17:50 / 11.01.2018
21738

Qayta tiklangan davlat raqami belgisi necha kunda berilishi kerak?

Foto: KUN.UZ

Adliya vazirligi tomonidan avtomototransport vositalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi «Huquqiy axborot» kanalida xabar berilgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat raqami belgilarini qisqa muddatlarda qayta tiklash zarurati paydo bo‘lganda jismoniy va yuridik shaxslar Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat etishlari mumkin.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

avtomototransport vositasi egasi yoki uning vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
tegishli to‘lovni tasdiqlovchi hujjat;
transport vositasining ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi qayd etish guvohnomasining nusxasi.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar uch ish kuni ichida o‘rganiladi, transport vositasi ko‘rikdan o‘tkaziladi. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda shu kunning o‘zida Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yaroqsiz yoki shikastlangan davlat raqami belgilarini qabul qiladi. 

Bunda ilgari foydalanishda bo‘lgan davlat raqami belgilari vaqtincha foydalanishga beriladi. 

Qayta tiklangan davlat raqami belgilari besh ish kuni ichida Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan topshiriladi.

Hujjatning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.

Mavzuga oid
Top