerlarni sug‘orishda ularga alohida ustunliklar berilgani, kerak bo‘lsa askarlar yordamida suvni rus dehqonlari yerlariga burib ketganligi va yerli xalq ekinlari ba’zan xarob bo‘lganini aytib o‘tish mumkin. Ayni o‘sha yillarni turkistonliklar uchun bug‘doyning kuchli tanqisligi sezilgan davr deb qaralsa, buning qanchalik dahshatli va ayanchli ekanini sezish qiyin emas. 

Tashqi va ichki ziddiyatlar

Mustafo Cho‘qay Voli saroyidagi ruslar va turkistonliklar uchrashuvini eslar ekan, Nekora ismli mustamlakachilar vakilining so‘zlarini quyidagicha keltiradi: 

“Inqilobni rus inqilobchilari, rus ishchilari, rus soldatlari amalga oshirdilar. Shuning uchun Turkistonda ham idora, hokimiyat biz ruslarnikidir. Yerlilar biz nima bersak shu bilan qanoatlanishlari kerak…” 

Ha, ular doim o‘zlarini mahalliy aholidan ustun ko‘rgan va Turkistonni to‘liq nazorat ostida ushlay bilmagan paytlarida ham buni baralla ayta olgan. Sababi nimada deb o‘ylaysiz? Sababi – o‘zimiz. 1917 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan Butun Turkiston musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyi Turkiston o‘lkasini Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi. Bu mintaqadagi dastlabki demokratik hukumat edi. 

Biroq nega u bor-yo‘g‘i 72 kun yashadi? Ruslarning boshqaruv hukumati hali tayinli o‘rnatilmagan, o‘zlaridan ortib boshqa hududlarga aytarli ta’sir qila olmayotgan bir davrda nega bu hukumat tanazzulga uchradi? Nega muvaffaqiyat qozona olmadi? Bu savollarga javob tariqasida o‘sha hukumat a’zosi va voqelikning shaxsan guvohi bo‘lgan Cho‘qay janoblari shunday ta’rif beradi: 

“Bu bir-biri bilan urishib tortishib yashagan doiralar siyosiy va mafkuraviy program jihatdan emas, yolg‘iz boshdagi kishilarning shaxsiy qarshiliklari yuzasidan tortishar edilar. Bu hol bizga hech qanday yaxshilik va’da etmas edi. Buni ruslar ham yaxshi tekshirib, bilib borardilar”. 

Shu kabi o‘zaro ziddiyatlarni sanab o‘tar ekan, eng kichkinasidan eng kattasigacha to‘xtalib o‘tadi. Yuqori darajada o‘zaro hokimiyat talashgan “Sho‘roi Islomiya” va “Ulamo Jamiyati” o‘rtasidagi ziddiyatlarga siyosiy mafkura yoki g‘oyaviy jang ketgani emas, balki ayni bir necha kimsalarning shaxsiy adovatlari sabab bo‘lganini alohida ta’kidlaydi. “Sho‘roi Islomiya” bilan “Ulamo Jamiyati”ni kelishtirish yo‘lidagi urinishlar hech qanday foyda bermadi deb afsus ham chekadi. Bu ikkisi o‘rtasidagi kelishmovchilikni esa: “bizning umummilliy kurashimizni zaiflashtirmoqda va ishlarimizni chuvalashtirmoqda”, deya ta’riflagan. 

Bu ziddiyatning amaliy natijasi ham ko‘p kuttirmay, 1918 yilning fevralida Turkiston hukumati qo‘ldan ketadi. Ana shundan keyin, toki 1991 yilgacha Turkistonda ham idora, ham hokimiyat ruslarniki bo‘ldi. Mahalliy aholi esa ular nima bersa shu bilan qanoatlandi. Qanoatlanishga majbur bo‘ldi... 

Asardan iqtiboslar

– Biz eng qonuniy haq, da’volarimizni amalga oshira bilish imkonidan mahrum ko‘pchilik edik.

– Umumiy, axloqiy va falsafiy nuqtai nazardan yaxshi va yomon xalqlar degan narsa yo‘q va bo‘lmaydi.

– Siyosatda eng buyuk baxtsizlik obektiv og‘irliklarni va o‘z kamchiliklarini ko‘ra bilmaslik yoki ko‘rishni istamaslikdir.

– Umid etamizki, yaqin o‘tmishimizning og‘ir va achchiq tajribalari boshqa takrorlanmasin. Haqiqatan o‘z yurtining ozodligini tilagan har bir kishi avval biror rus firqalarining qaysi biriga ishonib yurishdan qat’iy fursatda voz kechishlari va butun g‘ayrirus xalqlar kuchlarining umumiy kurash jabhasida to‘planishlari yo‘lida juda qat’iyat bilan ishga kirishishlari zarur...

– Milliy manfaatlar yo‘lida kurashish lozimligini bilganlari holda turkistonliklar o‘zaro kuchli birlik qura olmadilar va bunga ulgurmadilar.

– Yana shu bizning hozirsizligimiz, jonli, texnikaviy kuchlarimizning ozligi, xalqimiz tabaqasida siyosiy tushuncha yetishmasligi qarshimizga chiqdi. 

Muhiddin Nido, kitobxon

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Top