10:05 / 21.11.2017
9064

Saratov davlat agrar universiteti va TDAU o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi

Foto: Agrar universiteti

N.I.Vavilov nomidagi Saratov davlat agrar universiteti (SDAU, Rossiya)da o‘tkazilgan «Agrar menejment» Xalqaro magistrlik dasturini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Germaniyaning Vayenshtefan-Trizdorf amaliy bilimlar universitetining mega-grant loyihasi doirasidagi hamkor universitetlar rahbariyati konferensiyasida TDAU rahbar xodimlari faol ishtirok etdilar.

Mega-grant loyihasi AQSh, Germaniya, Litva va bir qator MDH davlatlarining agrar sohadagi nufuzli universitetlarini qamrab olgan. N.I.Vavilov nomidagi Saratov davlat agrar universiteti Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrar universitetlari reytingida qator yillardan buyon faxrli 1 o‘rinni egallab kelganligi sababli, mazkur universitet xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi.

Mazkur nufuzli xalqaro konferensiyada hamkor mamlakatlar o‘rtasida «Agrar menejment» xalqaro magistrlik dasturini joriy etish, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha hamkorlikda o‘qitish orqali ikki tomonlama diplom berish va buning uchun hamkor universitetlarda amaldagi o‘quv reja va dasturlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Agrar universiteti

Vayenshtefan-Trizdorf amaliy bilimlar universiteti qishloq xo‘jaligining turli sohalari, oziq-ovqat xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida 19 ta bakalavr yo‘nalishi, 13 ta maxsus ta'lim, 12 magistratura, shu jumladan 4 ta xalqaro yo‘nalishdagi ta'lim loyihalarini o‘z ichiga olgan.

Xalqaro konferensiyada o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etgan qatnashchilar tomonidan «Agrar menejment» xalqaro magistrlik dasturini joriy etish imkoniyatlari, agrar sohadagi ta'limning amaliyot bilan integratsiyasi ustuvorligi, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishning dolzarbligi, o‘quv rejasi tarkibidagi amaliy mashg‘ulotlar salmog‘ining yuqoriligini ta'minlash, ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va magistraturaga qabul jarayonida qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbariyatini keng ishtirokini ta'minlash kabi sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi takliflar bildirildi.

Foto: Agrar universiteti

Rossiya Federatsiyasi agrar universitetlari reytingida qator yillardan buyon 1 o‘rinni egallab kelayotgan Saratov davlat agrar universiteti rektori akademik N.I.Kuznetsov xalqaro miqyosda TDAU O‘zbekiston Respublikasi agrar sohasidagi tayanch oliy ta'lim muassasasi sifatida e'tirof etilishini ta'kidlab o‘tdi.

Foto: Agrar universiteti

Xalqaro konferensiya doirasida SDAU va Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik shartnomasi imzolandi va oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan talabalar almashinuvi, hamkorlikda xalqaro konferensiyalarni tashkil etish, modul tizimida professor-o‘qituvchilarni dars o‘tishlari, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik qilish, hamkorlikda o‘quv adabiyotlari, monografiya va ilmiy maqolalarni chop etish masalalari muhokama etildi.

Top