Qish hali qilichini qayrab kelganicha yo‘q. Havo biroz sovidi xolos. Biroq, noyabr oyi yarmidan boshlab tahririyatimizga «fasliy murojaatlar yomg‘iri yog‘ildi». Mavzu bir xil: «Gaz yo‘q, ko‘mir qimmat, elektr o‘chyapti».
Sovuq fasl ko‘plab tashkilotlarning kuz-qish mavsumiga qay darajada tadorik ko‘rganini ko‘zgu singari ko‘rsatib beryapti.


Ayniqsa, bunday murojaatlar ta'lim dargohlari va shifoxonalardan tushayotgani achinarli. Navbatdagi arznomani o‘rgangani Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialiga bordik.
Nufuzli oliy ta'lim muassasasida 3800 nafardan ziyod talaba o‘qiydi. Oliy dargohning talaba va o‘qituvchilari auditoriyalar sovuqligidan shikoyat qilishgan.
«Qanday sovuq sharoitda dars o‘tayotganimizni bir ko‘rib keting!», deyilgan edi murojaatda.
Rektor o‘rinbosari Murodjon Otajonov bilan birga o‘quv xonalari, yotoqxona va kutubxonadagi holat bilan tanishdik.
«Qishloq xo‘jalik mashinalari va texnik servisni tashkil etish» kafedrasi binosidamiz.

Auditoriyada suv xo‘jaligi melioratsiyasi fakulteti 4-kurs 51, 52 va 53-guruhlarining dars jarayoni tugayotgan ekan. O‘quv xonasida isitish tizimi ishlamayotganidan o‘quvchilar palto kiygan holda, boshlarida qalpoqlari bilan o‘tirishibdi. Bir partada uch-to‘rttadan bir-biriga yopishganicha o‘tirib ma'ruza tinglayotgan yoshlarga havas qilib bo‘lmaydi. O‘qituvchi ham palto va telpak kiyib olgan.



Elektr isitgich ham yo‘q ekan. «Sovuqligi uchun issiq kurtkada o‘tiribmiz», deydi talabalardan biri Sayyora Abdullayeva.
Binoning «Zamonaviy qishloq xo‘jalik texniklari texnik servisi» o‘quv xonasida 17 nafar talaba dars olayotgan ekan. Ular ham bosh kiyimlarini yechishmagan.
















