Jahon | 19:21 / 07.05.2024
14110
5 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy bu inqiroz tarafdori yoki ishtirokchisi emas» - Si Jinping G‘arbning XXR va Rossiya hamkorligi yuzasidan da’volarini rad etdi

Si Jinping Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Xitoy «bu inqirozning [Ukrainadagi urushning] yaratuvchisi ham, uning tarafdori ham, ishtirokchisi ham emas» dedi. 

Foto: Miguel Medina / AFP / Scanpix / LETA

Xitoy rahbari Si Jinping Fransiyaga tashrif buyurdi va Ukrainadagi urush paytida Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lganini rad qildi. Bu haqda The New York Times (NYT) yozdi. 

«Biz [Ukrainadagi] inqirozdan uchinchi davlatni ayblash, uning obro‘siga putur yetkazish va yangi sovuq urushni qo‘zg‘atish uchun foydalanilishiga qarshimiz», dedi Xitoy rahbari. 

Si Jinping Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida Xitoy «bu inqirozning yaratuvchisi ham, uning tarafdori ham, ishtirokchisi ham emas» dedi. 

«Ammo biz tashqi kuzatuvchi ham emasmiz, biz tinchlikka erishishga doimo faol hissa qo‘shganmiz», dedi Si Jinping. 

Nashr taxminiga ko‘ra, bu bayonot «asosan» Qo‘shma Shtatlarga qaratilgan, chunki u Xitoy Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishdan tashqari, Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi. 

Makron va uchrashuvda ishtirok etgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Xitoy rahbariga Ukrainadagi urushni tugatish maqsadida Moskvaga ta’sir qilishi uchun «bosim o‘tkazdi», deb yozdi nashr. 

Fransiya prezidenti Xitoy raisiga murojaat qilib, «Ukraina xavfsizligisiz Yevropada xavfsizlik bo‘lishi mumkin emas», dedi. Shu bilan birga, u Fransiya Rossiya yoki uning xalqi bilan urush holatida emasligini, shuningdek, «Putin rejimini ag‘darishga» intilmasligini ta’kidladi. 

Muzokaralar yakunida Ursula fon der Lyayyen Pekin «Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga o‘z ta’siridan foydalanishi» kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping avvalroq Rossiyaning «mas’uliyatsiz yadroviy tahdidlarini yumshatishda muhim rol o‘ynagan». U Xitoy rahbari bu ishni davom ettirishiga ishonch bildirdi. 

Yevrokomissiya rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaga ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berishni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirish zarur, chunki bu tovarlar keyinchalik jang maydoniga tushmoqda. 

«Ushbu urush Ukraina uchun ham, Yevropa uchun ham «ekzistensial» tahdidlar tug‘dirayotganini hisobga olsak, bu Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlariga ta’sir qiladi», deb xulosa qildi fon der Lyayyen. 

NYT gazetasi Yevropaning yuqori martabali amaldor Ukrainadagi urushni Yevropa qit’asi uchun «ekzistensial tahdid» deb ta’riflaganini «ancha g‘ayrioddiy» deb atadi. Nashrning yozishicha, bunga Rossiya rasmiylarining yadro qurolidan foydalanish ehtimoli haqidagi yangi bayonotlari sabab bo‘lishi mumkin. 

Bu Si Jinpingning so‘nggi besh yil ichida Yevropaga birinchi tashrifi bo‘ldi. Xitoy rahbari Fransiyadan keyin Serbiya va Vengriyaga ham boradi. 

Nashrning ta’kidlashicha, qilingan bayonotlarga qaramay, Si Jinping va Makron o‘rtasidagi uchrashuvdagi muhit «do‘stona» bo‘lgan. Xitoy rahbarining ta’kidlashicha, ikki mamlakat o‘rtasida «geosiyosiy taranglik yoki fundamental mojaro mavjud emas». 

Si Jinping va Makron, shuningdek, 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadigan Parij Olimpiadasi vaqtidagi barcha mojarolardagi harbiy harakatlarni to‘xtatib, «Olimpiya sulhi»ga chaqirishdi. 

Vashington fikriga ko‘ra, Xitoy Rossiya mudofaa sanoatini dron va raketa texnologiyalari, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va jihozlar bilan ta’minlash orqali kuchaytirmoqda. Bu esa Moskvaga Sovet Ittifoqi davridan beri birinchi marta «harbiy sanoat ko‘lamini kengaytirishga imkon beryapti». 

Aprel oyida Reuters agentligi AQSh prezidenti Jo Bayden Si Jinping bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida bu masalani ko‘targanini yozgan edi. 

«Biz hozir Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi eng radikal qadamlarimizdan biri bu Xitoyni Rossiyaga harbiy sanoat bazasini tiklashda yordam berishni to‘xtatishga ko‘ndirishdir, deb hisoblaymiz. Rossiyaning Xitoy ishtirokisiz harbiy sa’y-harakatlarini davom ettirishi qiyin bo‘lardi», dedi AQSh rasmiylaridan biri. 

Xitoyning AQShdagi elchixonasi bu ayblovlarga javoban, Rossiya-Ukraina mojarosida hech bir tarafga qurol yetkazib bermayotganini ma’lum qildi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin may oyida Xitoyga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Mavzuga oid