23:30 / 22.12.2017
71690

«Pensionerlar rostdan ham dam olishga chiqishlari kerak...» yoxud tarmoqda nima gaplar?

Bugun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ilk bor davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Parlamentga murojaatnoma taqdim etdi. Mazkur chiqishni o‘zbek xalqi katta qiziqish bilan kuzatdi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlardan va odamlarning og‘zida yurgan Prezident nutqtidan olingan iboralardan ham bilish mumkin. Biz «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida bildirilgan ayrim mulohazalarni e'tiboringizga havola qilamiz:

Sanjar Said:

Tushga yaqin ko‘zim ilinib, bir soatcha uxlab qolibman. Uyg‘onsam, hamma yoqni yangilik bosib ketibdi. Prezident parlament bahona xalqqa bevosita murojaat qilayotgan ekan. O‘zimni zamondan orqada qolgan, yangiliklar, o‘zgarishlardan bexabar odamdek his qildim.

Juda hayajonli daqiqalar. Prezident ko‘nglimizdagi, tilimizdagi gaplarni aytayaptiki, go‘yoki qandaydir yashirin profil bilan biz mansub bo‘lgan virtual olamni doim kuzatib, muhokamalarimizda ishtirok etayotgandek, biz bilan yonma-yon, hamfikrdek.

Ko‘nglimizda shuncha o‘zgarishlar amalda bo‘larmikan, degan shubha bo‘lishiga qaramasdan, umid va ishonch ham tirik. Hatto Koreyaga ketish-ketmaslikka ham ikkilanib qoldim. Hozir chet elda yurganlarda bir-ikki yilda O‘zbekistonni taniy olmaydigan darajada rivojlanib ketsa-ya, degan o‘ynoqi xayol ham yo‘q emas. Oyliklarimiz ming-ikki ming dollarga chiqib, uy-joy, mashina, to‘y tashvishlaridan sal uzoqlashib, xotirjamlik, keng fe'llik bilan fikr yuritadigan, voqea-hodisalarga bosiqlik, vazminlik, salobat bilan munosabatda bo‘ladigan vaqtlar yaqindek ko‘rinayapti.

Jamoliddin Qalandarov:

Bunaqa kuyinishni, vatanparvarlik hech bir rahbarda ko‘rmaganman. Bugungi nutqi orqali davlat rahbarini o‘zim uchun yangidan kashf etdim.

Xushnudbek Xudayberdiyev:

Tarixda nutqlar ko‘p bo‘lgan. Lekin ular doim ham eslanavermaydi. Chunki ko‘plab nutqlar amalda hech qanday o‘zgarish olib kelmaydi.

Biroq shunday nutqlar bo‘ladiki, uning ijobatini kutish shartmas, o‘sha nutqning o‘zi amal sifatida qabul qilinadi, katta siyosiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, tarixda qoladi.

Masalan, 1963 yil 28 avgustdagi Martin Lyuter King ijrosidagi «I have a dream» («Mening orzum bor») nutqi tarixdagi eng zo‘r nutqlardan biri sanaladi.

1946 yil 5 martdagi Uinston Cherchilning Fulton nutqi («Sinews of Peace») «sovuq urush»ning signali sifatida tarixga kirgan ushbu nutqda ilk marta «temir parda» atamasi ishlatilgan edi.

Yoki ko‘pchiligimiz ko‘rgan «Qirol nutqi» («Korol govorit») badiiy filmi uchun asos bo‘lgan Buyuk Britaniya qiroli Georg VI ning nutqi ham o‘z ahamiyati jihatdan yuksak baholanadi.

Bugungi nutqning ko‘lami yuqorida eslangan nutqlar kabi butun dunyoga ta'sir qiladigan darajada o‘zgarishlarga olib kelmas, biroq O‘zbekiston miqyosida davlat rivojini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shadi. Bu nutq xalqqa ertangi kunga ishonch beradi, dillarda umid uyg‘otadi, mudroq qalblarni uyg‘otadi, so‘niq ko‘zlarga uchqun beradi.

Yana bir jihati bugungi nutqni xalqaro maydonga sira ta'siri yo‘q, deyish ham adolatdan emas. Axir jahon hamjamiyati uchun yangi bir jozibador investitsion hudud paydo bo‘lyapti, dunyo sahniga rivojlangan yangi davlatning shiddat bilan kirib kelishi uchun «chaqiriq» baralla yangrayapti.

Nega men bunchalik ehtirosga berilib gapiryapman? Sababi bugungi nutqda deyarli barcha sohalar bo‘yicha aniq, puxta ishlab chiqilgan dastur taqdim etildi. Ortiqcha raqamlarsiz, statistikasiz, balandparvoz va osmondan olingan quruq gaplarsiz xalq tilida xalqning muammolari, dardi sanab o‘tildi.

Shaxsan men uchun, ya'ni o‘z ovoziga ega oddiy bir saylovchi sifatida bugun Shavkat Miromonovich Mirziyoyev yana bir marta Prezidentlikka saylandi, desam ko‘nglimdagini aytgan bo‘laman.

Ulug‘bek O‘rinboyevich:

Asosiysi — oddiy xalq ham, ya'ni siyosatdan yiroq odamlar ham tushunadigan aniq va puxta nutq bo‘ldi. Bu nutqdan o‘zbek xalqining har bir jabhasi, sohasi vakillari xursand bo‘ldi! E, hatto uzog‘imizni yaqin qiluvchi taksichilarimizga e'tibor qaratilganiga faqat va faqat qoyil qolish kerak! Qaysi soha qoldi gapirilmagan? Hech qaysi!

Husniddin Berdiyev:

«Nihol mukofoti olgan odamdan ko‘ra, kitob o‘qigan odam ko‘proq hurmatga loyiq». Bo‘larkan-ku?!

Muslim Mirzajonov:

— Xotin, bo‘pti, men birrovga Toshkonga borib kelay!
— Hay, dadasi, pasportingizni oldingizmi? Yana, Namanganni postidan qaytib kelmang!
— Ha, qo‘yaver! Pasportni endi diplomni yoniga tashab qo‘y, bir changi chiqsin!

Bahriddin Asror:

Agar YPX xodimi siz bilan kamerasiz suhbatlashsa, protokoli o‘tmaydigan tizim yo‘lga qo‘yilarkan — Prezidentning hozirgi nutqlaridan.

Zilola Xo‘janiyozova:

Bebaho nutq bo‘ldi, hayajon bilan tingladik! Yangiliklar, yaxshiliklar bardavom bo‘lsin, ilohim! Yangi yil, Yurtboshimiz ta'kidlagan islohotlar ijobati bilan fayzli bo‘lsin!

Dima Qayum:

Postlarni buzib tashlasa, chiqqan materiallarini menga berishsa, yaxshilab qayta ishlab, pechka yasab sotardim.

Shermuhammad Akbarov‎:

E'tibor berdinglarmi?

Videoselektorda, keksa yoshdagilar va muddati tugayotgan bir ikki yoshi katta deputatlar xo‘mrayib o‘tirishdi.

Xuddiki, bu muammolarning endi ularga qizig‘i yo‘qday.

Xuddiki, bu muammolarda ularning aybi yo‘qday.

Xuddiki, bu muammolarni boshqalar hal etishi kerakday.

Hamma pensiya yoshidagilar, o‘zbek futbolchilariday lanj o‘tirishdi.

Pensionerlar rostdan ham dam olishga chiqishlari kerak.

Sardor Salim:

«Prezidentimiz nutqlarini katta hayajon va quvonch bilan eshitib...» Tez kunda barcha TV kanal va gazeta sahifalarida. TVni bu yil boshqa yoqmasangiz ham bo‘ladi.

Farhod Abdurahmon:

Shu nutqda maddohlik haqida ham gapirib ketilganda, balki OAV ham ortiqcha balandparvoz va maqtovlarni kamaytirgan bo‘larmidilar.

Nurulloh Muhammad Raufxon:

Jumadan qaytsam, ayasi televizor qarshisida yig‘lab o‘tiribdi!

— Dadasi, og‘ir kunlarimiz orqada qoldi, shekilli. Ko‘nglim sezib turibdi: siz orzu qilgan kunlar kelyapti! Ko‘ring, eshiting siz ham, — deydi.

Ko‘rdim. Eshitdim. «Allohu akbar!» dedim.

Ibrohim Po‘latov:

Mustaqil bo‘lganimizdan buyon bunday yig‘in bo‘lmagan. Prezidentning ham dardu armonlari bor ekan, bu Xalqniki hamdir.

Doniyor Ro‘zmetov:

Prezident gapirsa, ko‘zlar ochiladi!

O‘sha kuni «Vodiy bilan Toshkent o‘rtasidagi post» haqida yozganimizda, muammolar mavjudligini aytganimizda, ayrimlar xuddi «vatan xoini»ga chiqarib qo‘yayozgandi. «O‘sha yerdagi qo‘pol muomala qiladiganlar xavfsizligimizni saqlayaptilar, rahmat degin», degan ma'noda og‘zimizga urgan edilar.

Bugun bu muammoning mavjudligini prezidentimiz aytgach, u haqiqatdan ham mavjud bo‘lib qoldi. Bizning og‘zimizga urganlarning endigi fikrlari menga qiziq bo‘lyapti.

Bir paytlar notariuslar haqidagi maqolasi uchun Jamshid Niyozovga qancha ozor berganlari yodimda. Endi buniyam prezident aytgach, muammoning mavjud ekanligini hamma ko‘rib qoldi.

Hozirda Toshkentdagi propiska muammosi, viloyatliklarga muomala va munosabat muammosini xam ko‘pchilik ko‘rmayapti. Ajabmas, bir kun kelib prezident bu muammo haqida ham gapirsa va ayrim amaldorlarning ko‘zlari ochilib, bu muammoni ham ko‘ra boshlasalar!

Ilgari «Podshoning qadami yetgan joylar obod bo‘lib ketadi», deb aytganlarini eshitganman. Endilikda ko‘pchiligimiz prezident gapirsa, ko‘zlar ochilib, ko‘rinmagan muammolar ko‘rinib ketayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Prezidentimizning boshlari omon bo‘lsin. Yurtimiz ravnaqi va xalqimizning farovonligi uchun o‘z oldiga qo‘ygan ezgu niyatlari ro‘yobga aylanaversin!

Top