22:58 / 09.06.2017
23832

Oliver Stoun Putin roliga munosib aktyorlar nomini ma'lum qildi

Foto: nypost.com

Amerikalik rejissyor Oliver Stoun qaysi aktyorlar badiiy filmda Rossiya prezidenti Vladimir Putin rolini qoyilmaqom ijro etishi mumkinligi haqida ma'lum qildi. New York Post nashri shu haqda xabar berdi

"Bir qarashda, Jyeremi Renner unga o‘xshab ketadi", - deydi Stoun. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin juda aqlli va u Rennerning bu borada qanday ekanini yaxshi bilmaydi. "Leonardo Di Kaprio Putin roliga mos keladi va shu bilan birga u Lenin rolini ham ijro eta oladi", - deydi rejissyor. 

Dushanbadan boshlab AQShning Showtime kabel televideniyesi orqali Stounning "Putin bilan intervyu" hujjatli filmi efirga uzatilmoqda. Rejissyor bu film ustida ikki yil ishlagan.

Rossiyaning "Pervyy kanal"i lentani namoyish qilish huquqini qo‘lga kiritganini tasdiqladi, biroq uning efirga chiqish vaqtini hozircha ma'lum qilmadi. 

Stoun intervyu vaqtida Putinga kutilmagan savollar bilan murojaat qilgani va uning qanday iroda sohibi ekanini sinaganini ta'kidladi. 

"U menga juda yaxshi uxlashini aytdi. Agar uning o‘rnida bo‘lganimda allaqachon asabim tamom bo‘lgan bo‘lardi. Aftidan, dzyudo yordam bersa kerak", - dedi rejissyor. 

Stoun Rossiya prezidentini kamtar inson sifatida ta'riflagan. "U o‘z mashinasida harakatlanadi va shaxmat o‘yinchisi kabi fikrlaydi", - deydi rejissyor. 

Shuningdek Stounning fikricha, Putin uni eshitishlarini istagani uchun ham intervyu bergan. 

Top