11:04 / 04.11.2017
14371

Jomboyda shirkatlar ishlamayapti: Kanalizatsiya chiqitlari ko‘pqavatli uylar yerto‘lasini to‘ldirmoqda...

Foto: Panoramio

Boshqa tumanlardan farqli o‘laroq Jomboydagi ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz muammosi deyarli yo‘q. Aholi qishning sovuq kunlaridan xavotirda emas. Lekin ularni bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan asosiy muammo —  ishdan chiqqan kanalizatsiya tarmoqlari.

Yerto‘lasidagi barcha eshiklariyu tuynuklari beton bilan yopib tashlangan, umuman havo kirmaydigan ko‘p qavatli uyni ko‘rganmisiz? Guliston mahallasida joylashgan «Jomboy Lolazor Kommunal servis» shirkatiga qarashli ikki qavatli 5-uyning yerto‘lasiga tusha olmadik. Yerto‘lani qanday ko‘rsak bo‘ladi, deya shu uyda yashovchilardan so‘raganimizda, hammayoq beton bilan qoplanganini bildirishdi.

Gap shundaki, tumandagi ko‘p qavatli uylarning aksariyati 1970 yillarda qurilgan bo‘lib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari o‘tgan vaqt davomida eskirib ketgan. Avvaliga kanalizatsiya tarmoqlarida kuzatilgan nosozlik hashar yo‘li bilan bartaraf etib turilgan bo‘lsa, keyinchalik ayrim ko‘p qavatli uylarda chirib ketgan quvurlarni ta'mirlashning imkoni bo‘lmay qolgan. Biz yuqorida misol keltirgan 5-uy yerto‘lasining yopib tashlanishi albatta, muhandislik qoidalariga zid. Shusiz ham nam ta'sirida devorlarning yarmigacha zax tortgan bu uy yerto‘lasining tamoman yopib tashlanishi oqibatida hademay butun bino foydalanishga yaroqsiz bo‘lishi mumkin.

—  Yerto‘lamizdagi quvurlar eskirib, chirib ketgan, —  deydi shu uyda yashovchi Z.Mustafoyeva. —  Yana hashar uyushtirib, ularni yangilagan taqdirda ham tashqi kanalizatsiya tarmog‘ida muammo borligi uchun oqova baribir to‘planib qoladi va uylardan toshib chiqadi. Nosoz quvurlardan oqova suv tushaverib, yerto‘lamiz chidab bo‘lmas holatga kelgach, barcha tuynuklarni yopib tashlashga majbur bo‘ldik-da.

Tumandagi boshqa bir qator ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ham aynan kanalizatsiya muammosidan shikoyat qilishdi. Yuqoridagi shirkat xizmat ko‘rsatadigan 8-uy yonida kanalizatsiya quvuri yorilib, maydonni qo‘lansa oqova suv qoplaganiga guvoh bo‘lgan bo‘lsak, «Ishonchli xizmat» uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli to‘rt qavatli 4-uyda istiqomat qiluvchilar kanalizatsiyaning har zamonda «qaynab chiqishi»dan bezib qolganini bildirishdi.

Umuman, gap faqat kanalizatsiya tarmoqlarining eskirib ketganida ham emas. Negaki, viloyatimizda bir yarim mingdan ziyod 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ularning aksariyatida hali kanalizatsiya tarmoqlari yangilangani yo‘q. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanish, o‘z vaqtida ta'mirlash ishlarini o‘tkazish natijasida boshqa hududlarda muammo bu darajaga yetgan emas.

Jomboyda esa bugungi holatni keltirib chiqargan omillar talaygina. Aytaylik, «Ishonchli xizmat» uy-joy mulkdorlari shirkati hududida o‘z vaqtida kanalizatsiya tarmog‘i 5 ta ko‘p qavatli uyga moslab qurilgan. Ammo keyinchalik ko‘p qavatli uylar soni ham, umumiy ovqatlanish shoxobchasi-yu boshqa bino inshootlari qurilgani holda kanalizatsiya tizimi o‘sha-o‘sha holicha qolavergan. Bu esa quvurlarning vaqti-vaqti bilan toshib ketishiga sabab bo‘lgan.

Joriy yilda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning hududiy organlari tashkil etilgach, Jomboy tumanida ham xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari ish boshladi. Muammoning ikkinchi va asosiy omili shu vaqtga qadar tumanda shirkat degan tuzilma bo‘lmaganida. Boshqacha aytganda, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasi ham, quvurlari ham yillar davomida egasiz qolgan. Kimning uyiga tomdan chakka o‘tsa, o‘zi tuzatgan-u, uyning umumiy holatini birgalikda asrash bo‘yicha biror ish qilinmagan. Oxir-oqibat ko‘p qavatli uylar ayanchli ahvolga kelib qolgan.

Endilikda tumanda uchta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil etilib, barcha ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish belgilandi. Ammo uzoq yillardan beri to‘planib kelayotgan kommunal muammolarni tezda bartaraf etish imkonsiz. Hozircha 440 million so‘mlik kredit evaziga to‘rtta ko‘p qavatli uyning tom qismi to‘liq yangilandi, yerto‘lalar tartibga keltirildi va quvurlar ta'mirlandi. Alisher Navoiy mahallasidagi 60, Toshkent mahallasidagi 6-uy va shu kabi bir nechta uylarning tashqi ko‘rinishiga havasingiz keladi. Ammo oldinda hali juda katta va kechiktirib bo‘lmaydigan muammolar turibdi.

Tumanda xizmat safarida bo‘lganimizda «Ta'mir loyiha» mas'uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan topos'yomka ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. 2018 yil tumanda quriladigan kanalizatsiya tarmoqlarining loyihasi tayyorlanayotgan ekan. Investitsiya dasturiga asosan tumanda kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash maqsadida 2,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. To‘g‘ri, yana bir yil kutish jomboyliklar uchun oson emas ammo loyiha amalga oshgach, tumanda bu muammo barham topadi, degan umiddamiz.

Maqola so‘ngida bir mulohazani aytmasak bo‘lmaydi: Ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan suhbatlashar ekanmiz, uy-joy mulkdorlari shirkatining vazifasiyu mulkdorlarning majburiyatlaridan kamdan-kam kishi xabardor ekani oydinlashdi (shuncha yil shirkat bo‘lmagandan keyin shunday bo‘ladi-da). Hatto uy-joyni saqlash uchun oylik to‘lov belgilangach, «Nima uchun bizdan qo‘shimcha soliq talab qilishyapti?» deb viloyat va respublika miqyosidagi bir qancha idoralarga shikoyatlar ham qilingan ekan. Demak, hali aholiga shirkat, uning vazifasi nima ekanligini tushuntirish, odamlarning ishonchiga munosib faoliyatni yo‘lga qo‘yish lozim. Fikrimizcha, bu bo‘yicha hali jiddiy targ‘ibot ishlarini olib borish kerak.

Anvar MUSTAFOQULOV,

«Zarafshon» gazetasining maxsus muxbiri.

Top