“Alifbe” darsligi tanqid qilindi: muallif o‘zini oqlamoqchi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilib, fuqarolarga erkin fikr va ochiq munosabat bildirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Ushbu imkoniyatdan o‘z o‘rnida ijodiy foydalanish har bir O‘zbekiston fuqarosining burchi hisoblanadi. Aytilgan fikrning haqqoniyligi va to‘g‘riligi uchun har bir kishi mas'uldir.
“O‘zbekiston” telekanali “Munosabat” ko‘rsatuvining 2017 yil 13 fevraldagi sonida kitobxonlik va mutolaa masalalari bir qator ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi. “Munosabat” ko‘rsatuvi bir necha yillardan beri efirga uzatilayotgan, o‘z yo‘nalishi va so‘ziga ega dasturlardan biri hisoblanadi. Ko‘rsatuv muallifi Quddus A'zamov yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan, tajribali jurnalistlardan. Biroq ko‘rsatuvning bu galgi soni muallif va dasturning shuncha yillik obro‘siga zid ravishda, bir zumlik shov-shuv ko‘tarish maqsadida asoslanmagan, biryoqlama tarzda tayyorlangan. Fikrimizni isbotlashga harakat qilamiz.
To‘g‘ri, ko‘rsatuvda bugungi kun uchun juda dolzarb masala ko‘tarilgan. Faqat uning yechimini topishda bunga manfaatdor bo‘lgan barcha tomon taklif etilmagan. Nega darslik muhokama qilina turib, uning mualliflari chaqirilmagan yoki adabiyot o‘qituvchilarining mas'uliyatsizligi haqida gapirib turib o‘qituvchilarning o‘zidan fikr olinmagan? Bu nazarimizda oddiy jurnalistika etikasiga zid holatdir.
2017 yil 13 fevral kuni “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatilgan “Munosabat” ko‘rsatuvida psixologiya fanlari nomzodi M.Yo‘ldoshev “Alifbe” darsligida 16 ta xatoga yo‘l qo‘yilganligini aytib o‘tdi. Ma'lumki, “Alifbe” darsligi ilk savod o‘rgatishga mo‘ljallangan darslik bo‘lib, har yili 600 000 nusxada chop etiladi. Ushbu darslik chop etilgunga qadar bir necha bosqichda ekspertizadan o‘tadi. Biz mualliflar yil davomida Respublikamiz viloyatlarida o‘qituvchilar bilan uchrashib, ularning darslik haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganamiz. Shu asosda darslikni takomillashtiramiz.
Men M.Yo‘ldoshevga qo‘ng‘iroq qilib, qanday xatolar haqida gapirayotganliklarini so‘raganimda, u kishi menga ularni aytmasliklarini, bundan bir necha yil oldin nabiralari o‘qigan davrda shu xatolarni ko‘rganliklarini aytib o‘tdilar. Nahotki, millatning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ustida fikr bayon qilayotganda uni tasdiqlovchi dalillarni muallifga taqdim etishdan bosh tortish mumkin bo‘lsa. Har bir odam bildirgan fikri uchun mas'ulligini anglagan holda uni bayon qilishi kerak emasmi? Qolaversa, muallifning haqli talabiga rad javobini berishni qanday tushunish mumkin? Men M.Yo‘ldoshevdan xatolarni ko‘rsatishni talab qilishga haqliman. Agar qandaydir texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, biz uni bartaraf etishga tayyorligimizni, fikrlarini birgalikda “Munosabat” ko‘rsatuvida ishtirok etgan holda dalillab berishlarini talab qildim. Lekin M.Yo‘ldoshev men bilan gaplashishdan bosh tortdi. Bu Xalq ta'limi vazirligi, “Ma'naviyat” nashriyoti xodimlari va mualliflarga hurmatsizlik va bo‘hton ifodasi hisoblanadi. Qolaversa, “O‘zbekiston” telekanali tekshirilmagan dalillarni efirga uzatmasligi, bu kabi holatlarga duch kelganda mualliflar va mas'ullarni xabardor qilishi lozim, deb hisoblayman. Shunisi taajjublanarliki, M.Yo‘ldoshev qaysi mualliflar tomonidan, qaysi yillarda yaratilgan “Alifbe” darsligi haqida gapirayotganini ham bilmaydi. Qo‘lida dalillar ham yo‘q. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, har yili darslik haqida fikr bildirgan ekspertlarga ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilganligi haqida asosli javoblar beriladi va ma'qullari qabul qilinadi.
Men, Quddus A'zamov bilan bog‘lanib, yaqin kunlar ichida “Munosabat” ko‘rsatuvida raddiya sifatida o‘z fikrlarimni dalillab berishga kelishib olganligimni ham ta'kidlab o‘tmoqchiman. Biroq M.Yo‘ldoshev men bilan birgalikda bu ko‘rsatuvda ishtirok etib, o‘z fikrlarini asoslab berishdan bosh tortdi. Inson sha'ni va qadr-qimmatini ulug‘lash ustuvor bo‘lgan bizning mamlakatimizda har bir mutaxassis yetarli dalillarga ega bo‘lgandagina o‘z fikrini aytishga haqli ekanligini eslatib o‘tmoqchiman. Aks holda bunday chiqishlar axloqsizlik va mas'uliyatsizlikdan boshqa hech narsa emas. Qolaversa, “Munosabat” ko‘rsatuvi dalillarga tayanib fikr bildirishga mo‘ljallangan nufuzli ko‘rsatuv hisoblanadi. Bu ko‘rsatuvni asoslanmagan, tekshirilmagan fikrlarni bayon etish minbariga aylantirmaslik kerak.
Darslik yaratish murakkab jarayon. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganidek, «Darsliklarda millat fikrining, millat tafakkuri va millat mafkurasining eng ilg‘or namunalari aks etishi kerak». Xalq ta'limi vazirligi tomonidan bu jarayon oshkora va shaffof tashkil etilgan, istalgan olim, o‘qituvchi va pedagog bemalol ishtirok etishi, o‘z fikrlarini bayon qilishlari mumkin. Biz ularning darsligimiz haqidagi fikrlarini doimo inobatga olib kelganmiz.
Men hurmatli ekspertimiz Mahmud Yo‘ldoshevdan “Munosabat” ko‘rsatuvida “Alifbe” darsligi xususida aytgan 16 ta xatoni ko‘rsatib berishlarini so‘rab qolaman. Aks holda bu fikrlar mashhurlik uchun aytilgan asossiz fikrlar deb bilib, u kishidan ilm sohibi sifatida o‘z xatolarini tan olishdek bag‘rikenglik ko‘rsatishlarini va uzr so‘rashlarini kutib qolamiz. Zero, biz ziyolilar o‘z sobitqadam so‘zimiz, har bir aytilgan fikr uchun mas'uliyatimiz bilan jamiyatning boshqa qatlamlariga o‘rnak bo‘lishimiz kerak.
Roxat SAFAROVA,
Pedagogika fanlari doktori, professor,
“Alifbe” darsligi muallifi
Mavzuga oid
14:39 / 06.12.2024
Angela Merkelning kitobi startdayoq bessellerga aylandi
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
14:40 / 31.08.2024