Poytaxtning Chilonzor tumani “3-Charx Kamolon” MFY aholisi kuchli yog‘ingarchilikdan qo‘rqib yashamoqda. Sababi, bunday paytda bir necha ko‘chalardagi oqova suvlar bitta joyda yig‘ilgan holda kanalitszatsiya quvurlarini to‘ldirib, chiqindilarni tepaga chiqarib tashlayapti. Mahalla aholisi ancha paytdan buyon balchiq hidini “yutib” yashashga majbur qolmoqda. Kun.uz vaziyatni joyiga borib o‘rgandi.
O‘rganish davomida kuchli yog‘ingarchilik paytlarida Zuhra 1-tor va 2-tor ko‘chalari kesishmasida mahalladagi Zavqiy, Zebuniso, Tohir, Xushbaqt ko‘chalaridan yig‘ilgan suvlar to‘planib qolishi ma’lum bo‘ldi.
“Men 50 yoshga kirdim, bu muammo hali hal bo‘lganini ko‘rganim yo‘q. Hech kim qaramaydi. Yog‘ingarchilik boshlanishi bilan 10-15 daqiqa o‘tib butun mahalladagi oqova suvlar shu yerga yig‘iladi. Kanalizatsiya quvurlari dosh bermaydi, suv, axlat oqib qoladi ko‘chada”, deydi shu yerda yashovchi Tohir Bozorov.
Ko‘chalardagi ariqlar pastlikda joylashgani sababli ular oqova suvni kanalga chiqarib yubora olmaydi. Ko‘chalarda harakatlanish qiyinlashishidan tashqari kanalizatsiyaga yo‘l topgan oqova suvlar undagi chiqindilarni ham tashqariga bosim bilan chiqaradi. Natijada, chiqindi va oqova suvlar aralashib, ko‘chalarda oqadi va yakunda bir nuqtada to‘planib qoladi.

“Yozning ayni jazirama kunlarida ko‘chadan badbo‘y xid atrofga anqiyapti. Bu hid noxushligi bilan birga, odamlarning salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Uyimizdagi yerto‘lalar chirib ketganidan yopib tashladik. Nima qilishni ham bilmaymiz. O‘tgan yili prokurori va’da bergan edi hal qilishga, lekin haligacha yo‘q. Oradan bir yil o‘tdi. Ko‘chalardagi balchiqning hidiga chidab bo‘lmaydi. Boshqalar yomg‘irning hidini tuysa, biz balchiqning, kanalizatsiyaning hidini hidlaymiz”, deydi shu yerda yashovchi Umid Gulyamov.
Ta’kidlanishicha, hududda yashash qiyin bo‘lib qolgan, hatto bir necha oilalar uylarini tez-tez suv bosishi sababli ko‘chib ketgan.
“Borilmagan joy, qilinmagan hujjat qolmadi. Bu muammoni hamma: deputatlar ham, hokimlar ham biladi. Oxiri qo‘l siltab ham qo‘ydik.Odamlar ko‘chib ketyapti”, deydi Tohir Bozorov.

















