11:56 / 03.02.2017
5415
OAV: WikiLeaks Makronga nisbatan yashirin ma'lumotlar to‘plagan

Maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilish bilan shug‘ullanuvchi WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj Fransiya prezidentligi uchun mustaqil nomzod Emmanuel Makronga doir ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Uning bayonot berishicha, Makron AQSh prezidentligiga demokratlardan sobiq nomzod Hillari Klinton bilan elektron pochta orqali yozishganiga doir axborotlar mavjud, deb yozmoqda "Izvestiya" gazetasi.

Assanjga ko‘ra, Fransiyaning iqtisodiyot vaziri bo‘lgan Makron Hillari Klinton bilan siyosiy mavzularda fikr almashgan. 

"Bizda Fransiya prezidentligi uchun yana bir nomzod — Emmanuel Makronga nisbatan ajoyib ma'lumotlar bor. Ular AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning shaxsiy yozishmalaridan olingan", — degan Assanj gazetaga. Assanjning fikricha,  "nomzodlar xususida so‘nggi e'lonlar butun dunyoga dalda bo‘lgan".

Fransiya prezidentligi uchun saylovlar 2017 yilning 23 apreli va 7 mayida bo‘lib o‘tadi. Unda "Milliy front" yetakchisi Marin Le Pen eng ko‘p ovoz to‘plab, ikkinchi turga chiqishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan. Ikkinchi o‘rinda Fransiyaning sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Ipof kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan va iTele telekanalida e'lon qilingan ijtimoiy so‘rov natijalari shunday taxmin qilishga asos bo‘lmoqda. 

Unga binoan, Le Pen 24 foiz saylovchilar ovozini to‘plashga muvaffaq bo‘ladi. Fiyonga 21 foiz saylovchi ishonch bildiradi. Mamlakatning sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron esa atigi 20 foiz ovoz to‘play olishi mumkin. Sotsialistlar o‘rtasidagi praymeriz g‘olibi, sobiq ta'lim vaziri Benua Amon nomzodlar orasida 18 foizlik eng kam ovoz to‘play olishi ehtimol. 

Top