19:17 / 26.11.2017
37872

O‘zbekistonlik murabbiy rossiyalik bokschiga jahon chempioni bo‘lishda yordam berdi

Foto: AFP

O‘zbekistonlik murabbiy Abror Tursunpo‘latov rossiyalik bokschi Sergey Kovalyovga ukrainalik bokschi Vyacheslav Shabranskiy bilan jangda jahon chempioni unvonini qaytarib olishda yordam berdi.

Ikki bokschi o‘rtasidagi Butunjahon boks tashkiloti ( WBO) versiyasi bo‘yicha 79,38 kg gacha vazn toifasidagi jang Nyu-Yorkdagi “Medison Skver Garden” arenasida bo‘lib o‘tdi. Jang uzoq cho‘zilmadi: rossiyalik 2-raundning o‘zidayoq texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi. Hakam ukrainalik bokschi 3 marta nokdaun holatiga tushgandan keyin jangni to‘xtatishga qaror qilgan.  

1-raundning o‘zida Kovalyov Shabranskiyni ikki marta ringga qulatdi. 2-raundda ukrainalik musht yeyishda davom etdi. Hakam Shabranskiy yana bir nokdaunga uchragandan keyin jangni to‘xtatgan. Shu tariqa, 34 yoshli Kovalyov 31-g‘alabasini  qo‘lga kiritdi.

Bu g‘alaba rossiyalik uchun faoliyatini yakunlagan amerikalik bokschi Andre Uorddan qatorasiga uchragan ikki mag‘lubiyatdan keyin ilk g‘alaba bo‘ldi. 

Rossiyalikni jangga uning yangi murabbiyi – o‘zbekistonlik Abror Tursunpo‘latov tayyorladi. Hamyurtimiz 3 oy ichida rossiyalikning jang olib borish uslubiga ba'zi o‘zgartirishlar kiritdi va uni “ruhan” tayyorladi.

Sergey Kovalyov va Abror Tursunpo‘latov. 

Kovalyov oldida bu g‘alabadan keyin yangi istiqbollar ochildi: u bu vazn toifasida qolgan versiyalardagi chempionlar bilan jang qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Uning keyingi ehtimoliy raqiblari yangi chempionlar Artur Beterbiyev (IBF) va Dmitriy Bivol (WBA) bo‘lishi mumkin. Ularning ikkisi ham Rossiyadan. Kovalyovga keyingi raqib Beterbiyev bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Abror Tursunpo‘latov Olimpiada g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarovning murabbiyi hisoblanadi. Fazliddin uning murabbiyligi ostida Rio Olimpiadasining oltin medalini qo‘lga kiritgandi. Hozirda ikkala hamyurtimiz AQShda professional boksda faoliyat yuritmoqdalar. Tursunpo‘latov Kovalyov bilan aynan AQShda uchrashib, unga murabbiylik qilishga rozilik bergan.

Mavzuga oid
Top