17:17 / 04.11.2017
11718

TDAU va Rossiya Davlat agrar universiteti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolandi

Foto: TDAU

Toshkent davlat agrar universiteti delegatsiyasi K.A.Timiryazev nomidagi Rossiya Davlat agrar universitetiga joriy yilning 26 -31 oktabr kunlari tashrif buyurdi. Delegatsiya universitetning o‘quv va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishdi, «A.V.Chayanov nomidagi iqtisodiyot», «Agronomiya va biotexnologiya», «Zootexniya va biologiya», «Bog‘dorchilik va landshaft arxitekturasi» va Malaka oshirish fakultetlarining kafedralariga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori doirasida xalqaro hamkorlik va tashrif natijalari universitet rektori vazifasini bajaruvchi N.Zolina bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Tomonlar pedagog va ilmiy kadrlarning yangi kasbiy, ta'limiy hamda amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlarni o‘zlashtirishlariga, kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini zamon talablariga hamohang tarzda yangilash, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar va ilg‘or ilmiy tadqiqotlar yutuqlari bilan tanishishlariga sharoit yaratish, o‘quv jarayonlariga yuqori malakali olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislar hamda talabalar almashinuvini jalb qilish, birgalikda o‘quv va ilmiy adabiyotlar yaratish, ilmiy laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha ishlarni rejalashtirishdilar. Muloqot yakuni bo‘yicha akademik hamkorlik bo‘yicha Shartnoma imzolandi.

Top